Haqiqiy peshvolik namunasini ko‘rsatganingiz uchun CHEKSIZ TASHAKKUR!
Butun dunyoga koronavirus pandemiyasi tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tug‘dirdi. Yurtimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, xalqimizning chuqur tushunishi va o‘ziga xos sabr-toqati bilan bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti. Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida qisqa fursatlarda davolash muassasalari qurilib, karantin zonalari tashkil etilgani bunda muhim omil bo‘ldi.
Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda olijanoblik namunasini ko‘rsatgan, mehr-oqibat, saxovat va olihimmatlik fazilatlarini ulug‘lab kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularga beminnat ko‘mak berish borasidagi ishlarga katta hissa qo‘shgan, hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, ezgu ishlari bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan qadrli va tabarruk ulamolarimiz, muhtaram va hurmatli imom-domlalarimiz, aziz va qimmatli mudarrislarimiz, mushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlari hamda sevimli va suyukli talabalarimizning xizmatlarini ALOHIDA E'TIROF etish kerak.
Bunday insonlarimiz pandemiya davrida va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlarning oqibatlarini bartaraf etishda haqiqiy jonbozlik ko‘rsatganlari ulkan tahsinlarga va beqiyos tashakkurlarga loyiqdir!
Natijada, matonatli xalqimiz koronavirus pandemiyasi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, degan oyati karimaga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo‘lib, insonparvarlik va mehr-oqibatlilikning yuksak namunasini butun dunyoga ko‘rsatdilar.
Diniy sohada mehnat qilayotgan fazilatli insonlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, xayriya mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga ko‘mak berish, og‘ir sharoitdagi odamlarni sabr-toqatga chaqirish, ularning ko‘nglini ko‘tarishdagi fidoyiliklari har qanday maqtovga loyiqdir! Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, – deb xushxabar bergan.
Ushbu kasallik va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida diniy soha xodimlari ishtirokida jonliqlar so‘yilib, najot so‘rash namozlari ado etilgani, xatmi Qur'onlar, duoyu tazarrular, istig‘forlaru salavoti shariflar aytilgani eng ulug‘vor ishlardan bo‘lganini alohida e'tirof etishimiz – ham qarzimiz, ham farzimizdir!
Alloh taboraka va taolo Qur'oni karimda insonlarni sinovli kunlarda sabr va qanoatli bo‘lishga da'vat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, – deb marhamat qiladi. Chindan ham, har qanday tashvish ortida yengillik borligini koronavirus kasalligidan sog‘ayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimizning yordami ila o‘z hayotini yangitdan yo‘lga qo‘yib olayotgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar.
Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona yengib o‘tishda diniy soha xodimlarining pandu nasihatlari, ibratli o‘gitlari va ezgu tashabbuslari juda ham katta ta'sir ko‘rsatdi.
Muhtaram Yurtboshimiz pandemiyaga qarshi kurashda faollik ko‘rsatganlarga tashakkur bildirib, keng jamoatchilik vakillari qatorida qadri baland imom-xatiblarni ham alohida (!) esga olganlari diniy soha xodimlari mehnatlariga berilgan yuqori bahodir.
Xalqimiz tomonidan mana shunday ulug‘vor ishlar uchun juda ko‘p minnatdorliklar kelib tushmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali ham mamlakatimiz fuqarolari tomonlaridan ALOHIDA RAHMATNOMALAR hanuzgacha izhor qilinmoqda. Ayniqsa, mana shunday samimiy maktublarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, xususan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va u kishining birinchi o‘rinbosarlari Homidjon qori Ishmatbekovga alohida dil so‘zlari bitilgan.
O‘z navbatida biz ham mana shunday ulug‘vor ishlarda boshchilik qilgan – Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamshetdin domla Bauatdinov, Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov, Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmon domla Jabborov, Navoiy viloyat bosh imom-xatibi Toir domla Ro‘ziyev, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay domla Tursunov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov, Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulla domla Zokirov, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Cayfiddinov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Turmatov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov, Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydullo domla Abdullayev, Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev va Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmanovlarga CHUQUR MINNATDORLIK BILDIRAMIZ!
Shuningdek, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar domla Xalilov, Toshkent shahridagi “Al-Badr” jome masjidi imom-xatibi Odil domla Xolmurodov, “Pul yemas ota” masjidi imomi Habibulloh domla G‘aniyev, “Yakkasaroy” masjidi imom noibi Dilmurod domla Rahimov, “Baland” masjidi imom noibi Ma'ruf domla Norqulov, “Muhammad Umar o‘g‘li Zokir” masjidi imom noibi Qahramon domla Xo‘rozov, Farg‘ona viloyati “Oq do‘ppi eshon” masjidi imom-xatibi Muhammadamin domla Abduhamidov, Surxondaryo viloyati “Abu Hanifa” masjidi imom-xatibi Dilmurod domla Davlatov, Qashqadaryo viloyati “Sulton Mirhaydarbobo” ziyoratgohi rahbari Ulug‘bek domla Amirov, “Hazrati Mirijanda” masjidi imom-xatibi Anvar domla Ganjiyev, Xorazm viloyati “Xo‘jabobo” masjidi imom-xatibi Ergash domla Otajonovga ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali yurtimiz fuqarolari tomonlaridan ALOHIDA TASHAKKURNOMALAR izhor qilingan.
Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida: “Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam Xudoga ham shukr qilaolmaydi”, – deb marhamat qilganlar. Dono xalqimiz esa: “Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham kaytadi. Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi”, – deb bejizdan bejiz aytmagan.
Alloh taolodan mana shunday qadrli va tabarruk ulamolarimiz, muhtaram va hurmatli imom-domlalarimiz, aziz va qimmatli mudarrislarimiz, mushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlari hamda sevimli va suyukli talabalarimizga sihat-salomatlik, shodu hurramlik va ikki dunyo saodatini so‘raymiz!
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, muborak dinimiz rivoji hamda dono xalqimiz salomatligi va farovonligi yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar ato etishini Mehribon Parvardigorimizdan iltijo qilib qolamiz!
El-yurtimiz ravnaqi va dini Islom ma'rifati yo‘lida kunni tunga, tunni kunga ulab, o‘zining bor kuch-qudrati va aql-zakovatini ayamasdan, sidqidildan, fidoyilarcha, xolisona hamda ulkan mehr ila xizmat qilib kelayotgan SIZLARDEK mo‘tabar insonlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan OTA-ONALARINGIZGA MING RAHMAT!!! Barcha ota-onalarga ham Parvardigori olam ana shunday farzand tarbiyalab, kamolga yetkazishni nasib aylasin!
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Kiritilgan vaqti: 03/06/2020 14:20; Ko‘rilganligi: 1103
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 19:48