IMOM XATIB MAS’ULIYATI
Qadimdan ota-bobolarimiz har bir ishlarini din peshvolari, imom domlalar bilan maslahatlashgan, kengashgan holda amalga oshirganlar. Ularning ko‘rsatmalari asosida dinimizga to‘g‘ri keladigan amallarni bajarib kelganlar. Anashu an’ana mustaqilligimizdan keyin yana davom eta boshladi. Imom xatiblarimiz o‘z ma’ruzalarida savob nima, gunoh nima, halol nima, harom nima bularning hammasini xalqqa tushuntirib, jamiyatda yashayotgan kishilarni yaxshilikka da’vat qilib kelmoqdalar. Ayniqsa joriy yilimizni "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari" yili deb e’lon qilingani, bu borada davlatimiz tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, belgilangan vazifalar asosida ish yuritilishi imom xatiblarimizga yanada katta mas’uliyatlar yukladi.
Bugungi kun imom xatiblari masjid ishlarini bajarish bilan birga, xalq dardiga sherik bo‘lib, kishilar ahvolidan xabardor bo‘lishi va ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishi, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan odilona siyosatning ma’no-mazmunini tushuntirib berishi lozim.
Ta’kidlash joizki, bu borada viloyatimiz imom xatiblari ko‘plab tahsinga sazovor ishlarni amalga oshirmoqdalar. Aksariyat vaqtlarini xalq bilan muloqot qilib o‘tkazmoqdalar. Jumladan, imom domlalar va ularning yordamchilari xonadonlarga kirib, aholi bilan bevosita suhbat olib bormoqdalar. Ularning dardiga sherik bo‘lib, muammolarini hal qilishga ko‘maklashmoqdalar va albatta bu ishlar mahalliy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Muloqotlar davomida ijtimoiy ko‘makka muhtojlar bilan suhbat o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilyapti va ularga davlatimiz tarafidan berilayotgan imtiyozlardan foydalanish bo‘yicha takliflar berilib, imkoniyatlar yaratishga harakat qilinyapti.
Shu kunlarda viloyatimizda aholidan hol so‘rash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida muhim va samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, mahalla raislari, maslahatchilar, mahalla nozirlari, imom xatiblar hamkorlikda mahallalarda xonadonlarga kirib, aholi bilan bevosita suhbat o‘tkazmoqdalar.
Bahor faslining dastlabki oyi oxirida mazkur vakillar birgalikda uylarga kirib, kishilar yashash tarzi, oilalardagi mavjud shart-sharoitlar, kishilarning kayfiyati, bugungi kunidan nechog‘li rozi ekanligi bilan tanishdilar. Ikki kun davomida 350ga yaqin xonadonga kirilib, yurtdoshlarimizning nimalar bilan mashg‘ul ekanlari, yaratilayotgan imkoniyatlardan kim qanday foydalanayotgani, asosiysi yurtimizda kechib turgan jarayonlarga nisbatan qanaqa munosabat bilan yondashilayotganiga e’tibor qaratdilar.
Qolaversa bugungi kun imomlari yoshlarning mukammal ilm egallashi, maktab va kollejlarda davomadning yuqori darajada bo‘lishida ham o‘zlarining hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Ta’lim muassalari rahbar va o‘qituvchilari, mahalla faollari bilan birga darsga kelmay qolgan bolalar uylariga borib, sabablar bilan tanishmoqdalar. Beparvolik, loqaydlik tufayli dars qoldirgan o‘quvchi va talabalarga ilmning fazilati, ilmsizlikning salbiy oqibatlari haqida tushuncha berilyapti, ularning ota-onasiga farzandining ertasiga beparvo bo‘lmasligi lozimligi uqtirilyapti. Mabodo, dars qoldirish sababi iqtisodiy tanglik yoki bemorlik oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, bu holda ham masalani yechimini topishga harakat qilinyapti. Bundan tashqari odobli va a’lochi o‘quvchilar ota-onalariga masjid imom xatiblari tomonidan tashakkurnomalar berilmoqda. Bu esa ota-onalarni yanada xursand bo‘lib, farzandlariga bundanda ko‘proq ilm olish uchun shart-sharoit yaratib berishiga bois bo‘lyapti.
Xalqimizda “mehr ko‘zda” degan naql bor. Bu iborani ko‘pni ko‘rgan dono ajdodlarimiz insonning tabiatidan kelib chiqib aytgan bo‘lsalar ajab emas. Xalq bilan muloqot ishlarida xonadonlarga kirib insonlardan bevosita hol-ahvol so‘rash kishilar qalbida vatandoshlarga, vatanga, el - yurtga bo‘lgan muhabbatni oshirmoqda. So‘zimizning isboti sifatida imom domlalarimizning biri hikoya qilgan ushbu voqeani keltiramiz: “Men masjid atrofidagi mahallada yashovchi kasal bo‘lib yotgan bir fuqaroning uyiga, shu kasal mutaxassisi bo‘lgan shifokor bilan bordim. Ma’naviy ozuqa sifatida kasallik inson gunohlarini to‘kilishiga, Yaratganning oldida darajasi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi, bir qiyinchilik so‘ngidan ikki yengillik borligi, inshaalloh darddan xalos bo‘lib ketishini aytib, ko‘nglini ko‘targan bo‘ldim. Shifokor ham o‘z vazifasini bajarib, bemorning holini yaxshilash uchun fikrlarini bildirdi. Shunda bemor ko‘zlariga yosh olib: “Meni masjid imom xatibi kelib ko‘rdi, eng yaxshi shifokor kelib ko‘rdi. Dardim ariganday bo‘ldi, shu holda ham o‘zimni dunyodagi eng baxtiyor insonday his qildim. Bu kun hayotimda eng baxtli kunlarimdan biri sifatida xotiramda qoladi”, deb yig‘ladi”.
Mas’uliyatni his qilgan imom xatib, vatanni, elni, yurtini sevadi va xizmat qiladi. Bu borada imom xatiblarimizga Alloh taolodan kuch va g‘ayrat so‘rab qolamiz.
Kiritilgan vaqti: 06/04/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2546
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:34