O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Islom va sport

 
 

Bugungi kunda kishi, xususan yoshlar sport bilan uzviy shug‘ullanib yurmoqliklari lozim. Xalqimiz orasida bir gap bor “sog‘lom tanda-sog‘ aql”. Shuningdek, talabalar ham sport bilan shug‘ullansalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki talabalar ko‘p kitob o‘qishlari sababli toliqishni his qiladilar. Bu esa kamharakatlikdandir. Zero, har-birimiz spor bilan shug‘ullansak sunnatga ham muvofiq ish qilgan bo‘lamiz.

Darhaqiqat, Islom dini nafaqat sport bilan shug‘ullanishga ruxsat bergan, balki unga qiziqtirgan ham. Islom dini musulmonlarni otda chopish, kamondan o‘q uzish va suvda suzish kabi sport turlari bilan shug‘ullanishga targ‘ib qilgan. Ma’lumki, ko‘p kasalliklarni oldini olish uchun odamlar sport bilan shug‘ullanib kelmoqdalar. Yurtimizda ham sportga katta e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga Islom shariatida ham bunga katta e’tibor berilgan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadislari bor. Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng meni jismim og‘irlashganida yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va “haligi bilan biru bir”, dedilar» (Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilishgan). Qarang, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollari Oisha onamiz roziyallohu anho bilan yugurish musobaqasi o‘tkazgan ekanlar. Bu yugurish musobaqasi paytida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlari ellik uchdan o‘tgan edi. Keyingi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizdan o‘zib ketgan yugurish musobaqada esa u zotning yoshlari bundan ham katta bo‘lgan. Bu, oilaviy ravishda badantarbiya bilan shug‘ullanishdir. Afsuski, ko‘pgina musulmonlar bunga o‘xshash narsalardan bexabarlar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yosh avlodning sog‘lom bo‘lib o‘sishini ta’minlash borasida farzandlarini badantarbiya bilan shug‘ullantirishga ota-onalarni targ‘ib qilganlar. U zot: «Farzandlaringizga suzishni, otishni va ot minishni ta’lim beringlar», deganlar. Yana boshqa bir hadisi sharifda esa: «Yozishni, suzishni va otishni ta’lim berish farzandning ota-onadagi haqqidandir», deyilgan. O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, Islom o‘zining butun borlig‘i bilan harakat dinidir. Unda harakatsiz hech narsa bo‘lmaydi. Bir vaqt namoz o‘qish uchun inson qanchalar harakat qiladi. Saharda uyqusidan turib, tahorat qilib, namoz o‘qish joyiga borib ikki rakat namoz o‘qigunicha insonning har bir bo‘g‘ini harakatga tushadi. Ro‘za ham shunga o‘xshash: saharlikka turiladi, harakat qilinadi, xuftonga qo‘shib yigirma rakat taroveh namozi o‘qiladi. Haj va umra ham asosan qattiq jahd va harakatlardan iborat ibodatlardir. Bularning hammasi sog‘liq uchun foydali ekanini hozirgi paytda musulmon bo‘lmagan insonlar ham yaxshi biladigan holga kelishdi.

Biz musulmonlar esa sportdan uzoqlashib ketmoqdamiz. Loaqal nafl namozlarni ko‘paytirsak ham tanamizga anchagina harakat qo‘shgan bo‘lamiz, shu bilan birga ulkan ajrlarga ega bo‘lamiz. Shu vaqtdan boshlab hammamiz bir-birimizni harakatchanlikka chaqirmoqligimiz darkor. Zero, musulmonlar aslida kim ekanligini boshqalarga har sohada ko‘rsatib qo‘ymoqligimiz lozim.


Kiritilgan vaqti: 10/03/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 4825
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/islom-va-sport
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 07:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing