O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Islom – insonparvarlik va ezgulik dinidir.

 
 

Buyuk qudrat sohibi Alloh taologa hamdu-sanolar bo‘lsinki, avvalo Kurrai zaminni yaratib, bu zaminni obod etish va farovon qilish maqsadi bilan goho-goho o‘zining Payg‘ambarlarini yubordi va Payg‘ambarlarga o‘zining amri bilan Dinlarini tayin qildi. Shu asnoda O‘zining buyukligi, birligi, borligi, haqligini anglatishni maqsad qilib, insonlarning insoniylik fazilati bilan yashashi uchun, Payg‘ambarlarning qo‘liga ilohiy dastur - Kitoblarini nozil qilib qo‘ydi.

Muhammad alayhissalom ham aynan shu vazifaga buyurilgandir.

         Zero bu vazifa o‘ta mas'uliyatli jabhalardan biri bo‘lib, bandalarni yolg‘iz Allohga itoat etishga, Unga hech bir narsani sherik qilmaslikka da'vat etish hamda bir-birlari bilan mehr-oqibatli bo‘lishga undovchi elchi sifatida vazifalangandir.

         Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek har bir tug‘ilajak go‘dak Islom hilqatida tug‘ilar ekan, keyinchalik uning ota-onasi yahudiy yoki nasaroniy etib tarbiyalash mumkin.

         Yaratgan Parvardigor insoniyatning qalbiga o‘zining noyob javohirlari ya'ni imon-etiqot, rahm-shavqat, or-nomus, sharm-hayo tushunchalarini jo qilgan. Bu kabi noyob xazinadan istifoda qilishni har bir insonning vijdon amriga havola qilib qo‘ydikim, avvalo qaysi oilada dunyoga kelganligi hamda qanaqa luqma bilan ozuqalanganligi bilan bevosita bog‘liqdir. Bu hayot inson uchun bir marta beriladigan muhlat ekan, shu muhlatdan oqilona foydalanish, qolaversa ko‘rgan, eshitgan, o‘qigan narsalarni vijdon atalmish mezon tarozisiga qo‘yib, qaysi biri Yaratganning javohirlariga mos kelsa o‘shanisini dasturul-amal sifat qabul etib umr atalmish ne'matni sayqallashtirish, chiroy va ko‘rk berish mumkin bo‘ladi.

         Alloh taolo o‘z elchisi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘zining Ilohiy nomasi Qur'on karimning “Moida” surasida shunday marhamat qilgan: “Bugungi kunda men Sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne'matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb, rozi bo‘ldim” (3-oyat).

 Alloh taolo ushbu xitob bilan Islom dinining arkonlari mukammallashtirib berilganiga va bu din insonparvarlik va ezgulik dini bo‘lib, har bir inson qo‘li yoki tili bilan biron insonga zarar yetkazmasligi, doimo pokiza va halol narsalardan rizqlanishi hamda o‘zlaridan yaxshi nom qoldirish kabi ezgu amallarni bajarishga da'vat etadi.

Alloh taolo o‘z kalomi bilan Islom O‘zining huzuridagi afzal din ekanligi va bu kalom inson taraqqayoti uchun nechog‘lik muhim manba ekanligini bayon qilib, “Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir” (19-oyat) oyatini nozil qilgan. Ushb uoyati karima orqali bu din inson hayoti uchun kundalik ehtiyoj va oxiratining obodligi uchun muhim manba ekanligini tushunamiz.

         Darhaqiqat, Islom dinida imon hamda taqvo nechog‘lik muhim bo‘lsa hayo ham mo‘min kishining ko‘rki sifatida qaralgan.  Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: Albatta, har bir dinning (o‘ziga xos) xulqi bo‘ladi. Islomning xulqi esa hayodir”, deb aytganlar, zero odamzot dast avval Yaratuvchisidan hayo qilmoqligi, Uning berayotgan umr, tinchlik, rizq-nasiba kabi ne'matlari uchun noshukrlik qilishdan hayo qilmog‘i lozim.

         Islom shariatida ezgulikni targ‘ib etuvchi ko‘plab oyat va hadislar mavjud. Rahimlilik, shafqatlilik ham shular jumlasidandir. Jamiyatda insonlar bir-biri bilan ahil va inoqlikda yashashi, bir-biriga yordam qo‘lini uzatishi,  miskinlar holidan xabar olishi, ularning o‘ksik qalblariga quvonch hadya etmoqlik Islom dinining eng ezgu fazilatlaridan hisoblanadi. Yaqinda Yurtboshimizning tashabbusi bilan viloyatimiz rahbariyati tomonidan ko‘zi ojis, nogiron insonlarga uy-joy qurib berildi. O‘sha tadbirda ishtirok etganimizda bir narsaning guvohi bo‘ldim. Ko‘zlari tug‘ma ojiz yigitga muxbir yigit, siz Prezidentimizdan rozimisiz, deya savol berganida, u shunday deb javob berdi: Sizlar inson qoni qizil deysizlar, lekin qizil rang qanaqa ekanligini men bilmayman, sizlar yam-yashil o‘tloq yoki ko‘m-ko‘k osmon deysizlar, men ularni bilmayman, ota-ona mehri haqida gapirasiz, lekin meni ota-onam dunyoga keltirib, ko‘rlar jamiyatiga topshirib ketganlar. Bularning barsini ko‘rishga menda ishtiyoq yo‘q. Ammo Prezidentimiz menga ham ota ham onalik mehrini berib, uy-joy berdi, qani edi Alloh bir lahzalik ko‘zimga nur bersayu yurtboshimni ko‘rsam, degan xitobni eshitib hammamiz ta'sirlandik. Albatta, bu Islom dinining ta'limoti hamda ezgu g‘oyalarining yorqin namoyondasi.

 

Lutfulloh IBODULLAYEV, Samarqand tuman “Xo‘ja abdu Berun” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 05/10/2019 12:50;   Ko‘rilganligi: 3472
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/islom-insonparvarlik-va-ezgulik-dinidir
Chop etilgan vaqti: 01/03/2024 19:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing