O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Farzandga chiroyli va ma’nodor ism qo‘yish..

 
 

Jamiki hamdu sanolar Olamlar Rabbi Alloh taologa xosdir. Allohning Rasuli va Habibi Rasulullohga, u kishining ahli-oilalari, sahobalari va Qiyomatga qadar sunnatlariga og‘ishmay amal qilib keluvchi mo‘minlarga salavot va salomlar bo‘lsin!

Alloh taolo O‘zining Kalomi majidida aytadi: “Albatta Biz insonni eng go‘zal shaklu shamoilda yaratdik” (Tiyn, 4).

Yana bir boshqa oyatda shunday deydi: “Albatta Biz Odam bolalarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) chiqarib qo‘ydik hamda ularga halol-pok narsalardan rizqu ro‘z berdik va O‘zimiz yaratgan juda ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).

Alloh taolo ko‘plab turdagi maxluqotlarini yaratib, ular ichida faqat inson zotinigina mukarram – hurmatli, e’zozli qildi. Avvalo insonga aql yuritish, o‘ylash, fikrlash, so‘zlash imkoni berildi. Qolaversa boshqa jihatlarga ko‘ra Odam bolasi barcha yaratilgan jonli va jonsiz narsalardan afzaldir. Shuningdek, xilqat jihatidan ham inson mavjudot va maxluqotlarning eng go‘zali va chiroylisidir. Shunday ekan, kishining badani va tashqi ko‘rinishi go‘zal bo‘lishi bilan birga, uning xulqi, odobi va ismi ham chiroyli, ko‘rkam va ma’nodor bo‘lishi lozim. Sahih hadislarning birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Albatta Alloh Go‘zaldir va go‘zallikni yaxshi ko‘radi”, deganlar. Islomda har bir narsa go‘zal va ozoda bo‘lishi, agar biron ish bajarilsa, u mukammal tarzda amalga oshirilishi targ‘ib qilinadi.

Farzand dunyoga kelgach, unga chiroyli ism qo‘yish otaning eng muhim vazifalaridandir. Zero, ism kishi hayoti davomida unga har jihatdan ta’sir qilishi bor haqiqat. Bu narsa tarixdan, xususan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va sahobalar tarixidan ma’lum va mashhurdir. Masalan, Hudaybiyada Nabiy sollallohu alayhi va sallam Sahl ibn Amrning kelayotganini ko‘rib: “Alloh ishingizni yengillashtiradiganga o‘xshaydi”, deganlari shunga dalolat qiladi.

Yana bir muborak hadisda;

AbuDardo roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Albatta sizlar Qiyomat kuni o‘z ismlaringiz va otalaringiz ismi bilan chaqirilasizlar. Bas (shunday ekan), ismlaringizni chiroyli qilinglar!” (Abu Dovud, Imom Ahmad, Dorimiy, Ibn Hibbon “Sahih”da,Bayhaqiy “Shu’abul iymon”da rivoyat qilgan).

Ushbu hadisda bandalar Qiyomat kunida o‘z ismlari va otalari ismi bilan chaqirilishi ta’kidlanib, ularni chiroyli va ma’nodor ismlar qo‘yishga targ‘ib qilinmoqda.

Vaqti soati kelib Qiyomat qoim bo‘lganida, barcha insonlar hisob qilinish uchun Alloh taoloning huzuriga to‘planadilar. Ana o‘shanda Alloh bandalarini O‘z huzuriga birma-bir chaqirib, ularni hayoti dunyoda qilib o‘tgan amallari haqida hisob qiladi.

Kishini otasi ismi bilan chaqirish uning yaxshiroq tanilishi va boshqalardan ajralib turishini ta’minlaydi.

Mo‘min kishi o‘zi va farzandlarining ismini chiroyli qilishga, shuningdek Qiyomat kunida najot topishiga, uning jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan amallarni qilishga qattiq e’tibor berishi kerak.

Xaysama ibn Abdurahmon Ibn Abu Sabradan rivoyat qilishicha, uning otasi Abdurahmon bobosi bilan Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borganida, u zot: “O‘g‘lingning ismi nima?” deb so‘raganlar. Shunda u: “Aziz”, deb javob bergan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam esa: “Uni “Aziz” deb nomlamagin, balki unga “Abdurahmon” deb ism qo‘ygin. Chunki ismlarning eng yaxshisi “Abdulloh”, “Abdurahmon” va “Horis”dir” deb aytganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Keyingi paytlarda odamlar ancha tushunib farzandlariga ma’nodor ismlarni topib qo‘ymoqdalar. Oldingilarga o‘xshab Tesha, Bolta kabi ismlarni qo‘yish kuzatilmayapdi. Biroq, ko‘p xollarda go‘zal va ma’nodor ismlarni to‘liq aytib chaqirmaslik natijasida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yayotganimzni ham aglab yetish vaqti keldi.

Masalan, Aziz deyishadi, Karim deyishadi yoki Jabbor deyishadi. Lekin aslida shuni qo‘yganda, Abdulaziz, Abdulkarim, Abduljabbor deb qo‘yilgan. Aziz Allohning ismi "Abd" qo‘shilsa bandasi bo‘ladi, Aziz ismli Allohning bandasi bo‘ladi, Karim ismli Allohning bandasi, Jabbor ismli Allohning bandasi bo‘ladi. Ana Allohning ismiga to‘g‘rilab ism qo‘yish emas, balki Allohga bandalik ma’nosini anglatuvchi ism qo‘yish kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘z hadislaridan birida, "ismlarning eng yaxshisi, bandalik ma’nosini anglatuvchi va Allohga hamd, maqtov ma’nosini anglatuvchi ismlardir, ismlarning yaxshisi Abdulloh, Abdurahmondir" deganlar. Ana Allohning ismlarini bilar ekanmiz ularning oldiga "Abd" so‘zini qo‘shib, Abdulloh, Abdurahmon, Abdurahim, Abdumalik deb go‘zal ismlarni qo‘yishimiz kerak. Bizda aksincha Abdulloh, Abdumalik, Abdug‘affor deb qo‘yilgan, hujjatlarini o‘qisangiz shu gaplar turibdi, lekin muomalada G‘affor, Raxim deyiladi. Bu noto‘g‘ri narsa, bu narsani tushunishimiz kerak, farzandlarimizga ism qo‘yishda nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz va bu xatolarimizni to‘g‘rilab borishimiz lozim va lobuddir.

Sahobiylardan bo‘lgan Abu Vahb al-Jushamiydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Payg‘ambarlar ismi bilan ismlaninglar.

Alloh taolo bandalari ichida ma’lum zotlarni O‘z Risolatini odamlarga yetkazish uchun tanlab oldi. Ular odob-axloq, muomala va boshqa ko‘pgina jihatlarga ko‘ra insoniyatning eng komili sanaladilar va ularning ismi ham eng go‘zal va chiroylidir. Shu sabab ham hadisda Alloh taoloning payg‘ambarlari ismi bilan ismlanishga targ‘ib qilinmoqda. Qur’oni karimda nomlari zikr qilingan yigirma beshta payg‘ambar ismi bilan ismlanish, ayniqsa payg‘ambarlar sayyidi bo‘lgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning ismlari bilan ismlanish marg‘ub va mahbub bo‘lgan amallardan sanaladi.

Ushbu hadisda ko‘pchilik orasida tarqalgan buzuq bir e’tiqodga qattiq raddiya berilmoqda. Ba’zilar farzandiga biron-bir payg‘ambarning ismini qo‘yganlaridan so‘ng, ma’lum sabablarga ko‘ra o‘sha farzand xastalanib qolsa, buni ismdan ko‘rib, payg‘ambarning ismidan shumlanadilar, “Payg‘ambarning ismi unga og‘irlik qilmoqda”, deb har xil noto‘g‘ri tasarruflarni qiladilar. Aslida payg‘ambarlarning ismi bandaga foydali bo‘lsa bo‘ladiki, hech qachon zarar keltirmaydi. To‘g‘ri, payg‘ambarlik vazifasi va mas’uliyati juda og‘ir, ammo bu bilan ma’lum payg‘ambarning ismi orqali uning mas’uliyati va vazifasining og‘irligi yangi tug‘ilgan chaqaloqqa o‘tib qolmaydi. Bunday buzuq tasavvur va shumlanishlar, shubhasiz, shaytonning vasvasasidandir. Shu sabab bu borada e’tiqodimizni to‘g‘rilab olishimiz, payg‘ambarlarning ismidan shumlanmasligimiz lozim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari: “Payg‘ambarlar ismi bilan ismlaninglar”, deb tavsiya qilib turganlaridan keyin, qaysi bir banda: “Payg‘ambarning ismi farzandimga og‘irlik qildi”, deyishga jur’at qila oladi. Agar rostdan ham payg‘ambarlar ismi bolaga og‘irlik qilganida yoki uning biron dardga chalinishiga sababchi bo‘lganida, o‘z ummatlari uchun o‘ta mehribon bo‘lgan zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bizlarni bu narsadan ogohlantirib ketgan bo‘lar edilar.


Kiritilgan vaqti: 25/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 14821
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/farzandga-chiroyli-va-manodor-ism-qoyish
Chop etilgan vaqti: 01/12/2024 21:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing