ISHLAR NIYATGA QARAB BAHOLANADI
Musulmon kishining har bir qiladigan ishi uning niyatiga qarab baholanadi. Til yoki boshqa a'zolarning ishi bo‘lsin, ularning to‘g‘ri bo‘lishida niyatning alohida o‘rni bor. Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Amallar faqat niyatlarga ko‘radir”, deb aytganlarini eshitganman”, dedi.
Qiladigan barcha amallarimizni Alloh taolo qabul qilishi uchun niyatimiz to‘g‘ri bo‘lishi lozim ekan. Qolaversa, Islom ta'limotida banda yaxshilik biror amalni bajarishni niyat qilgan bo‘lsayu garchi shu o‘ylagan ishi amalga oshmay qolsa ham unga savob yozilaveradi. Chunki bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rabbisidan rivoyat qilib shunday deganlar: “Albatta, Alloh yaxshiliklar va yomonliklarni yozib qo‘ydi. So‘ngra o‘shani bayon qildi. Kim bir yaxshilikni qasd etsayu, unga amal qilmasa, Alloh uni O‘z huzurida barkamol bir yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar uni qasd qilib, amal ham qilsa, Alloh azza va jalla uni O‘z huzurida o‘ntadan yetti yuz yaxshilikkacha, undan ham bir necha marta ko‘p qilib yozadi. Agar bir yomonlikni qasd etsayu unga amal qilmasa, Alloh uni O‘z huzurida bir yaxshilik qilib yozadi. Agar u (yomonlik)ni qasd qilib, amal ham qilsa, Alloh uni bir yomonlik qilib yozadi” (Ibn Abbos roziyallohu anhudan Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
Shuning uchun har bir amalda niyatning o‘rni qanchalik muhim ekanini yaxshi anglab yetishimiz lozim bo‘ladi. Masalan, ilm talab qilayotgan kishi Allohning roziligi, xalqning manfaati niyatida ilm o‘rgansa, ham ilmga, ham savobga erishadi. Agar faqat mansab va mol-dunyo uchun o‘rgansa, mansab, mol-dunyoga erishishi mumkin, lekin savobdan bebahra qolib ketadi.
Har bir amal ixlos bilan qilinsa, o‘sha amal puxta darajada amalga oshadi. Chunki Alloh taoloning roziligini ko‘zlab amal qilgan banda doim Allohning nazoratida ekani, bir lahza ham Uning nazoratidan chetta qolib ketmasligini his qilib amal qiladi.
Bandalar qilayotgan ishlarida niyatlarini to‘g‘ri qilib, ixlos bilan bajarsa, shaytonning vasvasasidan ham omonda bo‘ladi. Chunki, shayton ziynatlab ko‘rsatadigan gunoh ishlardan faqat ixlosli bandalargina omon qolishadi. Qur'oni karimda shunday deyilgan:
Ya'ni: (Iblis) aytdi: “Ey, Robbim! Qasamki, meni yo‘ldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) erdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko‘rsatib qo‘yurman va albatta, ularning hammalarini yo‘ldan ozdirurman. Illo ularning orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan mustasnodir) (Hijr, 39-40).
Inson doim yaxshi amallar qilishga, yaxshi niyatda bo‘lishga shoshilishi lozim. Doim yaxshi ishlar va yaxshi niyatlar bilan yurgan insonning xotimasi ham go‘zal bo‘ladi. Inson hayoti davomida barcha yaxshi ishlarni amalga oshirishga imkoniyati bo‘lmasligi mumkin, lekin barcha yaxshi ishlarni niyat qilishga imkoni bordir. Alloh taolo esa unga niyatiga yarasha savob beraveradi. Chunki, Alloh taolo bandalari qilgan xayrli amallarning birortasini ham zoye qilmaydi. Zero, Qur'oni karimda:
“Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, (bilib qo‘ysinlarki) albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz” (Kahf surasi, 30-oyat), deb marhamat qilgan.
Shunday ekan, biz doim yaxshi niyatlar qilishimiz, yaxshi niyatda bo‘lishimiz lozimdir. Ana shunda Parvardigorimiz bizni niyatlarimizga yarasha amallarimizni ham to‘g‘rilab qo‘yaveradi.
Xayrullo Do‘stmurodov - Kattaqo‘rg‘on shahar bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 10/12/2019 11:21; Ko‘rilganligi: 1516
Chop etilgan vaqti: 16/05/2025 04:03