O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ILMSIZLIK ZALOLATDIR

 
 

Ilm-aql chirog‘i deydi xalqimiz. Xaqiqatdan xam ilmli insoning aqli charxlangan bo‘ladi, har bir ishni aql tarozisiga qo‘yib, o‘zidagi ilmi bilan o‘lchab, fahmu farosati bilan fikr yuritadi. Islom dinimizda ilm olishga targ‘ib bor. Jumladan, janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.) muborak hadislarida marhamat qiladilar: “Ilm olishlik xar bir musulmon erkak va ayolga farzdir” (Ibni Moja rivoyati). Shunday ekan ilm olish –haqiqatga intilish, haqiqatga intilish – o‘zini anglash, o‘zini anglash esa Allohni tanishdir. Allohni tanigan, Uni tan olgan kishi Qur’onga, hadisga amal qilib, o‘ziga berilgan umrni mazmunli o‘tkazadi, gunohdan, buzg‘inchiliklardan hazar qilib, xayrli ishlarga shoshiladi.

Ilm olish uchun nimalar qilish kerak? Bu savolga ulamolarimiz so‘zlari bilan javob berishga harakat qilamiz. Faqex Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh aytadilar: Ta’lim oluvchi muhtoj bo‘ladigan narsaning eng avvali – olgan ilmidan foydalanishi va o‘zidan o‘rganayotgan kishiga foydali bo‘lishi uchun niyatni to‘g‘irlab, chiroyli qilib olishidir. Agar niyatni to‘g‘irlamoqchi bo‘lsa, to‘rtta narsani qasd qilishi lozim:

1. Ilm olish bilan johillikdan chiqishni niyat qilishi. Chunki Alloh taolo; “Ayting biladigan zotlar bilan bilmaydigan kishilar barobar bo‘lirmi?!” (Zumar,9)-deb aytadi.

2. Ilm bilan xalqqa naf keltirishni niyat qilishi.Chunki Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Insonlarning eng yaxshisi insonlarga foydasi ko‘proq tegadiganidir”, deganlar.

3. Ta’lim olish bilan ilmni tiriltirishni niyat qilishi. Chunki insonlar ta’lim olishni tashlab qo‘ysa, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Ilm ko‘tarilishidan oldin ilmni o‘rganinglar”-deb aytganlaridek ilm ketib qoladi. Ilmning ko‘tarilishi ketib qolishidir.

4. Ta’lim olish bilan birga ilmga amal qilishni niyat etish, aksini emas. Xuddi ilmsiz amal bekor bo‘lganidek, amalsiz sababni talab qilish behuda ishdir. Ilm amal uchun sababdir.

O‘zbekiston zamini qadimdan ilm o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, vatanimiz tuprog‘ida son-sanoqsiz olimu-avliyolar izi qolganiga guvoh bo‘lamiz. Bobolar merosxo‘ri sifatida har birimiz ilm cho‘qqisini zabt etishga bel bog‘lamog‘imiz kerak. Buginlik kunda O‘zbekistonda yetishib chiqayotgan olimlarimizning soni ko‘paymoqda. Ammo afsuslar bilan shuni ham aytishimiz kerakki, ilmsizlik girdobiga tushib qolgan ba’zi bir yurtdoshlarimiz buzg‘unchi oqimlarga o‘tib aldanib, og‘ayni qarindosh, aka-ukalarining qarg‘ishiga qolib, ota-onasiga oq bo‘lmokda. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz “Johillikdan besaodatroq nima bor?” deb xitob qilganlaridek jaholat botqog‘iga botib qolgan vatanfurush xoinlar allomalar beshigi bo‘lgan yurtimizga qarshi fitna fasodlarni otmoqdalar. Prezidentimiz “Yuksak Manaviyat yengilmas kuch” asrida: “Islom dinini niqob qilib manfur ishlarni amalga oshirayotgan mutaassib kuchlar hali ongi shakllanib ulgurmagan, tajribasiz, g‘o‘r yoshlarni o‘z tuzog‘iga ilintirib, bosh ko‘zini aylantirib, ulardan o‘zining nopok maqsadlari yo‘lida foydalanmoqda. Bunday nojo‘ya harakatlar, avvalo muqaddas dinimizning sha’niga dog‘ bo‘lishini, oxir-oqibatda esa ma’naviy hayotimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishini barchamiz chuqur anglab yetishimiz va shundan xulosa chikarishimiz zarur”, deb yozganlar.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bobolarga merosxo‘r bo‘lishga hammamiz haqlimiz. Yer yuzida ilm ma’rifat tarqatgan bizning bobolarimiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shukrlar qilaylikki biz tug‘ilib yashayotgan jannatmonand o‘lka ilm bulog‘idir. Shu yurtda yashayotgan har bir kishi zilol buloq suvidan ichib, komillik sari yuksalib borishi kerak. Shunda ilmsiz johil manqurtlarning hiyla-nayrang, fitna urug‘lari sofligimizni hech qachon buza olmaydi.


Kiritilgan vaqti: 19/02/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 21048
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ilmsizlik-zalolatdir-
Chop etilgan vaqti: 24/09/2021 23:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing