O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Halollik — rizq, xayr-baraka manbai

 
 

Halollik — rizq, xayr-baraka manbai

Halollik – shariatimizda eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Zero, har bir musulmon bajargan solih amallarining Allohning dargohida qabul bo‘lishi, farzandlarining salohiyati, oilasining farovonligi, aynan yeydigan luqmasining halol, kasbi-korining shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishiga bog‘liqdir.

Halol rizq qalbni, naslni pok saqlaydi. Bu borada Anas ibn molikdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halol rizq izlash – har bir musulmon uchun vojibdir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Alloh taolo har bir insonga, har bir hayvonga rizq bergan. Shuningdek, Alloh taoloning ularni yaxshilikka muvaffaq qilishi, toatlarga yo‘llab qo‘yishi ham rizqdir. Albatta, inson tirikchilik uchun rizq istaydi va kasbi bilan Alloh berganini topadi. Kasb-kor qilish hayot zaruratlaridan bo‘lgani sababli Alloh taolo inson hayoti uchun kerak bo‘ladigan barcha sabablarni tayyorlab qo‘ygan. Qur'oni Karimning Ibrohim surasida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Alloh osmonlar va Yerni yaratgan va osmondan suv (yomg‘ir, qor) yog‘dirib, u sababli sizlarga rizq bo‘ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U (O‘z) amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo‘ysundirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo‘ysundirdi. (U) doimo faoliyat ko‘rsatib turuvchi Quyosh va Oyni ham sizlarga bo‘ysundirdi. Yana kecha va kunduzni sizlarga bo‘ysundirdi”. Ya'ni, dunyoda yaratilgan barcha narsalar insoniyatning foydasi uchun xizmat qilishini Alloh ta'minlab qo‘ydi. Faqatgina, insonlar yaratilgan ne'matlardan oqilona va ularning pokizalarini iste'mol qilishlari buyurildi.

Rizq insonlarning harakati, istashi va kasb qilishiga qarab ikki qismga taqsimlanadi. Halol rizq va harom rizq. Alloh taolo Baqara surasida shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!”. Allohning O‘zi mo‘min bandalariga rizq qilib bergan narsalardan pokini yeb lazzatlangan bandalar rizq bergan zotga - Allohga shukr keltirishlari zarurligini anglatmoqda. Mo‘min inson Allohning amriga binoan doimo pok narsani yeydi. Bu ilohiy amr uning foydasi uchundir.

Jamiyatda halollik tushunchasini keng yoyishni har bir inson o‘z oilasidan boshlashi kerak. Hadisi sharifda eng yaxshi kasb inson o‘z qo‘li va savdo yo‘li bilan qiladigan kasb ekani aytiladi. Rofe' ibn Xadij raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamdan eng yaxshi kasb qaysi, deb so‘rashdi. U Zot: “Eng yaxshi kasb – kishi o‘z qo‘li bilan kasb qilishi va har bir yaxshi savdo”, – deb javob berdilar.

Hayotda insonlar turli kasblar bilan shug‘illanishadi. Jamiyatda shunday toifa odamlar ham borki, ular Alloh harom qilgan ishlarni o‘zlariga kasb qilib olganlar. “Behunarning hunari-yalqovlik”, deganlaridek, bunday odamlarning ko‘pchiligi yoshlikda ilm o‘rganmaganliklari va hunar egallamaganliklari uchun keyinchalik o‘zgalarning rizqiga sherik bo‘lishni kasb qilib olishadi. Masalan, tilanchilik, o‘g‘rilik, qaroqchilik, zo‘rovonlik, fohishalik, qimorbozlik, firibgarlik, folbinlik kabi Alloh qaytargan ishlar ularning kasbiga aylanib qolagan. Bunday illatlarning eng yomoni, harom sanalgan ishlar bilan ongli odamlarning shug‘ullanishidir. Biz shunday o‘gitlarga to‘la amal qilsakkina o‘zimiz ham, avlodu zurriyotlarimiz ham ikki dunyoda baxtli, saodatli, solih kishilardan bo‘lamiz.

                                                                                                                                           Barot AMONOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi bo‘lim boshlig‘i


Kiritilgan vaqti: 17/06/2020 09:34;   Ko‘rilganligi: 1612
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/halollik-rizq-xayr-baraka-manbai
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 00:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing