O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Islom dinida inson manfaatlarining ifodalanishi

 
 

“Kishilarni ijtimoiy himoyalash va uni kafolatlashning kuchli, ta’sirchan mexanizmi bo‘lgandagina bozor iqtisodiyotiga sobitqadamlik bilan o‘tishni ta’minlash, tarkibiy qayta qurishni amalga oshirish, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlagan holda ishlab chiqarish munosabatlarini tubdan isloh qilish mumkin”[1].

O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, jamiyatimizning barcha jabhalarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning zamirida, insonning huquq va erkinliklariga bo‘lgan e’tibor, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, inson manfaatlarini eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etish kabi g‘oyalar bosh maqsad sifatida mustahkamlangan. Shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida, avvalo, inson manfaati, uning qadr-qimmatining ulug‘vorligi yotadi. Joriy 2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi ham bu bora olib borilgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Milliy qadriyatlarimiz bilan chambarchas bog‘lanib ketgan muqaddas dinimiz – islom dinida ham inson, shaxs manfaati eng birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Zotan, islom dinining nozil qilinishining bosh sababi ham va bu muqaddas dinning asl mohiyati ham inson manfaatini oliylarga ko‘tarish edi. Qur’oni karimning bir qator o‘rinlarida bu umuminsoniy yuksak qadriyat alohida ta’kidlangan. Inson manfaatlari haqida so‘z yuritilar ekan, avvalo islom dini inson zotiga dunyodagi barcha narsalar unga beminnat xizmat qilishi uchun yaratilgan zot sifatida qarashligini alohida ta’kidlashimiz lozim. Islom inson uchun lozim bo‘lgan ma’naviy va moddiy manfaatlar uyg‘unligini o‘zida mujassam eta olgan dindir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimning “Isro” surasida:

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُم مِّنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَىٰ كَثِيرٍ مِّمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلا

“Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik” [2] , degan.

Alloh taolo quruqlikda ham, dengizda ham inson bolasi manfaati uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni muhayyo qildi hamda uni ikki dunyo saodatiga yetkazadigan qonun-qoidalarni joriy qilib qo‘ydi. Bu ham Alloh odam bolasini azizu mukarram qilganidandir. Afzallikda unga yaqin kela oladigan maxluqot olamda yo‘qdir. Barcha maxluqotlar odam bolasi uchun beminnat xizmatkordir. Shubhasiz, bu dunyoda ham oxiratda ham bu afzallik va ne’matlarning mas’uliyati va javobgariligi bor.

Demak, islomda inson manfaatlari haqida gap ketar ekan, Alloh taolo tomonidan aziz va mukarram qilib ko‘yilgan zotlar – Odam farzandlarining ma’naviy manfaatlari haqida so‘z boradi. Chunki, inson va jamiyat hayotini go‘zal qiluvchi eng asosiy vositalardan biri – bu ma’naviy manfaatlar hisoblanadi.

Shuningdek, muqaddas dinimizda insoning kishilik jamiyatida o‘z qadriga ega bo‘lishi bilan bir qatorda boshqalarni ham o‘z mavqeiga qarab qadrlash ham talab etiladi.

وَقَضَىٰ رَبُّكَ ألا تَعْبُدُوا إلا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا ....

“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishingni amr etdi. ...”[3]

فَآتِ ذَا الْقُرْبَىٰ حَقَّهُ وَالْمِسْكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ ۚ .....

“Bas, qarindoshga, miskinga va musofirga haqqini bering. ... “[4]

... لا تَعْبُدُونَ إِلَّا اللَّهَ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَذِي الْقُرْبَىٰ وَالْيَتَامَىٰ وَالْمَسَاكِينِ وَقُولُوا لِلنَّاسِ حُسْنًا ...

“... Allohdan boshqaga ibodat etmaysiz, ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga yaxshi gaplar ayting, ...”[5]

Insonning moddiy manfaatlari ham alohida e’tiborga molik bo‘lib, Qur’oni karimda molu dunyoga munosabatda bo‘lishda shaxsning manfaatlari jamiyat manfaati bilan uyg‘unlashgan holatga yetsa mukammal bo‘lishi ta’kidlanadi hamda har bir musulmon kishi shunga buyuriladi:

﴿َابْتَغِ فِيمَا آتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآخِرَةَ وَلا تَنسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا وَأَحْسِن كَمَا أَحْسَنَ اللَّهُ إِلَيْكَ و لا تَبْغِ الْفَسَادَ فِي الْأَرْضِ إِنَّ اللَّهَ لا يُحِبُّ الْمُفْسِدِين

“Va Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izlagin, bu dunyodagi nasibangni ham unutma. Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham yaxshilik qil. Yer yuzida buzg‘unchilikni izlama. Albatta, Alloh buzg‘unchilarni suymas”[6].

Oyatda aytilganidek, musulmon odam, avvalo, Alloh bergan molu dunyo bilan oxirat savobini izlab, xayrli ishlarga sarflaydi. Harom-xarish, gunoh, fisqu fujur va behuda ishlarga sarf etmaydi. Shuningdek, musulmon odam oxiratni o‘ylab, bu dunyosini tashlab ham qo‘ymaydi. Chunki, shaxsning manfaati o‘zlikka xos bo‘lib, boshqaning manfaatidan ustun turadi. Shu sababli islom dinida ehson, nafaqa qilishga buyurilganda avvalo inson o‘z zaruriy ehtiyojlarin[7] qondirishi kerakligi ta’kidlanadi.

وَعَنْ جَابِرٍ : أَنَّ النَّبِيَّ ? قَالَ لِرَجُلٍ : « ابْدَأْ بِنَفْسِكَ فَتَصَدَّقْ عَلَيْهَا ، فَإِنْ فَضَلَ شَيْءٌ فَلأَهْلِكَ ؛ فَإِنْ فَضَلَ عَنْ أَهْلِكَ شَيْءٌ فَلِذِي قَرَابَتِكَ ؛ فَإِنْ فَضَلَ عَنْ ذِي قَرَابَتِكَ شَيْءٌ فَهَكَذَا وَهَكَذَا » . رَوَاهُ أَحْمَدُ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُد وَالنَّسَائِيُّ .

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bir sahobiyga aytdilar: “Sadaqani o‘zingdan boshla, agar o‘zingdan ortsa oilangga[8], oilangdan ortsa qarindoshlaringga va hokazo va hokazo.” Imom Ahmad,Muslim, Abu Dovud va Nasoiylar rivoyat qilishgan.

Islom dinida shaxs va jamiyat manfaati bir-biriga mutanosib ravishda adolat bilan qattiq himoya qilinadi:

﴿إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَىٰ وَيَنْهَىٰ عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنكَرِ وَالْبَغْيِ ۚ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ﴾

“Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadi va fahshu munkar (ishlardan) hamda zulmkorlikdan qaytarur. U sizlarga va’z qilur, shoyadki eslasangiz”[9].

Alloh taolo “adolatga” amr etdi, zero adolat shaxs va jamiyatning manfaatini tutib turuvchi asosdir. Alloh taolo buyurgan bu adolatga ko‘ra, har bir shaxs, jamoat va har bir qavmga uning insoniy manfaatidan kelib chiqib, odilona muomalada bo‘linadi. Unda havoi nafsga, do‘stlik yoki dushmanlikka, nasabga, qudachilik yoki qarindoshchilikka, boylik yoki kambag‘allikka, kuchlilik yoki zaiflilikka qarab muomala qilinmaydi. Hamma uchun o‘lchov barobar. Bunday sof adolatni o‘rnatish boshqa hech bir millatda, tuzum yoki dinda bo‘lmagan.

Shuningdek, boshqa oyatda: “Ey, iymon keltirganlar! Alloh uchun haqda turing, adolatli guvoh bo‘ling. Bir qavmni yomon ko‘rishingiz sizni ularga nisbatan adolat qilmaslikka olib bormasin. Adolat qiling. Bu taqvoga oid ishdir. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh qilayotgan amalingizdan xabardor zotdir”[10].

Biz zikr qilgan adolatning bir necha turlari bor shulardan:

1. Bandaning Allohga bo‘lgan adolati, ya’ni Allohning amrlarini bajarish.

2. Bandaning nafsi bilan jismi o‘rtasidagi adolati. Ya’ni, o‘zini halok etuvchi moddiy va ma’naviy falokatlardan uzoq tutish.

3. Insonlar orasidagi adolat, ya’ni insofli bo‘lish, boshqalarning haqqiga xiyonat qilmaslik, so‘z va fe’li bilan hech kimga ziyon yetkazmaslik.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishi aldov bilan bir musulmonning haqqini olsa, Alloh uning jahannamga kirishini vojib qiladi va jannatni harom qiladi” dedilar. Shunda bir kishi: “Ey, Allohning Rasuli! Agar u haq qiymatsiz bir narsa bo‘lsachi”? deb so‘radi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Hatto, misvok daraxtidan bir shoh parchasi bo‘lsa ham” deb ta’kidladilar.

Islomda inson manfaatlarini ifodalanishini muqaddas dinimizning asosi bo‘lgan Qur’oni karim oyatlari hamda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan misollar keltirib muxtasar holda ko‘rib chiqdik. Bu zaminda azaldan har bir inson o‘z qadrini topgan. Darhaqiqat, kirib kelgan joriy 2017 yilni ham “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizning asoslari va milliy o‘zligimizning ming yillik qadriyatlarini uzviy ravishda hayotimizga tatbiq etishni o‘zida ifoda etadi.


[1] Karimov I.A. O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. 1-tom. – T.: O‘zbekiston, 1996. – 119-b.

[2] “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”. A. Mansur. T:, TIU. 2004. “Isro” surasi, 70-oyat tarjimasi.

[3] “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”. A. Mansur. T:, TIU. 2004. “Isro” surasi, 23-oyat tarjimasi.

[4] “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”. A. Mansur. T:, TIU. 2004. “Rum” surasi, 38-oyat tarjimasi.

[5] “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”. A. Mansur. T:, TIU. 2004. “Baqara” surasi, 83-oyat tarjimasi.

[6] “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”. A. Mansur. T:, TIU. 2004. “Qasos” surasi, 77-oyat tarjimasi.


Kiritilgan vaqti: 10/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 8774
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/islom-dinida-inson-manfaatlarining-ifodalanishi
Chop etilgan vaqti: 16/04/2024 18:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing