O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Farzand oldida mas’ulmiz

 
 

Har qanday ota-ona farzandlarining nurli kelajagidan umidvor bo‘ladi. Ularning baxt-saodati, jismoniy, ma’naviy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Taassufki, har doim ham bunday bo‘lavermaydi. Demak, farzand tarbiyasida niyatning o‘zi kamlik qilar ekan.

Dinimizda farzandni hali murg‘akligidanoq axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi. Mutafakkir bobomiz Imom al-Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyilgan:

Umar ibn Abu Salama (r.a.) aytadilar: “Men Rasulullohning qaramoqlarida yosh bola edim. Ovqat vaqtida qo‘limni tovoqning hamma yeriga uzatar edim. Shunda, Rasululloh menga, Ey, bolakay! Avval, “Bismilloh”ni ayt, so‘ngra o‘ng qo‘ling bilan, o‘z oldingdan olib yegin, deb o‘rgatdilar”.

Ushbu hadisi sharifdan oydinlashganidek, farzandlarimizga hayotda uchrab turadigan eng oddiy, kichik masalalarda ham tarbiya berib borish lozim ekan.

Islom yoshlarni ayniqsa, rostgo‘ylik, vafo, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish ruhida tarbiyalashni buyuradi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deya ta’kidlaganlar.

Yoshlarimizning barkamol ulg‘ayishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati ham katta. Islom dini ta’limotida jismoniy tarbiya tushunchasi zamiriga nafaqat badantarbiya mashqlari bilan shug‘ullanish, balki inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan barcha omillarga rioya qilish, ayni paytda salomatlik uchun zararli, hayot uchun xavfli bo‘lgan illatlardan saqlanish ham nazarda tutiladi.

Xalqimizda, qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi, degan naql bor. Buning zamirida har qanday illatga yaqinlashsang, uning qora qilmishidan aziyat topasan, degan ma’no bor. Yaqinda televideniye orqali bir ko‘rsatuv namoyish etildi. Unda hali kasb-hunar kollejida tahsil olayotgan uch nafar o‘spirinning o‘g‘irlik qilgani haqida gapirildi. Jinoyatga qo‘l urgan o‘smirlardan birining onasi o‘zini aybdor sanar, g‘aflatda qolganidan taassuf qilardi. Nega o‘zingizni ayblayapsiz, degan savolga ona shunday javob berdi:

– Mahallamizda avval bir necha bor o‘g‘irlik qilib, qo‘lga tushgan o‘spirin bor. O‘g‘lim ikki-uch oydan beri o‘sha bolaga qo‘shilib yurganidan xabardor edim. Bir-ikki urishib, tergab qo‘ydimu farzandimning xulqi bilan jiddiyroq shug‘ullanmadim. Unga yetarlicha vaqt ajratmadim. Mana, oqibat. Bu fojeaga men aybdorman...

Hasan Basriy (r.h.) bir kuni odamlarga:

– Ekin pishib yetilgandan so‘ng nima qilinadi? – deb savol beribdilar.

– Hosili yig‘ib olinadi, – deb javob qaytarishibdi.

Shunda Hasan Basriy (r.h.):

– Shuni bilinglarki, gohida ekin pishib yetilmasidan oldin unga ofat (kasallik) yetishi va uni nobud qilishi ham mumkin, – deb yoshlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishga ishora qilgan ekanlar. Binobarin, yoshlik qalbning musaffoligini saqlash, uni imon va ilmu ma’rifat nuri bilan to‘ldirish uchun eng qulay fursatdir.


Kiritilgan vaqti: 03/03/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2101
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/farzand-oldida-masulmiz
Chop etilgan vaqti: 08/02/2025 01:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing