O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

INTERNETDAN FOYDALANISHNING ZARURIY ODOBLARI

 
 

“… Albatta internet orqali dunyoning istalgan nuqtasi bilan tezkor aloqa o‘rnatish, zudlik bilan zarur axborot va ma’lumotlarni olish, bilim va ma’rifatni oshirishda uning beqiyos o‘rni va ahamiyati borligini hech kim inkor etolmaydi. Biz odamlarimizning internet imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanishga bo‘lgan intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Takror bo‘lsa-da aytmoqchiman – axborot olamida qandaydir devor o‘rnatish, o‘z qobig‘iga o‘ralib, mahdudlikka yuz tutish yo‘li bizga aslo ma’qul emas..”

Islom Karimov

Texnika asri hisoblangan hozirgi zamon sharoitida ish faoliyatimizni, ijtimoiy aloqalarimizni, ta’lim jarayonlarini, xullas, butun hayotimizni internetsiz tasavvur qilish mushkul bo‘lib qoldi. Buni sababi oddiy internet yordamida ishlar oson, tez va kamxarajat bajariladi. Shuningdek, mislsiz qulayliklarga ega ekanligi ham kishilar hayotida internetni keng o‘rin egallashiga sabab bo‘lmoqda. Tasavvur qilish uchun birgina misol keltirishning o‘zi kifoya qiladi, deb o‘ylayman. Samolyot bilan safarga chiqmoqchi bo‘lgan inson chipta olish uchun chiptaxonaga borishi, navbatda turib, chipta olishi, agar chipta u istagan kunga topilmasa, ortiga qaytib ketishiga to‘g‘ri keladi. Xuddi shu ish internet orqali amalga oshirilsa-chi?! U uyda o‘tirib, chipta xarid qiladi, vaqti kelganda, tayyoragohda uchishdan oldin avtomatdan elektron chiptasini oladi. Bu ish avvalgisiga solishtirilganda, ancha kamxarj va osonroq. Chiptaxonaga borib ovora bo‘linmaydi, navbatga turilmaydi, ustiga ustak arzonga tushadi. Shuning uchun davlatlarda bunday qulayliklarni rivojlantirish, takomillashtirish va undan yuqori darajada foydalanishga harakat qilinmoqda.

Hozirgi kunda asosan internetdan faol foydalanuvchilar, shubhasiz, yoshlar. Ular soni ortib bormoqda. “Bolalarni asraylik” (Save the Children) xalqaro tashkiloti AQSHdagi 15-17 yashar o‘smirlarning 85 foizi, Kanada yoshlarining 93 foizi internetdan muntazam foydalanishini e’lon qilgan.

Yurtimizda internet foydalanuvchilar soni 2008 yilda 2 million bo‘lsa, hozir kunga kelib 15 milliondan oshgan va ularning aksariyati yoshlar.

Aqlli insonlar har doim barcha imkoniyatlardan mukammal foydalanish va bu yo‘lda bo‘ladigan zararlarni iloji boricha daf etishga intiladilar. Barcha ishlarda bo‘lganidek, undan foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, shartlari va odoblari mavjud. Ularga rioya etish bilan maqsadga tezroq va sifatliroq erishish mumkin. Aks holda, uning zarar va ofatlari kulfat keltirishi tayin. Yoshlarni chalg‘ituvchi, e’tiqod va aqidaga putur yetkazuvchi, fahsh va axloqsizlikni targ‘ib qiladigan saytlar ko‘payib bormoqda. Ayrim kimsalar internet orqali bir-biriga tuhmat qilmoqda, haqoratlab so‘kishmoqda, bir-birini sharmanda qilmoqda. Hatto u orqali siyosiy, ijtimoiy, moliyaviy, ilmiy va boshqa ko‘pgina sohalarda ham jinoyatlar sodir etilmoqda. Qo‘pol qilib aytganimizda, internet mazkur qabohatlarni amalga oshirishni osonlashtirmoqda.

Har narsaning qoida va odobi bo‘lganidek, internetdan ham foydalanishning odoblari bor.

Birinchidan, undan foydalanmoqchi bo‘lgan odam niyatni yaxshi qilgan bo‘lishi kerak. Faqat yaxshilikni, ruxsat berilgan narsalarga muvofiq ish qilishni niyat qilgan odam foyda topadi, ko‘zlagan maqsadiga erishadi. Internetdan olgan foydasiga qo‘shimcha ravishda, muqaddas dininimiz ta’limotlariga ko‘ra amal qilgani uchun savob ham oladi. Zero, musulmon kishi bir yaxshilikni niyat bilan qilsa, bir savob oladi, o‘sha niyatiga amal qilganida esa, savobi o‘n marta ko‘payadi.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladi: “Albatta, Alloh yaxshiliklar va yomonliklarni yozib qo‘ydi. So‘ngra o‘shani bayon qildi. Kim bir yaxshilikni qasd qilsayu, uni amalga oshirmasa, Alloh buni o‘z huzurida komil bir yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar uni qasd etib, amal ham qilsa, Alloh azza va jalla uni o‘z huzurida o‘ntadan yetti yuz yaxshilikgacha, undan ham bir necha marta ko‘p qilib yozadi”, dedilar (Imom Buxoriy, Muslim, Nasaiy rivoyati).

Ikkinchidan, internetga kirishdan oldin vaqtni zoye qilmaslik uchun umrining qadrini esda saqlash, uning har lahzasi hisobli ekanini unutmaslik zarur. Aynan bu his-tuyg‘u bo‘lmagani bois, ko‘pchilik unda vaqtini, umrini zoye qilmoqda.

Uzoq vaqt, muttasil internetda o‘tirganlar, ayniqsa, bolalar turli kasalliklarga chalinmoqda. Unutmang, inson sog‘lig‘iga o‘zi mas’ul. Qiyomat kunida har bir a’zoimiz qilgan ishining hisobini beradi.

Internetdan foydalanishda sayt egalarining ma’naviy-ma’rifiy huquqlariga to‘la rioya qilish chin ma’nodagi insoniy ishlardandir. Bular jumlasiga pul to‘lab kirish lozim bo‘lgan saytlarga haq to‘lamasdan o‘g‘rincha kirish, ko‘chirib olish, ruxsat berilmagan narsalarni ko‘chirish, ko‘chirganda manbasini ko‘rsatmaslik kabi ishlar kiradi. Bu ishlar barchasi gunoh hisoblanadi. Chunki bu birovning ma’rifiy-ma’naviy mulkini talon-taroj qilishdan iboratdir.

Uchinchidan, internet orqali o‘zgalar bilan aloqa bog‘lashda “yaxshilik va ezgulik yo‘lida hamkor bo‘lib, yomonlik va dushmanlikdan voz kechish” shiori bo‘lishi zarur. Zotan, inson dunyoni, hayotini chiroyli va obod etishga intilar ekan, barcha sohalarda ushbu shiorga doimo amal qilsa, inshaalloh, maqsadiga yetadi, ajru savobga erishadi.

Ishxonalarda va boshqa biror shaxsning internetidan ruxsatsiz foydalanish mumkin emas. Ba’zi kishilar ishxonaning internetida o‘z shaxsiy manfaatlari uchun foydalanishni o‘zlariga ep ko‘rishadi. Bunda ikki taraflama mulohaza qilinadigan ish sodir bo‘ladi. Birinchisi, ishxonaning internetga to‘laydigan mablag‘i shaxsiy manfaatlari uchun sarflanadi. Ikkinchisi, ishxonaning ishini bajarish o‘rniga shaxsiy ishlarini qilgan bo‘ladi.

To‘rtinchidan, bolalarning internet va kompyuterlardan foydalanishini nazorat qilish lozim. Avvalo, bolalarni kattalar ruxsatisiz yoxud ularning nazoratisiz internetdan foydalanishini man etish lozim.

Bu odoblar internetdan unumli, ma’noli ishlatish uchun zaruriy bo‘lgan odoblar hisoblanib, undan oqilona foydalansak, hayotimizga tatbiq etsak, nur ustiga nur bo‘ladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Ijtimoiy odoblar” kitobi asosida

Muxtorjon AKRAMOV

tayyorladi.

www.muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 05/11/2015 00:00;   Ko‘rilganligi: 14314
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/internetdan-foydalanishning-zaruriy-odoblari
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 22:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing