O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Inson qadri barcha narsadan ulug‘dir!

 
 

Nahotki, Bizning sizni yaratishimiz behuda bo‘lgan va siz Bizga qaytarilmassiz, deb hisoblasangiz?!  (Al-Mo‘minun 115).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalarini dunyo hayotiga behuda yaratmaganini, dunyoda qilgan amalining natijasi mukofat yoki jazo bo‘lishini va O‘ziga qaytarilishlarining xabarini bermoqda. Avvalo, har bir inson Alloh uni ikrom etgan insoniyligini idrok etmoqligi juda ham muhimdir. Shu bilan u barcha harakatlarini fahmi-idrokini yaratgan Robbisi uchun go‘zal tarzda ado etadi. Xalqimiz aytganidek: “Kim o‘z qadrini bilmas ekan, o‘zgalar qadrini hech ham bilmas”. Inson o‘z qadrini bilishi uchun ma'rifat sohibi bo‘lishi kerak. Ma'rifatli bo‘lishi uchun esa ko‘proq kitob mutolaa qilishi, ajdodlarimizdan qolgan boy meroslarni hurmat qilishi lozimdir!

Inson qadri muqaddasdir. Chunki u yaratilgan barcha maxluqotlar orasida azizu mukarramidir. Uning qadri – sha'ni va obro‘sidir! Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Musulmon kishini so‘kish fosiqlikdir, u bilan urushish kofirlikdir”.

So‘kish bu – kishining qadri va sha'nini poymol qilish uchun undagi bo‘lgan va bo‘lmagan ayblari bilan haqorat qilishdir. Ushbu amal sohibini Payg‘ambarimiz alayhissallam fosiq deb nomlayaptilar. Fosiqlik bu — Alloh va Rasulining itoatidan chiqish degani, shariat istilohida esa fosiqliq isyondan-da ko‘ra ashaddiy hisoblanadi. Qur'oni karimda: “… va sizlarga kufrni, fisqni va isyonni yomon ko‘rsatdi. …”, deb marhamat qilinadi. (Hujurot 7). Demak, musulmon kishi boshqalarning qadri va sha'nini poymol qilishdan o‘zini saqlamog‘i lozimdir.

U bilan urishish kofirlik — fisq kufrga olib borganidek, so‘kish ham urushga olib boradi. Kishining qadri va sha'nini poymol qiladigan so‘zlarni ko‘paytirish, shu bilan odatlanish kishini kufrga yetaklaydi. O‘zi bilmagan holda kufr so‘zini aytib yuborishi mumkin. So‘kish, haqorat qilish, qadr va sha'nini poymol qilish urushga olib boradi. Inson o‘z qadriga nomunosib ishni o‘zgaga ham ravo ko‘rmasligi va o‘z qadriga noloyiq sharoitga rozi bo‘lmasligi ham kerak. Qadrlasang qadr topasan, qadrlanasan,-deydi xalqimiz!

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm-shafqatda va kattalarimizga hurmat va izzatda bo‘lmaganlar bizdan emas”, — dedilar. (Imom Termiziy). Ushbu muborak hadisi sharif o‘zbek xalqining ongu-shuuriga singib ketgan, urfu-odatiga aylanib bo‘lgan. O‘sib kelayotgan yosh avlodni ma'naviy muhitini sog‘lomlashtira olsak, insonning qadr va sha'niga bo‘lgan hurmatning asosini mustahkamlagan bo‘lamiz.

 Xayrullo Sattarov,

O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 08/06/2020 15:34;   Ko‘rilganligi: 1048
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/inson-qadri-barcha-narsadan-ulugdir
Chop etilgan vaqti: 30/04/2024 18:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing