O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Imom Buxoriy majmuasi peshtoqidagi yozuvlar

 
 

Musulmon olamida qoldirgan ilmiy meroslari bilan shuhrat topgan buyuk muhaddis imom Muhammmad ibn Ismoil al-Buxoriy (194/810-256/870) majmualarining ziyorati har birimizga ruhiy quvvat berishi bilan birga, ajdodlar merosiga e’tibor hissini shakllantiradi.

Unvonlari “Amirul-mo‘minin”, ya’ni hadis ilmida mo‘minlarning amiri, “Imomud-dunyo”, ya’ni dunyodagi barcha mo‘min va musulmonlarning imomi, hamda “Shayxul-islom” musulmonlarning ustozi, ya’ni dini islom g‘amida soch-soqoli oqargan ustoz[1] deb ulug‘langan bobomiz qadamjolari yildan-yilda ziyorat maskani markaziga aylanmoqda.

Barchamizga ma’lumki, 1998 yil oktyabrda birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbuslari bilan buyuk mutafakkir Imom al-Buxoriy tavalludi­ning 1225 yilligi nishonlandi. Sa­marqand yaqinidagi Xartang qishlog‘ida “Imom al-Buxoriy yodgorlik majmui” barpo yetildi.

Milliy-diniy qadriyatlarimiz xalqimizni, ayniqsa yosh avlodni Vatanga muxabbat, ezgulik ruhida tarbiyalaydigan, ularni ezgulik va bunyodkorlikka da’vat etuvchi bitmas-tuganmas kuch-kudrat manbaidir. Muhammmad ibn Ismoil al-Buxoriy majmualarida bitilgan peshtoq yozuvlarda ham ushbu maqsad aks ettirilgan.

Imom al-Buxoriy qabrlari haqida Ibni Abiy Hotimning rivoyatidan quyidagi ma’lumotlarni yozib qoldirilgan: “Ibnus Subkiy ziyoda qilib, shuni aytadiki: “Qabrining to‘g‘risidan uzun-uzun oq ustunlar, osmonga tutashib turdi. Buni ko‘rganlar hayron bo‘lishar va ajablanishar edi. Buning xabari hama yoqqa tarqalib, Imom Buxoriyning muxoliflariga ham eshitildi va hatto ulardan ba’zilari qabrga kelib, Allohning qudratini ochiqdan-ochiq ko‘rgach, qilgan qilmishlariga nadomat va tavbalarini izhor etib, ko‘p tavbalar qilishdi”[2].

10 ga. maydonni o‘z ichiga olgan Imom al-Buxoriy yodgorlik majmui Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Qo‘qon va Shahrisabz xalq ustalarining qo‘llari bilan sharqona me’morchilik uslubida qad rostlagan.

Yodgorlik majmui kirish darvozasi peshtoq yozuvda:

kufiy va suls xatida Qur’oni karimning Baqara surasi 186-oyati, yani “Agar bandalarim sizdan meni so‘rasalar, Men albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda ijobat qilaman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki to‘g‘ri yo‘lni topsalar”[3] va “Hashr” surasining 10-oyati: “Ulardan keyin kelganlar: “Ey Rabbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, qalbimizga iymon keltirganlarga nafrat solmagin, ey Robbimiz, albatta, sen shafqatli va mehribonsan”, dedilar”[4]- bitilgan[5].

Qur’oni karimning ushbu oyatlarining mazmun-mohiyatini hadislarda batafsil ochib berilgan. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Agar banda shoshilishmasa, duosiga ijobat bo‘ladi. Duo qildim, qabul bo‘lmadi, demasin,”[6] degan ekanlar. Bu rivoyatda har bir pok niyatli, iymon-e’tiqodli shaxsni maqsadi aniq bo‘lishi, va Allohdan faqat ezgu amallarni ijobat bo‘lishini so‘rab, ikkilanmaslikga chorlamoqda.

Shu o‘rinda boshqa bir rivoyatga nazar tashlaylik: “U zot alayhissalom: “O‘lim to‘rt xildir. Ulamolarning o‘limi, boylarning o‘limi, faqirlarning o‘limi va amirlarning o‘limi. Ulamolarning o‘limi dinga darz ketishidir. Boylarning o‘limi hasrat-nadomatdir. Faqirlarning o‘limi rohat va amirlarning o‘limi fitnadir” – dedilar. Ushbu rivoyatda payg‘ambarlarning merosxo‘rlari bo‘lmish olimlarning o‘limi dinda og‘ir musibatdir. Boylarning o‘limi esa, ularning hayoti dunyoda ko‘ngillari bog‘lanib qolgan narsalaridan judo bo‘lishlari qiyin bo‘lgani bois, hasrat-nadomatdir. Faqirlarning o‘limi esa, bu dunyo tashvishlaridan xalos bo‘lgani uchun ham, rohat-farog‘atdir. Amir va amaldorlarning o‘limi esa, ularning o‘rniga egalik qilaman degan shaxslar uchun katta imtihondir”.[7]

Yodgorlik majmui kirish darvozasi peshtoq yozuvi ikkinchi oyatida oldin bu olamdan o‘tgan har bir bandasini kim bo‘lishidan qat’iy nazar yaxshilik bilan eslash va ularning nomlarini ezozlashga da’vat etilmoqda. Albatta, bu oyatlar mazmuni bilan tanishgan har bir inson qalbida ezgulik odobi jo‘sh urishi aniq.

Imom al-Buxoriy qabrlari ustidagi maqbara yuqorisining to‘rt tomonida dastlab kufiy xatida Qur’oni karimning “Fotiha” surasi takror yozilgan. Katta hajmda oq rang bilan Qur’oni karimning “Mulk” surasi suls xatida to‘liq yozilgan[8].

2016 yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi davlat muassasasi shaklida tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017 yil 27 mart № PQ-2855 qarori Imom Buxoriyning boy merosi, jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, yosh avlodni millatlar va dinlararo bagrikenglik, o‘zaro hurmat, tinch-totuv hayotni qadrlash yo‘lida yana bir amaliy qadam bo‘ldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

muzey ilmiy xodimi

Suxrob Ergashev

[1] “Imom Buxoriy ta’rifi” Saydazim Mamadaliyev T-1996 yil 12-bet

[2] “Imom Buxoriy ta’rifi” Saydazim Mamadaliyev T-1996 yil 54-bet

[3] “Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi” Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. WWW.islom.uz 43-44-betlar

[4] “Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi” Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. WWW.islom.uz 819-820-betlar

[5] “O‘zbekiston obidalaridagi durdona bitiklar” T -2011 yil. 119-bet

[6] “Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi” Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. WWW.islom.uz 44-bet

[7] Jaloliddin Suyutiy “Lubobul hadis” (Sara hadislar) Tarjima va sharhlar muallifi Olimxon Isaxon o‘g‘li. Samarqand-2018 y 289-bet

[8] “O‘zbekiston obidalaridagi durdona bitiklar” T -2011 yil. 121-bet


Kiritilgan vaqti: 18/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3394
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/imom-buxoriy-majmuasi-peshtoqidagi-yozuvlar
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 00:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing