O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

GO‘ZAL VA BETAKRORIMSAN, FAXRIMSAN VATAN

 
 

Hammamizga ma’lumki, mustaqilligimizning yigirma besh yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Ana shu qisqa muddat ichida yurtimiz tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgardiki, uning chiroyidan ko‘zlarimiz qamashib, qalblar quvonchga to‘lib, ko‘ngillar yayraydi. Har bir soha vakiliga o‘ziga topshirilgan vazifani a’lo kayfiyat bilan, a’lo darjada bajarayotganligi, vatanga bo‘lgan mehr-muhabbati, odamlarga bo‘lgan hurmat-ehtiromi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada oshirib, kuchiga kuch, quvvatiga quvvat qo‘shmokda. Shu jumladan biz diniy xodimlar ham o‘z zimmamizga yuklatilgan vazifalarni imkon qadar baholi qudrat bajarib kelmoqdamiz. Bugunlik kunda shahrimizdagi masjidlar zamon talabi darajasida obodonlashtirilgani, namozxonlarga to‘liq qulayliklar yaratib berilganligi hech kimga sir emas. Biz bugun har qanday mehmonni kutib olib, yutuqlarimiz bilan tanishtirib, biron bir kamchiliksiz kuzatib qo‘yish darajasiga yetganligimiz Davlatimiz rahbarlarining olib borayotgan odilona siyosati, mehnati samarasidir. Mustaqilligimiz sharofati ila shunday oliy darajalarga erishdik. Bu darajadan tushmaslik uchun o‘zimizni va yoshlarimizni har qanday yovuz kuchlardan, fitnalardan,tuxmatlardan, din niqobi ostida harakat qilayotgan dinsizlardan, “ommaviy madaniyat” deb atalmish ofatlardan asrashimiz kerak.

Yigirma besh yil ichida qo‘lga kiritilgan yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgan emas. Bu yutuqlar vatan ishqida yonayotgan, xalqi uchun yelib yugirayotgan, kelajak uchun qayg‘urayotgan, millatining or nomusi uchun jonini fido qilayotgan olijanob insonlarning mehnati, say’-harakati evaziga kelgandir. Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat-engilmas kuch” asarida: “Dunyodagi zo‘ravonlik va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni o‘ziga tobe kilib, buysindirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo‘lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya’ni eng buyuk boyligi bo‘lmish, milliy qadriyatlari, tarixi va manaviyatidan judo qilishga urinadi” deb ta’kidlaganlar. Demak bizlar milliy qadiriyatlarimizni, tariximizni, ma’naviyatimizni yanada rivojlantirsak, yanada kuchaytirsak, bizni hech kim hech qanday kuch hech qachon yenga olmaydi.

Payg‘ambarimiz (s. a. v. ) xayotlik vaqtlarida aslo vujudga kelmagan ammo kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan, xalqlar va millatlar birligi hamda osayishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg‘unchiliklar haqida xabar berib: “Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomoni farqiga bormasa, mo‘minga ziyon yetkazishdan o‘zini tiymasa, bergan va’dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas”, (Muslim va boshqalar rivoyat kilgan) deb keskin aytganlar. Vatanni sevish, unga xizmat kilish, uni ardoqlash, uni madh etish, u bilan faxrlanish har bir millatning shon-shavkatidir. Men O‘zbekistonda tug‘ilganligimdan shunday yurtda tarbiya topganimdan va shu elga xizmat kilayotganimdan faxrlanaman. O‘zbekistonda tug‘ilib shu yurtning non tuzini yeb, bugun o‘zga yurtlarda vatangado bo‘lib yurgan, o‘z xalqiga loy chalpitayotgan iymoni zaif, vijdonsiz kimsalarga ”O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat. Agar sen o‘z kelajagingni o‘ylasang, oxirating obod bo‘lishini xohlasang hali ham kech emas, o‘z fikringdan qayt. Xalqingdan, Yurtboshingdan kechirim so‘ra. Zero o‘zbek xalqi bag‘ri keng, oliyjanob, samiymiy, kechirimli xalqdir. Sen o‘zga yurtning yolg‘on fitnalariga aldanib yurgandan ko‘ra o‘z yurtingni xaqiqatiga tik boq va tan ol, degim keladi.

Alloh taolo Qur’oni karimning Yunus surasi 82-oyatida “,Garchi jinoyatchilar yoqtirmasalarda Alloh o‘z so‘zlari (amirlari)bilan haqiqatni ruyobga chiqarur”, deb marhamat qilganlar. Haqiqat shulki, O‘zbekistondek buyuk allomalar yurtini tashlab, ota-onasiga oq bo‘lib, shirin-shakar farzandlar ko‘z yoshi uvoliga qolgan noshukr kimsalar xorijda baxtli bo‘layotgani yo‘q.

Allohning nazari tushgan O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin. Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim. Sendek yurtning fidokor farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Iftixorimsan, faxrimsan Vatan.


Kiritilgan vaqti: 01/09/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2716
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/gozal-va-betakrorimsan-faxrimsan-vatan
Chop etilgan vaqti: 17/06/2021 01:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing