FARZAND AZIZ-ODOBI UNDAN AZIZ
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Darhaqiqat, Men Odam farzandini mukarram qildim”,[1] yana bir oyatda: “Men insonni yerda o‘zimga xalifa qildim”,- deydi.[2] Shuningdek, boshqa oyatda Zakariyo alayhi-s-salom tilidan “Ey Robbim, menga O‘z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, sen duoni eshituvchisan!”[3] degan chiroyli duoni bizlarga o‘rgatdi.
Alloh taolo insonni barcha maxluqotlari ichida eng ulug‘i, mukarrami qildi va insonga koinot ichidagi barcha maxluqotlarini bo‘ysundirib, uni aziz qilib yaratdi. Insonning aziz va mukarramligi uning axloqi va tarbiyasi bilandir. Shuning uchun xalqimizda “Farzand aziz – odobi undan aziz” maqoli mavjud. Chunki, insonni ulug‘laydigan, uni umri davomida porloq kelajak sari odimlab kamol topishida odob-axloq eng muhim vositadir.
Ota-ona hech qachon unutmasinki, unga berilgan farzand doim bolalikda qolmaydi. Shuning uchun fursatni g‘animat bilib bugunning bolasi ertaning ulug‘ insoni bo‘lishini harakatini qilmoq kerak.
Darhaqiqat, farzand tarbiyasi Islom dinida sabr-toqat, molu davlat va uzluksizlik jarayoni bilan vaqt talab etiladigan juda mas’uliyatli vazifa hamda uzoq vaqt davom etuvchi ibodat deb qaraladi. Mana shu vositalar orqali uning ruhi kamol topib aqli va jasadi quvvatli bo‘ladi.
Bola tarbiyasi ota-ona va muhitdan sog‘lom fikr, sog‘lom e’tiqod, ilm-ma’rifat va amal hamda namunani talab etadi. Shu sababli Rasululloh s.a.v. tarbiyada ota-onaning ahamiyatini va mas’uliyatini ta’kidlab: “Har bir chaqaloq Islom fitratida tug‘iladi, toki tili gapiruvchi bo‘lguncha (shu holda bo‘ladi). Keyin esa, ota-onasi uni yahudiylashtiradi yoki nasroniylashtiradi yoki majusiy qilib qo‘yadi”[4] – deganlar
Ushbu hadisdan Islom fitratida qalbi pokiza bo‘lib dunyoga kelgan bolalar ota-onaning beparvoligi sababli turli noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketishi mumkinligini anlashiladi. Demak yoshlardagi yomon axloq va ularni noxush oqibatlari uchun avvalo ota-ona va qolaversa barchamiz mas’uldirmiz. Alloh taolo ota-onalarga shunday xitob kiladi.
“Ey, iymon keltirganlar, o‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlardan bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiq qo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (tururlar)”[5]
Rasululloh s.a.v. ko‘p bora ushbu oyatdagi amrni ta’kidlab, farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor berish lozimligini uqtirganlar. Jumladan:
“Farzandlaringizga odob o‘rgating va odobini chiroyli qiling”.
“Farzandlaringizga va ahlingizga yaxshilikni ta’lim bering va ularga odobni o‘rgating”.
“Farzandlaringizni (Alloh tomonidan bo‘lgan) amrlarga bo‘ysinishga va qaytariqlardan saqlanishga buyuringlar. Chunki mana shu narsa ularni do‘zaxdan saqlovchidir”.
“Farzandlaringizni uch xislatga odatlantiring: Payg‘ambaringizning s.a.v. va uning ahli baytining muhabbatiga va Qur’on tilovatiga. Albatta Qur’onni yod olib ko‘targanlar qiyomatda – Allohning arshi soyasidan boshqa soya bo‘lmagan kunda – Uning soyasida turadilar”[6].
Yuqoridagi keltirilgan oyat va hadislar, farzand tarbiyasi naqadar muhim ekanligi haqida bayon qiladi. Darhaqiqat, yaxshi tarbiya – saodatli kelajakdir, yomon tarbiya esa istiqbolsiz kelajakdir. Biz farzandimizga yaxshi tarbiya berish orqali kelajagimizda hosil beradigan mevaning urug‘ini yerga qadayotgandek bo‘lamiz. Alloh taolo bergan farzandlarimiz bizlarga omonat ekanligini his qilmoqlig‘imiz lozim.
[1] “Isro surasi 70-oyat”. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. “Sharq” nashriyoti. 2007.
[2] “Baqara surasi 30-oyat”. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. “Sharq” nashriyoti. 2007.
[3] Oli Imron, 38.
[4] Jum’a ma’ruzalari, Movarounnahr. T., 2004 y
[5] Abdulaziz Mansur, Qur’oni kari ma’nolari tarjimasi, TIU, 2001 y. Tahrim, 6.
[6] Jum’a ma’ruzalari, Movarounnahr. T., 2004 y
Kiritilgan vaqti: 22/11/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 8049
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:25