O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

GIYOHVANDLIK UMR ZAVOLI

 
 

Hayot go‘zal. Hayot lazzatlik. Ana shu go‘zallikdan zavqlanib, hayot lazzatidan tatigan kishi dunyo sahnasiga yaxshi amallar qilishga harakat qiladi. Ota-ona, og‘ayni-qarindosh, aka-uka, opa-singil, qo‘ni-qo‘shnining qadriga yetib yashaydi. Haromdan hazar qilib, halollik bayrog‘ini baland tutadi. Muqaddas dinimiz ko‘rsatmalariga amal qiladi.

Ming afsuslar bo‘lsinki hozirgi kunda dinyo bo‘ylab keng tarqalib borayotgan asrimiz vabosi deb qoralanayotgan giyohvandlik bizning mamlakatda ham uchrab turibdi. Dunyo va oxiratini unitgan kishilar bilib-bilmay, soniyalik rohat uchun iste’mol qilayotgan og‘ulari hayotga bo‘lgan qiziqishlarini, yaqinlariga bo‘lga mehru-muhabbatni so‘ndirib, insoniylik fazilatlaridan mahrum qilmoqda. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamang” (Baqara,195). “Niso” surasining 79 oyatida esa: “O‘zlaringizni (bir-birlaringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm - shavqatlidir ”, deb, ogohlantirgan.

Bu oyatda “O‘zlaringizni o‘ldirmangizlar!” birikmasi bir necha xil tafsir qilinadi:

1. Bir biringizni o‘ldirishingiz o‘zingizni o‘ldirishingiz bilan barobardir. Zero, hammangiz bir xil dinga munosib qilinursiz.

2. Mol-mulklaringizni o‘zaro nohaq yo‘llar bilan yeyishingiz o‘zingizni o‘zingiz qatl qilishingiz bilan barobardir.

Islom dini inson sog‘ligining ketishiga yoki uning halokatiga sabab bo‘luvchi vositalardan chetlashishga buyuradi. Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) giyohvandlikning harom ekanligiga dalolat qiluvchi bir qancha hadisi shariflar rivoyat qilingan. Jumladan:

“Har kim o‘zini o‘zi biror narsa bilan o‘ldirsa qiyomat kuni do‘zaxda o‘sha narsa bilan azob beriladi”. (Imom Buxoriy, Imom Muslim)

“Islom dinida o‘ziga ham o‘zgalarga ham zarar keltirish yo‘q”. (Imom Ahmad, ibn Mojja)

Mazkur hadisi shariflar har qanday turdagi giyohvandlik harom ekaniga dalolat qiladi. Ulamolarimizdan Imom Badriddin Zarkoniy, Abu Bakr Qastaloniy hazratlari giyohvandlikning yomon oqibatlari haqida kitoblar yozgan. Asrimiz ulamolaridan ham juda ko‘plari bu zaharli, harom bo‘lgan moddalar haqida ko‘plab kitob va risolalar yozganlar. Muftiy Usmonxon Alimovning “Yoshlar – kelajagimiz” nomli kitobida ham giyohvandlik illat ekanligi va hayot uchun o‘ta xavfliligini takidlab shunday yozadi: “Bugungi kunda giyohvandlik bilan shug‘ullanayotganlar narkotik moddalarni yetishtirib, ishlab chiqarayotganlar, tashiyotganlar, sotayotganlar barcha-barchalari hammamizning hayot kemamizni tagidan teshib, g‘arq etishga harakat etayotan johillardir. Agar ko‘plashib ularning qo‘lidan tutmasak, hammamiz barobariga g‘arq bo‘lib, halokatga uchrashimiz turgan gap. Shunday ekan gullab-yashnayotgan O‘zbekistonimizni avaylab-asrash, kelajak avlodga boricha yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir”.

Asr vabosiga aylangan bunday illatdan qutilishi uchun uning oldini olishimiz kerak. Kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizni himoya qilish, sog‘lom voyaga yetkazish uchun har birimiz mas’ulmiz. Davlatimiz olib borayotgan odilona siyosat tinchligimiz mezonidir. Joriy yilni “Sog‘lom ona va bola” yili deb nomlanishi ham bejiz emas. Sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘ilishi hammaga ayon. Sog‘lom ona bo‘lishligi uchun ayollarimizni, qizlarimizni, singillarimizni ko‘z qorachig‘idek yomon illatlardan saqlay bilishimiz darkor. Buning uchun hammamiz bir tan bir jon bo‘lib harakat qilaylik. O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat. Buyuk davlatga buyuk yoshlarni tarbiya qilib yetishtirib berish bizlarning eng oliy burchimizdir.


Kiritilgan vaqti: 30/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3909
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/giyohvandlik-umr-zavoli
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 15:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing