O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

G‘AFLATDA QOLMANG! Bu kecha taqdirlar, voqea-hodisalar, qismatlar belgilanadi

 
 

#ESLATMA

Baroat kechasi Sha’bon oyining o‘n beshinchi ya’ni 2017 yilning 11 maydan 12 mayga o‘tar kechasiga to‘g‘ri keladi.

“Baroat” so‘zi arab tilida “ozod bo‘lish”, “najot topish” degan ma’nolarni anglatadi. Bu kechaning baroat, ya’ni najot topish, ozod bo‘lish kechasi deya nomlanishiga sabab, unda Alloh taoloning rahmati sababli behisob insonlar do‘zaxdan najot topadilar. U sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi (2017 yilning 11 maydan 12 mayga o‘tar kechasi)ga to‘g‘ri keladi.

1. Bu qanday kecha?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(Ey Oysha,) bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” dedilar.

Men: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim.

“Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha O‘zining bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat qiladi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi”, dedilar.

2. Bu kechada nimalar sodir bo‘ladi?

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Bu kechada (ya’ni sha’bonning o‘n beshinchi kechasida) nimalar bo‘lishini bilasizmi?” dedilar.

Oysha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo‘ladi?” dedilar.

U zot: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tug‘iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari ko‘tarilib, rizqlari nozil bo‘ladi”, dedilar.

3. Bu kecha gunohlar mag‘firat qilinadi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

“Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining sha’niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi”.

***

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

“Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasida rahmat nazari bilan qarab, shirk keltiruvchi va qalbida birorta musulmonga nisbatan gina-adovat saqlovchi kishilardan boshqa barcha maxluqlarini mag‘firat qiladi”.

***

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Ikkita shaxsdan boshqa barchani mag‘firat qiladi: biri ginachi, boshqasi nohaq odam o‘ldiruvchi”, dedilar.

4. Bu kecha duolar qabul bo‘ladi.

Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

“Qachon sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, bas, (Alloh taolo tarafidan)bir nido qiluvchi nido qiladi: «Birorta mag‘firat so‘rovchi bormi, Men uni mag‘firat qilaman! Biror narsa so‘rovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim (qalbidan) so‘rasa, unga (o‘zining sha’niga muvofiq) beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa (Bular o‘zlarining yomon amallari sababidan Alloh taoloning ne’matidan mahrum bo‘lgandirlar).

***

Imom Shofe’iy rohmatullohi alayh aytadilar:

“Bizga shu gap yetdiki, besh kechada duolar qabul qilinar ekan: juma kechasi, iydul azho kechasi, iydul fitr kechasi, rajab oyining avvalgi kechasi va sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi”.

5. Bu kecha odamlar do‘zaxdan ozod qilinadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib, aytdilar:

“Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko‘p odamlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo‘ylarining junlaridan ham ziyoda bo‘ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan)to‘pig‘idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”.

6. Bu kecha qanday amallarni bajarish lozim?

1. Xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado eting;

2. Tavba va istig‘for aytishga e’tibor qiling;

3. O‘zingiz va barcha ummat uchun xayrli duolar qiling;

4. Toqatingiz yetganicha zikrlar, nafllar, Qur’on tilovati qiling;

5. Imkon topsangiz sha’bonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tuting.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va to tong otgunicha:

“Qani, istig‘for aytuvchi bormi, uni mag‘firat qilaman. Qani, rizq so‘rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon” (deydi) dedilar (Ibn Moja rivoyati).

7. Bu kechani bedor o‘tkazganga jannat vojib bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Beshta kechani kim tiriltirsa (bedor o‘tkazsa), jannat unga vojib bo‘ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va sha’bonning o‘n beshinchi kechalaridir”, dedilar.

MANBA: MUSLIM.UZ


Kiritilgan vaqti: 11/05/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3471
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/gaflatda-qolmang-bu-kecha-taqdirlar-voqea-hodisalar-qismatlar-belgilanadi
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 13:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing