O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Isrofgarlardan bo‘lmaylik!

 
 

Islom bag‘rikenglik va mo‘tadil din sifatida kelib, insonni taraqqiyoti va rivoji uchun bir qancha ishlarni unga taklif etdi. Bu qonun va qoidalar uning hayotda baxtli va o‘z o‘rniga ega bo‘lishi va oxiratda mukofotli manzillarda bo‘lishida katta ahamiyatga egadir. Mana shu ishlardan biri, Islomning, insonni hayotning barcha sohalarida isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirig‘idir. Isrof so‘zining lug‘aviy ma’nosi, chegaradan chiqish, bir narsani qasddan unutish, degan ma’nolarni anglatadi. Odamlar ishlatadigan tushunchasida esa, infoq, taomlanish, kiyim va boshqa narsalarda belgilangan miqdoridan haddan oshishdir.

Isrofga yo‘l qo‘ymaslik, yo‘l qo‘yuvchilar qanday insonlar ekani va ularning jazosi haqida Qur’oni karimda shunday deyilgan:

Qarindoshlarga haqqini ber! Miskinga va yo‘qsil yo‘lovchiga ham. Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yma!” (Isro surasi, 26-oyat).

Alloh taolo boy-badavlat kishilarga yaqinlariga, miskinlarga, ko‘chada qolganlarga mol mulkdan ishlatishga buyurish bilan bir qatorda, isrofga mutlaqo yo‘l qo‘ymasliika chaqirmoqda.

Albatta, isrofchilar shaytonning birodarlaridir. Shayton esa Rabbiga o‘ta noshukr bo‘lgandir” (Isro surasi, 27-oyat).

Demak, isrofchilar, noshukr bo‘lganlari uchun o‘zlariga berilgan ne’matni botilga, nohaqqa, harom-xarijga, ma’siyat va yomonlikka sarflaydilar. Ular bu borada shaytonga birodar bo‘lar ekanlar. Shaytonga birodar bo‘lagan isrofchilarning boshlariga ham o‘z birodarlari bo‘lmish shaytoni la’inning boshiga tushgan baloyu ofat tushishi turgan gap.

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam muborak hadislaridan birida atrofidagilarga: “Isrof qilmagan holingizda yenglar, ichinglar, kiyininglar, chunki Alloh O‘z ne’matlarini bandalarida ko‘rishni xohlaydi” (Imom Ahmad rivoyati), - deganlar.

Bu kabi oyati karima va hadisi shariflarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Aslida diyonatli kishi uchun birgina oyatning o‘zi kifoya bo‘lishi kerak. Alloh taolo bandasiga hech ham yomonlikni ravo ko‘rmaydi. U rizq beruvchi, rahimli va mehribon Zot. Isrofdan qaytardimi, demak bunda banda uchun yaxshilik yo‘q. Berilgan ne’matlarning doimiyligi, unga nisbatan bo‘lgan shukronaga bog‘liq ekanligi ham oyati karimada qayd etilgan.

Kunduz kuni o‘chirilmay turgan elektr chirog‘i, jumrakdan oqib turgan suv hatto u tahorat uchun me’yordan ortiq iste’mol qilinsa ham, taomxo‘rlikdagi, libos va foydasiz narsalarga qilingan isroflarning badali albatta bo‘ladi.

Ayniqsa, keyingi vaqtlarda marosimlardagi isroflar avjiga chiqqani hech kimga sir emas. O‘sha marosimlarning turi ko‘payib ketdi. Marosimlar ichidagi odatlar ko‘payib ketdi. Ulardagi asosiy isrof harom narsalarga, o‘zgalarga taqlid qilish uchun ketadigan xarajatlarni tashkil etmoqda.

Yaxshi hamki bu kabi illatlarni oldini olish uchun o‘z vaqtida chora tadbirlar ko‘rilmoqdaki, Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish bo‘yicha yangi qaror qabul qilinadigan bo‘ldi. Shu yo‘nalishda oilaviy tadbirlarni tartibga solish jamiyat uchun ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligi bois, aholi tomonidan bildirilgan taklif va fikrlarni inobatga olib, mazkur masalani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni mukammal ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Ushbu qaror bilan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.

Isrof yakka shaxslar uchun ham, oilalar uchun ham, jamiyatlar uchun ham o‘ta zararli ekanligi ma’lum. Uning zarari bu dunyo bilan cheklanib qolmay, oxiratga ham o‘tishi ham ma’lum. Endi isrofgarchilikka qarshi kurashishimiz lozim. Yakka holda, oila davrasida va jamiyat bilan birga isrofga qarshi kurashish burchimiz ekanini anglab yetishimiz va unga amal qilishimiz kerak.


Kiritilgan vaqti: 20/04/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2666
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/isrofgarlardan-bolmaylik
Chop etilgan vaqti: 11/12/2024 23:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing