Fitnaga yaqinlashgan undan qutula olmas
Bugungi kundagi aksariyat diniy-ekstremistik va terrorchi tashkilotlarning asosiy belgilaridan biri bu takfir, jihod orqali xalifalik tuzumi ostidagi davlat barpo etishni maqsad qilishlaridir. Jumladan, “Hizbut-tahrir”, “Al-Qoida”, ISHID (Iroq va Shom islom davlati) va boshqa shu kabi tashkilotlarning asosiy g‘arazlaridan biri xalifalik hisoblanadi. Biroq, maqsad vositani oqlaydi qabilidagi tamoyil bilan “xalifalik” barpo etish yo‘lida musulmonlarni kufrda ayblab, ularni o‘ldirish Islom aqidasiga ziddir.
Ular o‘z g‘oyalarini tasdiqlash uchun Qur’oni karimning ba’zi oyatlarini zohiran talqin qilishlari, shuningdek, ayrim hadislarni o‘z manfaatlari yo‘lida qo‘llashlari mazkur guruhlarning yanada adashib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Islom shunchalar bag‘rikeng dinki, nafaqat musulmonlar huquqini balki boshqa din va millat vakillarini ham tinchlik va sulhda, hatto urushdan so‘ng asir tushganlarning ham obro‘si, moli va jonini himoya qiladi. Zero, Alloh taolo: “Sizlar ahli kitoblar bilan faqat chiroyli uslubda munozara qilingiz” (“Ankabut” surasi, 46) oyatida aynan shunga buyurgan.
Abdurrohman ibn Abi Laylo (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Sahl ibn Hunayf va Qays ibn Sa’d Qodisiyada o‘tirganlarida, yonlaridan tobut olib o‘tildi. Ularga: “bu shu yerlik, ya’ni ahli zimmaku?!”, deyildi. Ular: “Nabiy (s.a.v.) yonlaridan o‘lik olib ketilayotganda, ularga bu yahudiyku?!”, deb aytilganda, ular: “Axir u inson emasmi?!”, deb aytgan edilar”, deyishdi” (“Sahihi Imom Buxoriy”, 1312).
E’tibor bering, hadisda birgina boshqa e’tiqodda vafot etgan shaxsning obro‘si qanchalik bo‘lishi kerakligini Payg‘ambarimizning o‘zlari ibrat qilib ko‘rsatib ketganlar. Hozirgi mutaassib shaxslarda bunday yuksak xulqdan asorat ham yo‘q.
Navbatdagi hadisda xristianlik, rumliklar, ya’ni yevropaliklarning tavsifi maqtalgan. Al-Mustavrid al-Quroshiy (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Ular (rumliklar, xristianlar) fitnada bosiq, musibatga bardoshli, miskin va faqirlarga eng yaxshi (munosabatda)dir”, deb aytdilar (“Sahihi Imom Muslim”, 7462).
Bugun dinda g‘uluv ketganlar Payg‘ambarimiz kabi boshqa din vakillarini maqtab, mard bo‘la oladilarmi? Yo‘q, chunki ularning qalblaridan musulmon kishida bo‘lishi lozim bo‘lgan rahmat, mehr-shafqat olib qo‘yilgan.
Xalifalikni tiklash g‘oyasi bilan chiquvchi guruhlar nafaqat boshqa din vakillariga balki bo‘ yo‘lda musulmonlarga ham shafqat qilmayaptilar. Iroq va Shom diyorlarida yuz berayotgan voqealar, borgan sari avjiga chiqmoqda, fitnaning alomatlari ham shunday bo‘ladi.
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): “Fitnalar bo‘ladi, (o‘sha paytda) o‘tirgan turgandan afzal, turgan yurgandan afzal, yurgan yugurgandan afzal. Kimda kim unga yaqinlashsa, u (fitna) uni tortib ketadi, kimda kim boshpana topsa, undan qutulib qoladi”, dedilar (“Sahihi Imom Buxoriy”, 7081).
ISHID e’lon qilgan soxta xalifalik esa, botil g‘oyalari bilan zalolatga ketishi aniq. Bu kabi firqalar Huzayfa ibn Yamon (r.a.)dan rivoyat qilinadigan quyidagi hadisni o‘z g‘arazlari yo‘lida ko‘p ishlatadilar. Rasulululloh (s.a.v.): “Sizlar payg‘ambarlikda (yashayapsizlar), u Alloh istaganicha bo‘ladi, keyin U uni olib qo‘yadi. Keyin payg‘ambarlik yo‘lidagi xalifalik bo‘ladi, u Alloh istaganicha bo‘ladi, keyin U uni olib qo‘yadi. Keyin adolatsiz podshohlik bo‘ladi, u Alloh istaganicha bo‘ladi, keyin U uni olib qo‘yadi. Keyin zolim hukmronlik bo‘ladi, u Alloh istaganicha bo‘ladi, keyin U uni olib qo‘yadi. Keyin yana payg‘ambarlik yo‘lidagi xalifalik bo‘ladi”, deb sukut saqladilar (“Musnadi Imom Ahmad”, 18046; “Musnadi Abi at-Toyalisiy”, 439).
Yuqorida keltirilgan hadisning sahihligi borasida ko‘pchilik olimlar shubha bildirishgan. Hadisning roviylari silsilasidagi Habib ibn Salim ishonchsiz shaxs deb topilgan. Imom Buxoriy bu roviy shaxsiyati haqida keskin fikrlardan qochib, unga ishora qilgan holda, yolg‘on hadis to‘qishning oqibati jahannam ekani to‘g‘risidagi hadislarni eslatib o‘tgan (“At-Tarix al-Kabir”, Imom al-Buxoriy, 2/318).
Mazkur hadisdagi “payg‘ambarlik yo‘lidagi xalifalik” degan qismini ISHID a’zolari o‘zlariga nisbatan qo‘llab, “o‘sha xalifalik deya biz nazarda tutilganmiz” deb johilona fikr yuritmoqdalar, shuning o‘zi ularning juda qattiq adashayotganiga dalolat qiladi. Hadislarda bashorati kelgan adolatli xalifalik bu Payg‘ambarimiz avlodidan bo‘lgan Mahdiyga xosdir. Biroq, so‘nggi paytda ISHID yetakchilari aqidaviy masalaga oid Mahdiy haqidagi hadislarni inkor qilishga o‘tgani bejiz emas. Chunki ular mazkur mavzudagi hadislarni tasdiqlashsa, o‘z-o‘zidan guruhning g‘oyalari, “xalifasi” va “davlati” soxtaligi ma’lum bo‘lib qoladi.
Ahlus-sunna val-jamoa e’tiqodiga binoan oxir zamonda Muhammad (s.a.v.)ning nabiralari Hasan ibn Ali (r.a.) naslidan bo‘ladigan odil, saxiy rahbar Mahdiy chiqishi, asli madinalik bo‘lib, Makkaga ko‘chib o‘tishi, uning ko‘rinishi o‘xshamasa-da, xulqi o‘xshashi, uning ismi payg‘ambarimizga adash ekani, ya’ni Muhammad ibn Abdulloh bo‘lishi, u Iso (a.s.) bilan ittifoqda Dajjolga qarshi kurashib, uni yengishi haqida ishonarli hadislar rivoyat qilingan. Demak, Payg‘ambarimizning “Ummatimda xalifalik 30 yildir. Undan keyin podshohliklar (bo‘ladi)” degan hadislaridan ma’lum bo‘ladiki, to Mahdiy chiqmagunicha hech qanday xalifalik haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.
Yuqorida zikr etilgan Huzayfa ibn Yamon (r.a.)dan rivoyat qilingan hadis garchi ishonarli bo‘lgan taqdirda ham uning mazmunida musulmonlar zimmasiga xalifalik tuzish yoki uni tiklash burchini yuklamaydi. Balki nima bo‘lsa ham bu Allohning taqdiri ekanini anglatadi xolos. Chunki musulmonlarga xalifa bo‘lmasa, saylanmasa, usiz yashamanglar degan ko‘rsatma yo‘q. Abu Idris al-Xavaloniy Huzayfa ibn al-Yamon (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): “Musulmonlar jamoasidan ayrilmagin, ularning imomlariga ergashgin!”, dedilar. Men: “Basharti, o‘sha zamonda na musulmonlar jamoasi na imomlari bo‘lmasa-chi?”, dedim. Rasululloh (s.a.v.): “Garchi daraxt tomirini kemirib kun ko‘rishingga to‘g‘ri kelsa ham seni sabr qilishga da’vat qiluvchi Allohni qalbingga mahkam tugib olgin-da, o‘la-o‘lguningcha o‘sha zamon fitnachilaridan yiroq bo‘lgin!”, deb aytdilar (“Sahihi Imom Buxoriy”, 7084).
“Xalifalikni quramiz, tiklaymiz” deya bong urayotgan qotil to‘dalarga bu vazifa yuklatilmagan, yuklatilmaydi ham. Ayniqsa, ISHID a’zolari bo‘lgan terrorchilarning “Shomni olamiz, Movarounnahrni olamiz, Haramayn (Madina va Makka)ni olamiz” deb quturayotganlari ayanchli holat. Allohni uyi Ka’bani bosib olish, urush harom qilingan muqaddas Makka va Madina shaharlariga, musulmonlarga qarshi qurol ko‘tarishni orzu qilishning o‘zi ham katta gunohdir.
Qolaversa, Shom diyorida fitna qilishdan uzoq bo‘lish lozim. Chunki Payg‘ambarimizning o‘zlari “Allohumma borik lana fi Shamina” (“Allohim, Shomimizga baraka bergin!”) deb duo qilganlar. Shuningdek, Muoviya ibn Qurro (r.a.) otasidan qilgan rivoyatda: Rasululloh (s.a.v): “Ahli Shom fasod qilsalar, sizda yaxshilik qolmas”, deb aytdilar (“Sunani Imom Termiziy”, 2351).
Iroq va Suriyaga borib, u yerda mahalliy xalqni fitnalar domiga tortgan holda, barakani ko‘tarilishiga, aholini majburiy ravishda musulmon birodarini o‘ldirishiga, fasod va gunohga chorlayotganlar ko‘zlarini kattaroq ochishlari kerak.
“Movarounnahrni, O‘zbekistonni fath qilamiz” deb qo‘rqitmoqchi bo‘lganlar ham tillarini tiyib olsalar, o‘zlari uchun yaxshiroq bo‘ladi. Abu Hurayra (r.a.) dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): “Sayhon, Jayhon, Furot va Nil barchasi jannat daryolaridandir” dedilar (“Sahihi Imom Muslim”, 7340). Mazkur hadisdan yaqqol ko‘rinib turibdiki, Sayhon va Jayhon daryolari bu Payg‘ambarimiz davrida hozirgi Sirdaryo va Amudaryoning nomlanishidir. Demak, bu ikki daryo oralig‘i, ya’ni Movarounnahr mintaqasi Islom madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasining e’tirofi va bu diyorga qarshi adovat ko‘zi bilan qarashdan ehtiyot bo‘lish kerakligini bildiradi. O‘z vatani qadrini bilmaganlar o‘zga yurt qadrini bilarmidi?! Endi hali ham “hijrat” qilish niyatida bo‘lganlar qayerdan, nimaga ketayotganlarini anglasinlar.
Agar Yaqin Sharq mintaqasidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat shu tarzda ketaversa, ISHID yoki shu kabi guruhlar o‘zining razil maqsadlaridan qaytishmasa, mazkur mintaqalarda zulmlarini to‘xtatmasalar, albatta ular xorlikdan boshqasiga erishmaydilar. Chunki tarixda juda ko‘p bu kabi qonxo‘r guruhlar bo‘lgan, lekin birortasi bu qadar surbetlikka bormagan edi. Allohning uyi Ka’baga hujum qilishdan og‘irroq jinoyat yo‘q. Hatto bu haqida quyidagi sahih hadislar ham borki, ulardan ogoh bo‘lish zarur.
Ubaydulloh ibn al-Qibtiyyadan rivoyat qilinadi: Al-Horis ibn Abu Rabi’a, Abdulloh ibn Sofvan va men mo‘minlar onasi Ummu Salama (r.a.)ning huzuriga kelib, undan yer yutib ketadigan qo‘shin haqida savol berib, bu ibn Zubayr (r.a.) davrida bo‘lganmi deb so‘radik. U: “Rasululloh (s.a.v): “(Bir kishi) Baytdan boshpana topadi. Uning ortidan qo‘shin yuboriladi. Ular bir dashtga kelganida ularni yer yutadi”, deb aytdilar”, Keyin men: “Ey, Rasululloh, majbur bo‘lganga nima bo‘ladi?”, deb so‘radim. U zot: “Ular bilan birga yuttiriladi, ammo, Qiyomat kuni niyatiga qarab tiriltiriladi”, deb aytdilar”, dedi (“Sahihi Imom Muslim”, 7421, 7422).
Mazkur hadisda roviylar bekorga Ummu Salama (r.a.)dan Abdulloh ibn Zubayr (r.a.) haqida so‘ramaganlar. Tarixdan ma’lumki, Abdulloh ibn Zubayr ibn Avvom (r.a.) milodiy 684-692 yillarda Hijoz (Makka)da xalifa bo‘lgan edi. Unga qarshi Shomdan Abdumalik ibn Marvon ibn Hakam buyrug‘i bilan Hajjoj ibn Yusuf as-Saqofiy boshchiligidagi qo‘shin jo‘natilgan edi. Qo‘shin tomonidan Makka qamal qilinib, Abdulloh ibn Zubayr (r.a.) o‘ldirilgan edi. Ammo, mazkur qo‘shinni yer yutmagan edi. Demak, hadisdagi bashorat oxir zamon alomatlaridan hisoblanadi.
Abdulloh ibn Sofvandan rivoyat qilinadi: Menga Hafsa (r.a.) Rasululloh (s.a.v.)dan: “Bayt tomon qo‘shin otlanadi. Ular dashtga yetib kelganlarida, (qo‘shin) o‘rtasini yer yutadi. Avvalgi (qatordagilar) oxiridagilariga baqiradilar. Ularni ham yer yutib ketadi. Faqatgina ulardan qochib qolganlar bu haqida xabar beradilar”, deb eshitganini aytdi (“Sahihi Imom Muslim”, 7423).
“Ka’baga sajda qilayotganlarni o‘ldiramiz” yoki “Makkani fath qilmasdan turib, haj qilmayman!” deb musulmonlarga, Allohning uyida ibodat qilayotgan kishilarga qarshi nodonlarcha “jihod” e’lon qilganlar, keyin afsus chekib qolmasinlar.
Ummu Salama (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): “Bir xalifa o‘lganda ixtilof bo‘ladi. Madinadan bir kishi Makkaga qochib chiqadi. Bas, uning oldiga ahli Makkadan odamlar kelib, o‘zi xohlamasa ham uni chiqarib Rukn va Maqom orasida unga bay’at qiladilar. Unga qarshi Shomdan askar yuboriladi. Ularni Makka va Madina orasidagi dashtda yer yutadi. Qachon odamlar o‘shani ko‘rganlarida uning oldiga Shomning abdollari (avliyolari) va Iroqning yaxshilari keladilar va unga bay’at qiladilar...”, dedilar (“Musnadi Imom Ahmad”).
Mazkur hadisdan ma’lum bo‘ladiki, Shomdan askar jo‘natilishi va uni yer yutishi besabab emas. Bu zalolatdagi qo‘shin soxta xalifalikka tegishli bo‘lgani uchun ham haqiqiy, to‘g‘ri yo‘ldagi, adolatli rahbarga qarshi chiqib, mag‘lub bo‘lishi bashorat qilingan. Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, yuqorida dalil qilingan hadisdagi kabi oqibati yaxshilik bilan tugamaydiganlar bo‘lib qolishdan, nohaqlik bilan haq egalariga qarshi chiqib, bu dunyoda ham oxiratda ham balolarga duchor bo‘lishdan ehtiyot bo‘lish darkor.
Abdulloh ibn Umar (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): “Qur’oni karimni o‘qib, xalqumlaridan (pastga) o‘tmaydigan yoshlar paydo bo‘ladi. Ularning hammasi har asrda chiqadi va qiriladi”. U (ibn Umar (r.a.)): “Rasululloh (s.a.v.)dan: “Ularning hammasi har asrda chiqadi va qiriladi” jumlasini to “Hatto ular orasidan Dajjol chiqqunicha”, deb aytgunlaricha, 20 martadan ziyod qaytarganlarini eshitdim” dedi (“Sunani ibn Moja”, 179).
ISHID va unga o‘xshash takfirchi guruhlar avvalo musulmonlarni kufr va munofiqlikda ayblashdan ehtiyot bo‘lishlari lozim. Toqati yetmaydigan ishni bo‘yinlariga yuklab, ularga mutlaqo daxli bo‘lmagan “xalifalik”ni da’vo qilgan holda, jihodni musulmonlarga qarshi noo‘rin qo‘llab, juda katta fitnaga sabab bo‘layotganlaridan qo‘rqishsin.
Jamshid Aliyev
"www. kamolon.uz"dan
Kiritilgan vaqti: 09/12/2015 00:00; Ko‘rilganligi: 4787
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 15:55