O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Imom Abu Hanifani masjidda so‘kkan odam qanday javob olgandi?

 
 

Imom Abu Hanifa Minodagi “Xayf” masjidida o‘tirgan edilar, yuzi berkitilgan bir odam kelib, u kishini so‘radi va: "Ey fohishaning o‘g‘li”, dedi. Abu Hanifa: "Ey odam, Alloh seni afv qilsin. Nima istaysan?” - dedilar. 

U: “Falonchi masala haqida sendan so‘ralsa, unga Hasan Basriyning javobiga teskari javob beribsan”, dedi. Imom Abu Hanifa: "Hasan Basriy xato aytgan”, dedi. U odam: "Ey kofir, ey zindiq, sen Hasanni xatokorga chiqaryapsanmi?” - dedi. 

As'hoblari uni urishga turgan edilar, imom Abu Hanifa ularni qaytardilar va: “Ibn Mas'ud to‘g‘ri aytgan, Hasan esa xato aytgan”, dedilar. Boshqa rivoyatda: Mazkur odam imomga til tekkizgach, u kishi: "Alloh seni mag‘firat qilsin. U Zot mening haqimda sen aytgan gapning teskarisini biladi. Men Uni taniganimdan beri biror kishini Unga sherik qilmaganman. Men faqat Uning afvini umid qilganman, faqat Uning azobidan qo‘rqqanman”, dedilar. 

Azob haqida gapira turib, yig‘lab yubordilar. Shunda u odam o‘rnidan turib: "Alloh uchun kechirishingizni so‘rayman. Men xato qildim va nodonligimni e'tirof etdim”, dedi. Imom Abu Hanifa yanada ko‘proq yig‘ladilar, hatto yelkalari qimirladi va: “Ey odam, men seni Rabbim Allohga topshirdim”, dedilar. U esa: "Men bundan yengilini xohlayman”, dedi. Imom Abu Hanifa: "Unday bo‘lsa, Seni ham, meni so‘kkan boshqa barcha kishini ham kechirdim”, dedilar.

Imom Abu Hanifa Hasan Basriyning xatosini aytib, bir qarashda g‘iybat qildilar. Lekin bu g‘iybat ruxsat etilgan g‘iybatdir. Chunki g‘iybat din ishi (masalani tushuntirish) uchun bo‘lsa, durust bo‘ladi. Bu muhaddislarning jarhu ta'diliga, ya'ni ularning hadis rivoyat qiluvchilarga baho beraturib "falonchi yolg‘onchi, falonchi rostgo‘y” deyishlariga o‘xshaydi.

Muhammad Xorazmiy, "Musnadi Imom A'zam", 69-sahifa.
Yorqinjon qori hafizahulloh sahifasidan olindi.

Manba: Azon.uz


Kiritilgan vaqti: 01/02/2020 16:07;   Ko‘rilganligi: 928
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/imom-abu-hanifani-masjidda-sokkan-odam-qanday-javob-olgandi
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 18:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing