O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

HAR BIR KUNNING O‘Z VAZIFASI BOR

 
 

Mustaqillik sharofati bilan qishloqlarimiz qiyofasi tobora go‘zallashib bormoqda. Qishloq aholisi Vatanimiz boyligiga boylik qo‘shish va xalqimiz dasturxonini noz-ne’mat bilan to‘ldirish yo‘lida astoydil harakat qilmoqdalar. Ularning sharafli mehnatlari bilan yetishtirilgan mahsulotlar tobora ortib bormoqda.

Darhaqiqat, xalqimizning rizqu-nasibasi, bozorimizdagi arzonchilik, dasturxonimizdagi to‘kinchilik, dehqonu-bog‘bonlarimiz yetishtiradigan hosilning mo‘lligi va salmog‘iga bog‘liq. Shu sababdan ham dehqonchilik qadimdan ulug‘ va sharafli kasb sanalgan. Kalomi sharifda bunday marhamat qilingan: “Ishlangiz! Albatta, Alloh, Rasuli va mo‘minlar ishlaringizni ko‘rajaklar. Shuningdek, albatta, g‘oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot) huzuriga qaytarilursiz. Bas, (o‘shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur”. (Tavba,105) Hadisi sharifda esa: “Bir kishi biror bir daraxt eksa, Alloh taolo ekilgan daraxt bergan hosil evaziga ko‘plab ajru-savoblar ato etadi”, deya marhamat etilgan. Rivoyat qilinishicha, bir kishi ulug‘ sahobiy Abu Dardo oldilaridan o‘tib borayotsa, u zot yong‘oq ko‘chatini ekayotgan ekanlar. U kishi Abu Dardoga qarab “Ulug‘ yoshga kirgan bo‘lsangiz ham ko‘chat ekasizmi, axir bu falon yildan so‘ng mevaga kiradiku”, dedi. Abu Dardo unga javoban: “Menga savobi yetsa bo‘ldi, mevasini boshqalar iste’mol qilaversin”, degan ekanlar. Istiqlol yillarida muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida qishloq xo‘jaligi, xususan dehqon va fermerlar uchun keng imkoniyat yaratilib, ularga katta e’tibor berildi. Bugungi kundagi yurtimiz iqtisodiyotida erishilayotgan yutuqlar ana shu e’tibor mahsulidir.

Bahorning har oni, har lahsazi g‘animat. O‘tayotgan har kunimizning o‘z vazifasi bor. Bu kunlarning vazifasini nafaqat dehqon-fermerlar, balki har bir yurtdoshimiz chin yurakdan his qilmog‘i lozim. Hovli-tomarqamizdan ham unumli foydalanmoq zarur. Afsuski aksariyat hollarda bozordagi ko‘katlarni xarid qilayotganlarning ko‘plari keng tomorqa egalaridir. Biz isrof deganda ko‘pincha pulni behuda sarflashni tushunamiz. Ammo yerni e’tiborsiz, ekin ekmay foydalanmaslik ham isrof-gunoh ekanini unitib qo‘yamiz.

Yaratgandan bu yilgi bahor fasli yanada barokatli bo‘lishini, dehqonchilik va ziroatda, jumladan, paxta, g‘alla, meva-sabzavot, pillayu-chorvachilikdan xalqimizning rizqu-nasibasi ziyoda bo‘lishini duo qilib so‘raymiz.


Kiritilgan vaqti: 19/03/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3480
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/har-bir-kunning-oz-vazifasi-bor
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing