HASAD QALBNI YEMIRADI
Ma’lumki, Inson hayoti davomida juda ko‘plab solih amallar qilishga harakat qiladi va kezi kelganda ularni amalga oshiradi. Buning natijasida uning solih amallar daftariga ko‘plab yaxshiliklar yoziladi. Ammo shunday fursat bo‘ladiki, inson bu fursatlarda o‘zining yaxshi amallarini saqlab qolishi yoki ularni zoye’ qilishi ham mumkin. Bu - hasad qilish fursati bo‘lib, kimki o‘zini hasad qilishdan tiysa, birovlarga berilgan ne’mat oldida o‘ziga berilgan ne’matni kam sanamasdan shukr qilsa, Alloh taolo unga ne’matlarini ziyoda qilib beradi.
Shuni aytish mumkinki, ma’naviy jinoyatlardan hisoblangan hasad siyosiy, iqtisodiy hamda boshqa sohalarda ko‘plab zarar keltiruvchi ijtimoiy illatdir. Bu dard hasadchining o‘zini ham, boshqalarning ham vujudinig nozik a’zosi bo‘lmish qalbini kasal qilib, uni yemiradi.
Hasad ikki xil bo‘lib, yaxshi va yomonga bo‘linadi. Yaxshi hasad arab tilida “G‘ibta” ya’ni havas deyiladi. Yaxshi hasad shundayki, bir insonga berilgan ne’matni o‘z egasida barqaror bo‘lishini xohlagani holda, xuddi shunday ne’matni o‘zida ham bo‘lishini umid qilish, bu havas bo‘ladi. Yaxshi hasad haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar:
" لاَ حَسَدَ إلاَّ في اثنتينِ: رَجُلٌ آتاه اللهُ مالاً فَسَلَّطَهُ على هَلَكَتِهِ فيِ الْحَقِّ وَرَجُلٌ آتاه اللهُ الحِكْمَةَ فَهُوَ يَقْضِي بِها وَيُعَلِّمُها "(رواه البخارى و ﻣﺴﻠﻢ
ya’ni: “Hasad (havas) ikki narsada bo‘ladi. (birinchisi) Alloh taolo bir kishiga moli dunyo berib, unga egalik kilish huquqini ham beradi. Berilgan moli dunyoni haq yo‘liga sarflaydi. (ikkinchisi) Kishiga Alloh taolo ilmu-hikmat beradi. U ilmu hikmatni (haqqini) ado qiladi va uni (odamlarga) o‘rgatadi,” dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)
Hasadning ikkinchi xili yomon hasad bo‘lib, birovdagi ne’matga rashk nazari bilan qarash va o‘sha ne’matning o‘z sohibidan ketib, hasadchiga yetib kelishini qattiq xohlashdir. Bunday hasad shariatda harom qilingan.
Hasad insonlarni yovuzlikka, qabih ishlar qilishga olib keladi. Zero Parvardigor o‘z fazli karami bilan bir bandasiga ko‘proq nasiba bergan ekan, unga nisbatan hasad qilish, uni ko‘ra olmaslik, qanday qilib bo‘lmasin uni yo‘q qilishga harakat qilish og‘ir gunohlardan biri hisoblanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlarining juda ko‘plab hadisi shariflarida hasadning nechog‘lik yomon illat ekanligini, uning oqibatlari yomonligini ta’kidlab, juda chiroyli tarzda tushuntirib berganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan hasadning yomon xulqlardan ekani haqida bir necha hadisi shariflar rivoyat qilingan, shunday hadislaridan birida “Kim o‘zarga urinib, o‘zaro hasad qilmanglar”.
Va yana bir hadisda “Mo‘min bandaning ichida Alloh yo‘lida (yutilgan) chang bilan do‘zax o‘ti jam bo‘lmaydi. Bir bandaning ichida imon bilan hasad jam bo‘lmaydi”.
Va yana bir hadisda “Hasad egasi mendan (mening ummatim) emas”, deganlar.
Hadisi shariflarda bayon etilganidek, hasadning shu qadar og‘ir dard ekanini, hasad egasi bu dunyoda ham oxiratda ham najot topmasliigini hamda hasad egasi Alloh va insonlar nazaridan chetda qolishini bilsa, hasad qilishdan butunlay voz kechib, yaxshi odamlar toifasiga o‘tishi mumkin. Buning uchun har qanday hatti-harakatning oqibatini o‘ylab ish tutib, barcha o‘zgarishlarga ijobiy yondoshish lozim.
قال ابن مسعود رضي الله عنه : ألا لا تعادوا نعم الله ، قيل : ومن يعادي نعم الله ؟ قال : الذين يحسدون الناس على ما آتاهم الله من فضله .
Ibn Ma’sud r.a. “Allohning ne’matlariga dushmanlik qilmang,” dedilar, shunda, Kim Allohning ne’matlariga dushmanlik qiladi? deyildi. U zot Alloh o‘z fazli bilan odamlarga bergan ne’matlariga hasad qiladiganlar” dedilar.
Hasad katta gunohdir. Havas esa, gunoh sanalmaydi. Chunki, hasadchi birovga yomonlikni ravo ko‘radi, havaschi esa, birovga yetgan yaxshilikdan xursand bo‘ladi va o‘ziga shu kabi ne’matning berilishini orzu qiladi.
Bugungi kunda insonlar orasida eng ko‘p tarqalgan va sezilmas, ayni paytda, o‘ta yuqumli va xatarli ma’naviy xastaliklardan biri, aynan hasaddir. Yurt ichida, xalq orasida tarqalgan boshqa ma’naviy jinoyatlar qatori hasadning bu darajada keng tarqalishiga ham o‘ziga yarasha sabab va omillar bor.
Alloh bandalarni yaratib, hayot davomida kimnidir boy, kimnidir kambag‘al, kimnidir ma’naviy barkamol va yana kimnidir aqlan zaif qilib yaratgan. Bandalar o‘zlari uchun belgilangan taqdirlariga rozi bo‘lishliklari va uning belgilagan taqdiriga, rahmatiga e’tiroz bildirmasliklari lozim bo‘ladi. Alloh taolo belgilab qo‘ygan taqdirga barchamiz rozi bo‘lishimiz va moddiy, yoki jismoniy tomondan o‘zimizdan yuqori darajada turadigan kishiga nisbatan hasad qilmasligimiz lozim bo‘ladi. O‘z o‘rnida Islom dinimiz ham bu kabi illatlarni juda qoralaydi. Hasad yuqorida aytilganidek, boshqalarga berilgan fazilatlarni ko‘ra olmaslikdan kelib chiqadi.
Alloh taolo o‘zining kalomi bo‘lmish Qur’oni karimda hasadchilarga qarata: . “ وَمِن شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ”
“Va hasad qilgan hasadchining (hasadi) yovuzligidan” -deya marhamat qiladi. (Falaq surasi 5-oyat)
Islomda boshqa ma’naviy jinoyatlar qatori hasad ham qattiq qoralanadi va katta gunoh hisoblanadi. Qur’oni Karimning oyatlarini diqqat bilan o‘qigan odam, Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning so‘zlarini, u kishining mo‘jizalarini, u kishiga Qur’on tushayotganini ko‘rib-bilib turib ham iymonga kirmaganlar uchun asosiy to‘siq hasad bo‘lganini yaxshi bilib oladi. Yahudiylar “Nima uchun bizdan emas, arablardan payg‘ambar chiqadi” deya hasad qilib Islomga kirmadilar. Boshqa arab qabilalari ham avval boshda shunga o‘xshash harakat qilib, Qurayshga hasad qildilar. Qurayshning ko‘pchilik zodaganlari esa, nima uchun bir kambag‘al yetim payg‘ambar bo‘lar ekan-u, biz aslzodalar, qavmning rahbarlari esa unga ergashishimiz kerak ekan, degan hasad bilan musulmon bo‘lmadilar. Ko‘rinib turibdiki, hasad katta halokatlarga olib boradigan dard bo‘lib, hatto kofirlikka, ham sabab bo‘lar ekan. Demak, qalbida hasadi bor kishining Islomga kirishi ham amri mahol ekan.
Hayotimiz davomida turli xil kasalliklarga duchor bo‘lganimizda, Alloh taolo barcha dardlarimizga shifo ato etadi. Har bir kasallikni, illatni shifosi bo‘lgani kabi hasadning ham davosi bor. Buning davosi payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam hadislaridan birida: “Uch narsa borki, ummatim undan qutilmaydi; hasad, badgumonlik va shumlanish. Sizlarga undan qutilish yo‘lini aytayinmi? Qachon bir kishidan gumon qilsang, shu gumonga ko‘ra ish tutma. Qachonki birovga hasad qilsang, zulmga o‘tib ketma. Biror narsadan shumlansang, unga parvo qilmay o‘tib ketaver!” -dedilar. (Abu Ya’liy rivoyati)
Hasadning dastlabki alomatlaridan biri, bu g‘iybatdir. Ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar oralab gap teradiganlar, gap tarqatadiganlarni bezovta qilgan tuyg‘u ham hasaddir. Undaylarning butun vujudini birovning yutug‘ini ko‘rolmaslik, ichi qoralik, baxillik kayfiyati qamrab olgan, bunday iskanjadan chiqib ketaolmaydi.
Bu illatlar beozor yashab yuraverishi mumkin, chinakam hasadning ko‘rinishi esa “gapdan amaliy ishga o‘tish”dadir. Nuqul og‘ziga zo‘r bergan zot oxir shu darajaga yetadiki, o‘zi yoqtirmaydigan odamiga turli yo‘llar bilan zarba berishga o‘tadi. Badnom qiladigan gaplar o‘ylab topadi va odamlarni yollab, ig‘volarini tarqatadi va boshqa jismoniy hamda ruhiy azob berish vositalarini ishga soladi. Birovning muvaffaqiyatidan uyqusi qochib, bezovta bo‘layotgan hasadchi qabih ishlari ro‘yobga chiqsa, xursand bo‘lib, o‘z qilig‘idan rohatlanib, yana mudhish rejalar tuzishda davom etaveradi. Xullas, u bedavo dardga chalinadi.
Demak, barchamiz qalbimizda yovuz kuch kabi joylashib olgan hasadni qalbimizdan yulib, Alloh taoloni roziligini istagan holatda, Uning bergan va taqsimlagan rizqiga shukr qilsak, qilgan gunohlarimizni o‘z vaqtida tushunib ularga tavba qilishga harakat qilsak yaratganning o‘zi bizga madadkor bo‘ladi.
Ruhshunoslar hasadni butun vujudni qamrab oladigan, hamma narsani kuydiradigan, birinchi navbatda, hasadgo‘yning o‘z shaxsiyatini yo‘q qilishga qodir bo‘lgan, shuningdek bu tuyg‘uni tug‘dirgan kishiga bir talay ko‘ngilsizliklarni keltiradigan hissiyot sifatida tavsiflashadi. Hasad osonlik bilan loqaydlikka ham, nafratga ham aylanishi mumkin. Oxirgisi hasadgo‘yning emotsional va jismoniy salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kutilmagan oqibatlarga olib keladi. Hasad kishining xatti-harakatini o‘zgartiradi, tunlari uxlashga qo‘ymaydi, uni badjahl, asabiy va g‘azabnok qilib qo‘yadi.
Imomi Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Hasaddan saqlaning! Chunki hasad yaxshiliklarni xuddi olov o‘tinni yegandek, yeb yuboradi”, deganlar. Ushbu hadisdan hasadchi insonning qilgan savob ishlari bo‘lsa, bekorga chiqishi hamda umuman hasad bor joyda yaxshilik qolmasligini tushunib olamiz. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam hasadni xuddi zararli olovga o‘xshatmoqdalar. Yong‘in chiqqan yerda olov hamma narsani yeb bitirganidek, hasad ham avvalo hasadchining ichini kuydiradi. Keyin asta alanga olib, yo‘lida nima yaxshilik bo‘lsa, hammasini kuydirib bitiradi. Shuning uchun ham hasadchi shaxsga e’tibor bilan nazar solsangiz, unda hech bir yaxshilik alomatlarini topolmaysiz. Hasad tarqalgan jamiyatda ham xuddi shu manzaraning o‘zini ko‘rasiz. Hasadchilar jamiyatida yaxshilikdan asar ham qolmaydi.
Imom Tabaroniy Zomrata ibn Sa’labata roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Modomiki hasad qilishmasa, odamlar yaxshilikda bardavom bo‘ladilar”, deydilar. Demak, hasad qilishsa, oralaridan yaxshilik ko‘tarilar ekan. Odamlarning orasidan yaxshilik ko‘tarilganda jamiyatning halokatga duchor bo‘lishi shubhasizdir!
Har bir inson boshqa ma’naviy jinoyatlardan qutula borish barobarida, hasad kabi katta ma’naviy jinoyatdan ham qutulishi shart. O‘shandagina elu yurtimizda biror yaxshilikdan umid qilsak bo‘ladi. Har birimiz hasaddan forig‘ bo‘lib, qalbimiz toza holga kelib, quyidagi hadisda zikr qilingan saodatmand sahobiy roziyallohu anhu darajasiga yetishishga harakat qilishimiz lozim.
Shunday ekan barchalarimiz hayotimiz davomida solih amallar qilish, insonlarga hushmuomalada bo‘lish, birovlarga ozor bermaslik, yomon amallar qilayotgan yaqinlarimizni qo‘limizdan kelganicha to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga harakat qilsak, dinimiz rivojiga, mustaqilligimizning abadiy bo‘lishiga o‘z hissammizni qo‘shgan va oralarimizda kelib chiqayotgan turli xil illatlraga barham bergan bo‘lar edik. Darvoqe’ shu bilan bir qatorda qalbimizdagi birovlarga bo‘lgan hasadni yengib borsak, Alloh taolo va insonlar muhabbatiga sazavor bo‘lishimiz mumkin.
Kiritilgan vaqti: 20/05/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 12585
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 20:58