O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Insof - insonni sabr qanoatga chorlovchi omildir

 
 

Muqaddas islom dinimizning ta'limotlari jamiyatda insonlar bir-biri bilan o‘zaro  munosabatlarda hamisha adolatli, insofli, halol bo‘lishiga buyuradi. Bu haqda Alloh taolo O‘zining ulug‘ kalomida shunday marhamat qiladi:

Ey mo‘minlar. Alloh uchun haqda turing, adolatli guvoh bo‘ling”, (Moida surasi 8-oyat).

Darhaqiqat bu oyatda inson o‘zi uchun yoki oilasi, qavmi-qarindoshi, millati yoki boshqa e'tiborlar uchun emas, faqat Alloh roziligi uchun haqda turishi lozimligi va bu ish oson emasligi, kezi kelganda o‘ziga, hatto ota-onasi, bola-chaqasiga qarshi adolatli guvoh bo‘lishiga ham to‘g‘ri kelishi, bu nihoyatda og‘ir ish ekani bayon qilingan. Bunday mashaqqatli ishlar faqat iymonning ta'mini totgan, Islomning haqiqatin anglagan, insofli kishilardangina sodir bo‘lishligiga tarixda misollar ko‘p. Ushbu oyati karimadagi adolat so‘zining ko‘rinishlaridan biri insofdir. Insof haqida gapiramiz-u, ammo asli insof nima ekanligini ko‘pchiligimiz yaxshi bilmaymiz. Insof so‘zi lug‘atda “o‘ziga yarmini olib, birovga yarmini berish” degan ma'noni anglatadi. (Abu Hilol Askariy: “al-furuq al-lug‘aviyya”). Ya'ni insof faqat o‘zini o‘ylamasdan, o‘zgalarning ham haqlariga rioya qilish demakdir.

      Shuningdek, Alloh taolo fazli bilan mol, boylik ato qilgan bandalariga Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:

Ey iymon keltirganlar! Kasb qilgan narsalaringizning pokizalaridan va Biz sizlarga yerdan chiqarib bergan narsalardan nafaqa qilinglar. Nafaqa qilganingizda nopokni ko‘zlamang. Holbuki, uni o‘zingiz ham undan ko‘z yummay turib oluvchi emassiz. Va bilingki, albatta, Alloh behojatdir, o‘ta maqtalgandir.” (Baqara surasi 267-oyat).

Ma'lumki, inson o‘zi topgan mol-mulkni sadaqa qilib yuborish oson emas. Har bir odam ko‘proq mol-dunyoga ega bo‘lishni xohlaydi. Sadaqa qilish uchun ma'lum darajada fidokorlik, ya'ni iymonli, insofli bo‘lish, o‘zidan, nafsu havosidan kechish talab etiladi. Sadaqa so‘zi tasdiqlash  ma'nosini anglatadi, ya'ni molidan sadaqa qiluvchi kishi qalbidagi iymonini amaliy jihatdan tasdiqlagan bo‘ladi.

Shuning uchun ham mol-mulkdan sadaqa qiliyotgan kishi sadaqasida e'tiborli bo‘lish, ya'ni nopoklikni ko‘zlamaslik, kasb qilib topgan molini va dehqonchiligini pokizasidan berish. Nopok  deyilganda faqat haromni tushunmaslik kerak, balki past, arzimagan, kishi nazariga ilmaydigan narsalarni ham tushunish lozim. Sadaqa berayotgan kishi o‘zini sadaqani olayotgan kishining o‘rniga qo‘yib ko‘rsin. Berilsa, o‘zi olmaydigan narsani birovga ham sadaqa qilib bermasin deyilmoqda.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom aytdilar: Jannnatga faqat marhamatli bo‘lgan odam kiradi. Sahobalar dedi: Ey Allohning rasuli biz hammamiz marhamatlimiz. Shunda Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: “Faqatgina o‘ziga nisbatan marhamatli bo‘lganlar marhamatli emasdir. Marhamatli deb ham o‘ziga, hamda o‘zgalarga nisbatan marhamatli bo‘lganlarga aytiladi”-dedilar.

Kishining boshqalarga marhamatli bo‘lishi har qanday vaziyatda ham insonlarga ozor bermasligi va imkon qadar yordam berishligidir. Darhaqiqat sahobalar o‘z marhamatlari bilan ummatga ibrat bo‘lganlar. Nafaqat musulmonlarga, balki insoniyatga marhamatli bo‘lganlar.

Hazrati Umar (Alloh undan rozi bo‘lsin) xalifa paytlarida g‘ayrimuslim bir qariyaning tilanchilik qilayotganini ko‘rib: Senga insofsizlik qildik. Yoshligingda sendan jizya oldik. Endi qariganingda o‘z holingga tashlab quydik! deb unga va boshqa muhtoj g‘ayrimuslimlarga davlat xazinasidan nafaqa tayinladilar.

Dono xalqimizda ham aytilgan ushbu oyat, hadis va hikmatni quvvatlaydigan so‘zlar ko‘p. Misol uchun, xalqimizda: “Insofi borning barakasi bor!” degan ibora bor.

Shunday ekan bugungi sinovli kunlarda jamiyatdagi har bir inson iymon va insof bilan ish ko‘rishi, sabrli bo‘lishi lozim. Saxovatli boylarimiz berayotgan ehsonlarini ajrini, barakasini sabr qanoat bilan Allohdan umidvor bo‘lishi, muhtojlarimiz ham berilayotgan narsalarga insof bilan munosabatda bo‘lishi, ya'ni noshukur bo‘lmasligi sabr qanoat bilan duoda bo‘lmog‘i lozim. Jumladan tijorat bilan shug‘ullanayotgan kishilar paytdan foydalanib zaruriy mahsulotlarni narxini sun'iy ravishda oshirish gunoh ekanligini anglashi zarur. Bu holatda o‘sha tijoratchi ko‘p pul topadi, lekin u pulni barakasi bo‘lmaydi. Foydasidan zarari ko‘p bo‘ladi. Ulamolarimiz savdoda:”Savdo moli tannarxining uchdan birini foydaga quysa, odob va insof yuzasidan yaxshi bo‘ladi”, deyishgan. Shuning uchun harom daromad topishdan saqlanish, tijoratda insofli bo‘lish shart. Chunki insof insonni sabr qanoatga chorlovchi omildir.

R. Ravshanov - Nurobod tuman bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 17/04/2020 09:19;   Ko‘rilganligi: 4054
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/insof-insonni-sabr-qanoatga-chorlovchi-omildir
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 19:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing