Isrof baraka zavoli
Barchamiz har yili keladigan Ramazon oyini katta quvonch va xursandchilik bilan, qalbimiz sururga to‘lib qarshi olamiz. Sababi muhim ibodatlardan biri bo‘lgan ro‘zani shu oyda tutishni Alloh farz qildi! Barchamiz iymonan savob va jannat umidida, Allohni rizosi-mag‘firatiga sazovor bo‘lish uchun Ramazon ro‘zasini tutishlikka harakat qilamiz.
Muborak Ramazonning fazilati bitta ro‘za bilan tugamaydi, balki yilning boshqa oylaridan ko‘p fazilatlari bilan ajralib turadi. Muborak Ramazon oyining yilning boshqa oylaridan ajralib turadigan fazilatlaridan biri osmon eshiklarining ochilishi, do‘zax eshiklarining yopilishi va shaytonning zanjirband qilinishidir. Payg‘ambarimiz dedilar:
عَن أَبَي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم. "إِذَا دَخَلَ شَهْرُ رَمَضَانَ فُتِّحَتْ أَبْوَابُ السَّمَاءِ وَغُلِّقَتْ أَبْوَابُ جَهَنَّمَ وَسُلْسِلَتْ الشَّيَاطِين "
رواه البخاري
“Agar Ramazon oyi kirsa osmon eshiklari ochiladi va jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi”.
Ya’ni osmon eshiklari ochilishidan murod mo‘minning tavbasi, istig‘fori, duolari uchun eshiklarni ochilishidir. Osmon eshiklari ochilganda Allohning rahmati yog‘iladi va bandaning qalbiga tushishi natijasida qalb yayraydi, qalb yayragandan so‘ng banda ro‘za tutadi, savobga intiladi, ibodat qiladi, xayrli ishlarni ko‘paytiradi. Jahannam eshiklari yopilishi: Allohning rahmati qalbga tushganda banda gunohdan qochadi ya’ni duzaxga olib boradigan gunohlardan tiyiladi, natijada u uchun do‘zax eshigi yopiqdir. Allohning rahmati qalbga tushganda qalbdagi e’tiqod musaffolashadi, mustahkamlashadi. Mustahkam e’tiqodli kishilar vasvasaga uchramaydi, yo‘ldan ozmaydi natijada shayton kishanlangan hisoblanadi.
Ramazon oyida ezgu ishlarimiz ko‘payadi. Ezgu ishlarimiz ko‘payganda xayrli ishlarni qilishga malaka, odat hosil bo‘ladi, natijada ko‘p illatlarga davo topamiz.
Sungi paytlarda ma’naviyatimizga ham moddiyotimizga ham o‘zining zararli ta’sirini o‘tkazayotgan illatlardan biri isrofdir.
Isrof so‘zi arab lug‘atida “chegaradan chiqish” va “bir narsani qasdan unutish” degan ma’noni anglatadi.
Ulamolarimiz aytadi: Inson qiladigan har bir ishda chegaradan chiqishi isrofdir.
Qur’oni karim va arab tilida isrof so‘zini egizagi “tabzir “ so‘zi ham bo‘lib, urug‘ni sochish ma’nosida ham keladi, ya’ni molni oldi – ortiga qaramasdan sochish tushuniladi.
Alloh Ta’olo aytadi:
كُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِ و
“Yenglar va ichinglar va isrof qilmanglar”.
Ko‘pincha ortib qolgan ovqatlarni tashlab yuborishni isrof deb tushunamiz, ammo qorin tuygandan keyin ortiqcha toam yeyishni ham isrof ekanligini bilamizmi ? Ortiqcha yeb qorin bandasi bo‘lish ham insoniyatga xos emas. Hozirgi davrning ko‘pgina kasalliklariga mana shu isrofgarchilik sabab bo‘lmoqda.
Ahli kitoblardan bo‘lgan bir kishi sizlarning Qur’oningizning ushbu yarimta oyatiga butun tib ilmi joylashtirilgan ekan deb mazkur oyatni o‘qigan ekan. Afsuski bu haqiqatni tushunib yetmaymiz. Islom har sohada mu’tadil yo‘lni tutganidek, oziq-ovqat va kiyim-kechak masalasida ham mu’tadil bo‘lishga buyuradi.
Alloh Taolo aytdi:
إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُوا إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ ۖ وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ كَفُورًا
“Albatta isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir, Shayton esa Robbisiga o‘ta noshukr bo‘lgandir”.
Isrofgarlar ne’matni qadriga yetmaydilar, unga shukr etmaydilar. Agar shukr etganlarida hech bir ne’matni isrof qilmagan va noo‘rin, nohaqqa, harom-harishga sarflamagan bo‘la edilar. Ular bu borada shaytonga birodardirlar. Shayton esa o‘ta noshukrligi bilan dong‘i ketgan. Shaytonga birodar bo‘lganni boshiga ham shaytonni boshiga tushgan baloyu ofatlar tushishi turgan gap.
Hozirgi vaqtda marosimlarning turi ko‘payib isrof degan narsa urchib ketdi. Vafot etgan marhumlarni yod etish, dasturxon yozib, savobini o‘tganlarga yetkazish ma’nosida qilinadigan marosimlar va tuy marosimlari, turli katta-kichik ziyofatlarda bu holatlarni ko‘p kuzatayapmiz. Shu kunlarda xalqimizni sahovati yanada oshib iftorliklar qilinyapti, ushbu iftorliklar ham o‘z o‘rnida qilinsa Yaratganni dargohida qabuldir. Noo‘rin, dabdababozlik qilinib kafe, restaranlar,tuyxonalarda qilinishi ham isrofdir. Xonadonlarda ham ortiqcha toamlarni qilish isrofdir. Uni o‘rniga dasturxonlarni me’yorlashtirib odam sonini kamaytirib ortiqchasini kam ta’minlanganlar, beva-bechoralarga berilsa ehsonlarida isrof bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz tahorat olayotgan Sa’dni yonidan o‘tayotib bu qanday isrofgarchilik ey Sa’d dedilar. Ey Rasululloh tahoratda ham isrof bo‘ladimi dedi. Payg‘ambarimiz ha hatto oqib turgan daryoda bo‘lsang ham dedilar.
Tahorat bu poklik, Alloh farz qilgan ibodatdir. Shunda isrof mumkin emas ekan, ibodat bo‘lmagan boshqa narsalarda albatta mumkin emasdir.
Ota-onalar farzandlariga yaxshi axloqni o‘rgatsin uni yomon odatlardan, ne’matlar isrofi va noshukrliklarni gunohligini o‘rgatib, bu masalada o‘zlari o‘rnak bo‘lsinlar.
Kiritilgan vaqti: 24/05/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2206
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 14:13