O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Himmatni baland qiling, ey yigitlar!

 
 

Islom tarixiga nazar solsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga imon keltirgan, ul zotga ergashgan, qo‘llab -quvvatlagan, bu buyuk din uchun moli-yu, jonini fido qilgan sahobalarning aksari yosh yigitlar bo‘lganiga shohid bo‘lamiz:

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Rumga qarshi yurish uchun chiqqan qo‘shinga amir etib tayinlaganlarida uning yoshi o‘n sakkizda edi. Holbuki, o‘sha muborak qo‘shinda Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon, Ali, Abu Ubayda roziyallohu anhum kabi buyuk sahobalar ham bor edilar.

Itob ibn Usayd roziyallohu anhu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Makkaga voliy qilganlarida endigina o‘n sakkiz yoshni qarshilagan edi.

Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu – Alloh yo‘lida birinchi bo‘lib kamon otgan inson. Olti sho‘ro sohiblaridan biri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga ishora qilib: «Bu mening tog‘am. Sizlar ham menga tog‘angizni ko‘rsating», degan edilar. Din himoyasi uchun qo‘llariga qurol olganlarida o‘n yetti yoshda edilar.

Arqam ibn Abu Arqam roziyallohu anhu – Islomning avvalida o‘n uch yil davomida o‘z uyini Islom payg‘ambari va musulmonlar uchun qarorgoh qilib bergan bu yigitning yoshi o‘n oltida edi.

Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu – Uhud g‘azotida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilish uchun o‘z tanasini qalqon qilgan. Hatto Ul zotga kelayotgan nayzani qo‘li bilan qaytarib, qo‘llari ishlamay qolgan edi. O‘sha vaqtda uning yoshi o‘n oltida edi.

Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning havoriylari, Islomda birinchi bo‘lib qilich yalang‘ochlagan bu sahobiyning yoshlari o‘n beshda edi.

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu – vahiy kotibi, o‘n yetti kunda suryoniy va ibroniy tilini o‘rgangan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tarjimonlik qilgan. Allohning kitobini yod olgan. Keyinchalik Qur’oni Karimning jamlanishida katta hissasi bo‘lgan bu sahobiyning yoshi o‘n uchda edi.

Nusayr ibn Abdurrahmon ibn Yazid – uning asri Andalus davlatining oltin davri edi. U boshidan ko‘p iztiroblarni o‘tkazdi. Bunga qaramay o‘z davrida eng qudratli davlat barpo qilib, ilmiy uyg‘onishga ham erishdi. Yigirma bir yoshli bu metin irodali yigitga Yevropa qo‘mondonlari havas ila boqishar edi.

Muhammad ibn Qosim rahmatullohi alayh – o‘n yetti yoshida Hind va Sindni (hozirgi kunda Pokiston, Hindiston, Bangladesh va Kashmir) fath qildi.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Istanbul fathi haqida bashorat qilib: «Istanbul (Qustantiniya), albatta, fath qilinadi. Uni fath qilgan qo‘mondon naqadar baxtli qo‘mondon, uni fath qilgan askarlar naqadar baxtli askarlardir», deganlar. Ushbu nabaviy bashoratni eshitgan juda ko‘p musulmon hukmdorlari, sarkarda va amirlari Qustantiniyani fath qilishga harakat qilishgan. Biroq hech kim o‘z maqsadiga yetisha olmagan. Bu buyuk sharafga yigirma bir yoshli Muhammad Fotih sulton muyassar bo‘lgan.

Yigitlarda ham ruhiy, ham jismoniy quvvat bo‘ladi. Zotan, bu davr jiddiy va muhim ishlarni amalga oshirib qoladigan palladir. Sarvari olam Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bejizga “Yoshligingizni sizga keksalik yetishdan oldin g‘animat biling!” deb nasihat qilmaganlar. Chunki umrning bahori bo‘lgan bu imkoniyatlar vaqt o‘tishi bilan zavolga yuz tutishi tabiiy holdir.

Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov


Kiritilgan vaqti: 31/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2835
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/himmatni-baland-qiling-ey-yigitlar
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 08:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing