FITNACHILARNING TASHQI ALOMATLARI.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ichoqjon domla Begmatov bilan bog‘liq gap-so‘zlar tarqaldi. Domlaning aytgan gaplarini turlicha talqin qilishlar kuzatilmoqda. Imom domla jamoatni birlikka chorlayotgan bir vaqtda bunga qarshi kuchlar qo‘llaridan kelganicha jamoat orasiga fitna urug‘larini sochishga harakat qilmoqdalar. Aslida Is'hoqjon domla aytgan fitnachilarning alomatlari haqidagi gaplar bundan 14 asr oldin xadisi shariflarda Rasulimiz alayhissalom tomonlaridan aytilgan edi.
Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ali Yamanda turganida yombi tilloni tuprog‘i bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yubordi. Bas, u Zot uni to‘rt kishi; Uyayna, al-Aqra', Zayd al-Xoyl va Alqamalar orasida taqsim qildilar. Bunda qurayshliklar g‘azablandilar va: «Najdning kattalariga berib bizni tark qiladimi?!» deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, men buni ularni ulfat qilish uchun qildim», dedilar. Keyin bir sersoqol, ikki yonog‘i bo‘rtib chiqqan, ko‘zlari ichiga kirgan, peshonasi do‘ng va sochi qirilgan kishi kelib: «Allohdan qo‘rq! Ey Muhammad!» dedi. «Agar men osiylik qilsam, Allohga kim itoat qiladi?! U zot meni yer ahliga ishonadiyu, sizlar menga ishonmaysizlarmi?!» dedilar. So‘ngra haligi odam orqasiga qarab ketdi. Qavmdan biri uni qatl qilishga izn so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mana shuning jinsidan bo‘lgan bir qavmlar chiqadi. Ular Allohning kitobini ko‘p tilovat qiladilar. Ammo u ularning bo‘g‘izlaridan nari o‘tmaydi. Ular ahli Islomni qatl qiladilar va ahli butlarni tark qiladilar. Ular Islomdan xuddi o‘q kamondan chiqqandek chiqadilar. Agar ularni topsam, albatta, Od qavmidek qatl qilardim», dedilar». (Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar).
Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan boshqa hadisda, kelajakda uni jinsidan havorijlar chiqishi aytilgan bu odamning ismi Zul-xuvaysira ekanligi va u Najdning Banu Tamim qabilasidan ekanligi aytilgan.
Boshqa rivoyatda esa shimini tizzasigacha qayirib olgan deb tasvirlaganlar.
Demak, quyidagi alomatlar fitnachilarning belgisidir.
1) Qur'onni qiroat qilurlar, ammo u halqumlaridan nari o‘tmas.
2) Ular Allohning kitobiga da'vat qilurlar, holbuki, o‘zlarida undan hech narsa yo‘q.
3) Dindan xuddi o‘q kamondan chiqqanidek chiqurlar, so‘ngra unga qaytmaslar.
4) Ahli Islomni qatl qiladilar va ahli butlarni tark qiladilar.
5) Ular odamlarning va hayvonlarning eng yomonidir.
6) Ular Najdning Bunu Tamim qabilasidan bo‘lgan Zulxuvaysiraning avlodlaridan chiqadilar.
7) Ularning belgisi – sochni qirdirish ekanligidir.
Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash joizki, bunday kimsalar 14 asrdan buyon ummat orasidagi birlikka rahna solib kelmoqdalar. Imom domlalarimizga otilayotgan toshlar ham aslida jamoatni kelishmovchiliklar girdobiga tiqishdan iboratdir. Bunga o‘xshash vaziyatlarda biz imomlarimizning so‘zlarini to‘g‘ri va o‘z ma'nosida tushunib, hissiyotlarga berilmasdan, fitnachilarning yolg‘on so‘zlariga aldanmasdan ish ko‘rmog‘imiz darkor.
Manba:O‘MI Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati.
Kiritilgan vaqti: 26/02/2020 16:50; Ko‘rilganligi: 1141
Chop etilgan vaqti: 13/06/2025 11:28