ISLOMDA YOYOL NIMA UCHUN QADRLANADI?!
Dunyo tarixida biror bir jamiyat yoki tuzim, ayol zotini Islom ardoqlaganchalik qadrlamagan va unga ehtirom ko‘rsatmagan. Musulmon bo‘lmagan kishilar hayotiga nazar solsak, ularda ayol zotiga nisbatan asosan ikki xil qarash shakllanganini ko‘rishimiz mumkin. Ulardan biri salbiy, ya’ni ayolning yomonliklar boisi sifatidagi qarash va ikkinchisi — ayolning go‘zal xilqat ekani haqidagi talqini.
Ayollarga nisbatan salbiy qarashlar johiliyatdagi arablar davrida or-nomus masalasida aks etgan bo‘lsa, yaxudiy va nasarolar orasida esa Iblisning yordamchilari sifatida aks etgan[1].
Shu bilan bir qatorda mazkur xalqlar orasida ayolga nisbatan ijobiy qarashda bo‘lgan kishilar ham bo‘lgan. Ammo, bu ijobiy qarash, o‘sha ayolning xusn-jamolinigina aks ettirgan.
Zamonlar o‘tishi bilan barcha xalqlar orasida ayollarga nisbatan ijobiy tushunchalar, salbiylari o‘rnini egallab bordi. Ammo bilishimiz lozim bo‘lgani shuki, ayolni faqatgina go‘zalligi uchun qadrlashlik, tom ma’noda ayollarga nisbatan qadr emas, balki qadrini pastga urishdir.
Hozirda ayol zotini faqatgina go‘zalligi uchungina qadrlanadigan Ovrupa va Okean orti diyorlarida, ayollar o‘zlarini go‘zal ko‘rsatish borasida musobaqa boshlaganlar. Chunki u yerdagi ayollar dunyoqarashida, ayolning go‘zalligi uning eng katta boyligi sanaladi.
Bas, ana shu boyliklarini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida, yarim yalang‘och kiyimlarda ochiq tanalarini ko‘z-ko‘z qilib, o‘zlarini xar kuni turli holatga solmoqdalar.
Oldinlari yuzlariga oddiy bo‘yoq chaplab yurganlar, endilikda o‘sha bo‘yoqni nina orqali terilariga joylashtirmoqdalar. Tibbiyot mutaxassislari, bu kabi soxta go‘zallik ularning sog‘liklariga qimmatga tushishini ta’kidlasalar ham, ular bundan voz kechmayapdilar.
Chunki ular, shu birgina boylik-go‘zallikni yo‘qotib qo‘yishdan qattiq qo‘rqadilar, zero bu, ular uchun halokatdir. Voqe’likdagi holatlardan kelib chiqib xulosa qiladigan bo‘lsak, aksar go‘zal xonimlarning axloqlarida xudbinlik va badxulqlikni ko‘rishimiz mumkin.
Endi Islomda bu masalaga qanday yondashilgan? Axir barcha ayollar ham yaratilish jihatidan ko‘rkam bo‘lib dunyoga kelmaydilar-ku. Yoki bo‘lmasa, barcha ayollar ham o‘zlarini parvarishlash yoxud chiroyli liboslar sotib olishga imkoniyatli bo‘lmaydilar-ku?! Shu mavzuni, dinimiz ko‘rsatmalariga binoan yoritib berishni maqsad qildik.
Islomda avvalambor ayol — insoniyat silsilasini davom ettiruvchi mo‘tabar zot, ona sifatida qadrlanadi. Qolaversa, erkak uchun umr yo‘ldosh, taskin va osoyishtalik timsolidir. Qur’oni karimda bu xususda shunday deyiladi:
وَمِنْ آَيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً
إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
ya’ni, “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir.” (Rum surasi, 21-oyat)
Dunyo xalqlari orasida ayolga nisbatan nomunosib qarashlar avj olgan vaqtda, Islom bundan o‘n besh asr muqaddam ayolning sharafi, iffati va haq-huquqlarini ta’minlab bergandi. Insoniyatning so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhissalom, ayol nomini ulug‘lash, uning sha’nini ko‘tarish, haq-huquqlarini belgilab berishda faqat islom ummatiga emas, butun kishilik jamiyatiga ibrat bo‘ldilar.
O‘z o‘rnida musulmonlar ham ayolga bo‘lgan munosabat qanday bo‘lishini butun dunyoga isbotlab qo‘yishdi. Aynan mana shu tamoil, butun dunyo xalqlari ongida ayolga nisbatan hurmat va ehtirom kurtaklari yoyilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.
Chunki tarixga nazar solsak, ayollarga nisbatan shafqat va tenghuquqlilik masalasida biror bir millat, musulmonlardan peshqadam bo‘lganiga guvoh bo‘lmaymiz.
Islomda erkaklarga o‘z ayollariga nisbatan yaxshi muomalada bo‘lish, ularni xorlamaslik, ilm olishiga va dinini o‘rganishiga sharoit yaratib berish, taom, kiyim, boshpana va ro‘zg‘or ashyolari bilan ta’minlash, nikohda mahrini berish kabi ko‘plab majburiyatlar yuklangan.
Dinimiz hatto urush paytida ham ayollar va bolalarni o‘ldirishni man etgan. Qur’oni Karimda ayol haqida ko‘p oyatlar nozil qilingan. Hatto butun boshli bir sura “Niso” deb nomlanadi va ularda ayollarga tegishli masalalar batafsil aytilgan.
Islom ta’limoti ayolni ulug‘labgina qolmadi, balki erkakka bergan barcha huquq va majburiyatlarni ayolga ham berdi. Komil inson bo‘lishning asosiy omili ilm olishni, erkak va ayollarga barobar farz qildi. Erkaklar moliyaviy muomalalarda qanday huquqlarga ega bo‘lishsa, ayollar ham xuddi shunday huquqlarga ega bo‘ldilar.
Dinimiz ta’limotlariga rioya qilgan holda joni, sog‘lig‘i, aqlini saqlash va rivojlantirish, aqliy va jismoniy islohoti bilan bog‘liq bo‘lgan hamma ishda ayol erkak bilan barobar huquqqa ega.[2]
Qur’oni karimda yaxshilik ishlarni amalga oshirishda erkak va ayol barobar ekani ta’kidlanadi, jumladan “Niso” surasida Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
وَمَنْ يَعْمَلْ مِنَ الصَّالِحَاتِ مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَأُولَئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ
وَلَا يُظْلَمُونَ نَقِيرًا
ya’ni: “Kim – u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol – mo‘minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmo danagining ipicha ham zulm qilinmagay” (Niso surasi, 124-oyat).
Bizga ma’lumki Qur’oni Karim, qiyomat kunigacha barcha musulmonlarning dasturi amali hisoblanadi. Unda erkaklar bilan bir qatorda ayollarning tengma-teng zikr qilinishi, ularning darajalari erkaklardan kam emasligini isbotidir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
إِنَّ الْمُسْلِمِينَ وَالْمُسْلِمَاتِ وَالْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَالْقَانِتِينَ وَالْقَانِتَاتِ وَالصَّادِقِينَ وَالصَّادِقَاتِ وَالصَّابِرِينَ وَالصَّابِرَاتِ وَالْخَاشِعِينَ وَالْخَاشِعَاتِ وَالْمُتَصَدِّقِينَ وَالْمُتَصَدِّقَاتِ وَالصَّائِمِينَ وَالصَّائِمَاتِ وَالْحَافِظِينَ فُرُوجَهُمْ وَالْحَافِظَاتِ وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا
ya’ni: “Albatta, muslim va muslimalar, mo‘min va mo‘minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo‘y erkaklar va rostgo‘y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozeli (kamtar) erkaklar va tavozeli ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro‘za tutuvchi erkaklar va ro‘za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir”. (Ahzob surasi, 35-oyat).
Dinimiz ayollarni mo‘tabar inson sifatida qadr-qiymatlarini nihoyat darajada yuqori baholaydi. Dinimiz ta’limotlarida ona, opa-singil va qiz farzandlarni ardoqlash, ularga ehtirom ko‘rsatish borasida ko‘plab tavsiyalar mavjud.
E’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu ma’lumotlarda ayolning tashqi go‘zalligi emas, balki ayolning, ayol zoti bo‘lganligi uchun ehtirom qilish birinchi masala sanaladi. Bas shunday ekan, Islomda ayol zoti boshqa xalqlardan farqli o‘laroq, doimo ardoqlangan va ularga Alloh taoloning nozik xilqati sifatida shafqat nazari bilan qaralgan.
Biz bu so‘zimiz bilan, “boshqa xalqlarda ayollarga ehtirom ko‘rsatilmayapdi” - degan fikrdan yiroqmiz. Hozirda, boshqa xalqlarda ham, tarixdagidan farqli o‘laroq, ayollarga yaxshi munosabatda bo‘linmoqda. Ammo masalaning bir nozik jihati borki, uni zikr qilmasak, bular orasidagi farqni tushunish qiyinroq bo‘ladi.
Ovrupa va Okean orti mamlakatlarida ayollarga nisbatan ehtirom madaniyat sifatida talqin etiladi. Musulmonlar orasida esa bunga, ilohiy ta’limot sifatida qaraladi. Chunki aksar musulmonlar, jannat onalar oyog‘i ostida ekanini[3] yoki Rasululloh sallollohu alayhi vasallam insonlar ichida oilasiga eng yaxshi turmush o‘rtoq bo‘lganlarini[4] yoxud Qur’onda ham Alloh taolo o‘g‘il farzanddan oldin qiz farzandni zikr qilganini bilishadi[5].
Endi tahlil qilib ko‘raylik, bizni oldimizda ikkita ish turibdi. Ulardan biri bizning nazdimizda “madaniyatli kishilarga xos, yaxshi” sanalgan ish bo‘lsa, ikkinchisi nazdimizdagi “madaniyatli kishilarga xos, yaxshi va ajrga ega qiladigan ibodat” amalidir.
Javob ma’lum. Albatta inson ulardan fazilatli sifatga ega bo‘lganini tanlaydi. Bas shu omillar sabab, musulmon xalqlarda boshqalarga nisbatan ayollarga ehtirom yuqori va davomlidir.
Shu bilan bir qatorda ayollar borasida ularning o‘zlariga xos masuliyatlari ham belgilab qo‘yilganki, bu mas’uliyat ularning jamiyatdagi eng oliyjanob ayol bo‘lishlari va ularda yomon xulqlarni shakllanmasligiga xizmat qiladi.
Alloh taolo barcha ayollarimizni o‘zining himoyasida saqlasin va ularni O‘zining hidoyatidan adashtirmasin!
Adabiyotlar ro‘yxati:
1. Abu Toyib Muhamad Siddiqxon ibn Hasan ibn Ali ibn Lutfulloh Husayniy al Buxoriy. “Husnul usvat bima sabata minalloh va rosulihi fin nisvat” kitobi. “Risola” nashriyoti. Bayrut. 1981 yil.
2. Ali ibn Hisomiddin al Muttaqiy al Hindiy. “Kanzul ummal” kitobi. “Risola” nashriyoti. Bayrut. 1989 yil.
3. Shayx Muhamad Sodiq Muhamad Yusuf. “Tafsir hilol” kitob. “Sharq” nashriyoti. 2014 yil.
“Muslim.uz” sayti.
[1] Tarixiy manbalarga ko‘ra arab oilalarida qiz farzand tug‘ilsa, ularni tiriklayin yerga ko‘mish odati mavjud edi. Bu haqda Qur’on Karimda ham ma’lumot berilgan. Chunki, u jamiyatda ayollarning qadri toptalganligi bois, bu masala ularda or-nomus masalasi edi. Yaxudiy va nasarolarda esa, ayollarga nisbatan salbiy qarashlar keng tarqalgani ma’lum va mashhurdir.
[2] “Muslim.uz” sayti.
[3]Rasululloh (sav) dedilar: “...Ularning (ota-onangni) xizmatlarida qoim bo‘l. Albatta jannat ularning oyoqlari ostidadir”. (Tabaroniy rivoyati). Manba: Abu Toyib Muhamad Siddiqxon ibn Hasan ibn Ali ibn Lutfulloh Husayniy al Buxoriy. “Husnulusvat bima sabata minalloh va rosulihi fin nisvat” “Risola” nashriyoti. Bayrut. 1981 yil.
[4]Rasululloh (sav) dedilar: “Sizlarning ichingizdagi eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganidir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan ko‘ra yaxshiroq munosabatdaman. Ayollarni oliyjanob kishilar ikrom qiladi va ularni pastkash kimsalargina xorlaydi”. (Ibn Asokir rivoyati) Manba: Ali ibn Hisomiddin al Muttaqiy al Hindiy. “Kanzul ummal” kitobi. “Risola” nashriyoti. Bayrut. 1989 yil.B-457.