O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

QIZ VA KELINLARGA NASIHAT

 
 

Amoma binti Horis ismli ayol o‘z qizining kelin bo‘lib, kuyovning uyiga uzatilishidan oldin saodatli oila asoslarini bayon qiluvchi quyidagi nasihatlarni qilib, kuzatgan ekan:

«Ey qizginam! Agar ahli fazl va ahli odoblarga nasihat kerak bo‘lmaganida, senga ham nasihat qilmasdim. Lekin nasihat – g‘ofilga eslatma, oqilga yordamdir.

Agar qiz bola ota-onasining kambag‘alligi sababligina erga berilishi kerak bo‘lganida, sen hech qachon uzatilmagan bo‘lar eding. Chunki otangning boyligi, martabasi yetarlidir. Lekin Alloh belgilab bergan hayot qonunlariga ko‘ra, ayollar erkaklar uchun va aksincha, erkaklar ayollar uchun yaratilganlar.

Qizginam! Endi sen o‘zing o‘sgan havodan ayrilding. O‘zing yayrab-yashnagan oshyondan chiqding va notanish joyga borib, avval o‘zing bilmagan sherikka uchraysan. U endi sening xojang, do‘sting va mahbubingdir.

Sen unga cho‘ri bo‘lsang, u senga qul bo‘ladi. Sen unga yer bo‘lsang, u senga osmon bo‘ladi. Sen uning uchun quyidagi o‘n xislatni ado etsang, oilada mas'ud va baxtiyor hayot kechirasizlar:

1. Qanoat sohibasi bo‘l, undan hayiqib tur. Ering uyga nima ko‘tarib kelsa, xushfe'llik va odob-nazokat bilan qabul qilib ol, tashakkur ayt.

2. Eringga hamisha itoatda bo‘l, amrlarini yaxshilab tingla va bajar.

3. Eringning nazari tushadigan joylarga e'tibor qil. U senda xunuklik ko‘rmasin. Uy ichi va hovlini nihoyatda ozoda va tartibli tut.

4. Eringning burniga hushyor bo‘l. Dimog‘iga sendan yomon hid kirmasin, faqat xushbo‘ylik sezsin.

5. Ovqatni vaqtida tayyorla, aslo kechiktirma. Ering uyga kelishi bilan, dasturxon sol.

6. Uning uyqu vaqtini, uyg‘onish paytini bilib ol. Chunki ochlik va uyquning buzilishi erkaklarning g‘azabini qo‘zg‘aydi.

7. Xojangning moli va ashyosiga e'tiborli bo‘l, isrof qilma, avaylab asra! Chunki uning mol-dunyosi senikidir.

8. Eringning qarindoshi va yaqinlarini izzat-hurmat qil. Bu bilan xojangni hurmat qilgan bo‘lasan.

9. Eringning sirlarini boshqalarga aytuvchi bo‘lma, uning ishonchini yo‘qotasan.

10. Xojangning amriga osiy bo‘lma, uning dinga to‘g‘ri keladigan barcha buyruqlarini ado qil. Shuni yaxshi bilib olki, xojang xafa bo‘lganda xursand ko‘rinishdan, u quvongan paytda g‘amgin bo‘lishdan o‘zingni ehtiyot qil!»


Kiritilgan vaqti: 26/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 2290
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/qiz-va-kelinlarga-nasihat
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 15:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing