O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

OTA-ONANING FARZAND OLDIDAGI BURCHI

 
 

Farzandining beboshligidan, zulmidan aziyat chekkan bir ota o‘g‘limga insof kirib qolar, deb uzoq vaqt kutdi, lekin umidlari puchga chiqdi. Ahvol shu darajaga yetdi-ki, o‘g‘il otani tayoq bilan kaltaklashgacha yetdi. Qiynalib ketgan ota o‘g‘lining ustidan muftiyga arz qilib bordi.

-  Hazratim,  men o‘g‘limning yomonligidan shikoyat qilib keldim. O‘g‘lim so‘zlarimga mutlaqo quloq solmaydi. Meni nazar-pisand qilmaydi, farzandlik haddidan chiqib, menga hurmatsizlik qiladi, baqiradi, hattoki kaltak bilan uradi, men qattiq iztirobdaman. O‘g‘lim tug‘ilganda qanchalar quvongan edim, qo‘ylar so‘yib ziyofat bergandim, sharob ichib, sarxush bo‘lib, o‘yin-kulgular qilgandim. Qarigan chog‘imda shu azoblarga qoldim.

Qariyaning gaplarini eshitgan muftiy chuqur o‘yga toldi, haqiqatni aytsam, shusiz ham ko‘ngli vayron otaxon  ne kuyga tushadi. Og‘ir bo‘lsa ham haqiqatni aytish kerak, zora to‘g‘ri  xulosa chiqarsa,- deya so‘z boshlabdi muftiy:

- Birodar, men seni juda yaxshi tushunib turibman, qolaversa, bir-birimizni ham yoshlik chog‘imizdan juda yaxshi taniymiz. Shu paytgacha nega  huzurimga kelib biror marta murojaat qilmading? Uylanish  chog‘ingda shar'iy oila qurish nima ekanligini bilmading. O‘g‘ling tug‘ilganda esa unga chiroyli ism qo‘ymading, qulog‘iga azon ayttirmading. Xursandchilikdan kayfu safo qilib yurdingu  lekin  farzandingga yoshligidan to‘g‘ri tarbiya bermading. Ota-onani hurmat qilish farzand uchun ham qarz, ham farz  ekanligini o‘rgatmading.

Bu achchiq haqiqatni ich-ichidan tan olib turgan bo‘lsada, otaxon o‘zini oqlash uchun shunday debdi:

- Hazratim, bizning ahvolimiz o‘zingizga ma'lum, doimo tirikchilik bilan bandmiz, ro‘zg‘or tashvishlaridan sira ortmaymiz.    

Bu bahonani eshitgan muftiy afsus bilan boshini chayqab, shunday debdi:

- U holda o‘g‘lingdan ranjima, u hech narsadan xabarsiz ho‘kiz boqib yuraverganligi uchun seni ham ho‘kiz fahmlab, tayoq bilan tushirib qolgan. Chunki ilmsiz, ongsiz o‘g‘ling uchun ho‘kiz bilan sening o‘rtangda hech qanday farq yo‘qdir. Endi unga nasihat qilishning vaqti o‘tib bo‘lgan.

- Men unda xalifaga arz qilaman,  deydi qariya.

- Ixtiyor o‘zingda, bormoq istasang o‘g‘lingni yoningga olib ol, xalifa odildur -  odil hukm chiqaradi, deydi muftiy.

Qariya o‘g‘lini yoniga olib xalifani huzuriga borib, bo‘lgan voqeani aytib berdi. Bu arzni eshitgan xalifa norozi qiyofada o‘g‘ilga qarab deydi:

- Ey farzand, bu ne hol? Alloh taolo sening bo‘yningga qo‘ygan otang haqini bilmaysanmi? Ota-ona huzuridagi burchingni anglamaysanmi?

- Durust anglayman, ey amiril mu'miniyn, deydi o‘g‘il boshini egib.

- U holda nega otangga qo‘l ko‘tarding? Haq taolo o‘zining Rasuli Ibrohim alayhissalomga otasi kofir bo‘lsada izzatini joyiga qo‘yishlikni buyurdi, sen nechun farzandlik haddini buzding?

O‘g‘il ijozat so‘rab dedi: “Ey amiril mu'miniyn, otaning gardanida ham farzand  haqi bormi?”.

Albatta bor dedi, xalifa va quyidagilarni aytdi:

  1. Ota bo‘lmish pokiza, soliha, nasl-nasabi toza ayolga uylanmog‘i lozim, toki farzand o‘z onasini o‘tmishidan uyalib yurmasin.
  2. Ota farzandiga chiroyli ism qo‘yishi lozim, toki farzand o‘z ismidan xijolat chekmasin.
  3. Farzandga Allohni tanitmog‘i shart, toki haq yo‘lini bilsin, farz amallarini bajarsin, so‘ngra kasb-hunar o‘rgatmog‘i joiz.
  4. Nihoyat soliha, mo‘mina qizga uylantirib qo‘ymog‘i zarur.

O‘g‘il aytdiki, “Ey amiril mu'miniyn, menku angladim, endi otamdan so‘rang-chi, bu haqlarni qay birini ado etdi ekan? Avvalo nasl-nasabini surishtirmay, yomon axloqni kasb qilgan, Allohni tanimaydigan ayolga uylangan, butun qishloq ahli haligacha nadomat qiladi. Men esa hanuz isnod o‘tida yonib yashayman. Tug‘ilgan paytimda otamning ko‘zlari sahroning qora qo‘ng‘iziga tushgan ekan. Shu bois odat bo‘lib qolgan taomilga ko‘ra menga o‘sha qo‘ng‘izning nomini berib,  ya'ni “Ju'al” qo‘ng‘iz - deb ism qo‘ygan. Hanuzgacha odamlar meni qo‘ng‘izga o‘xshatib mayna qiladilar. Menga Allohni tanitmadilar, haligacha peshonam sajdaga tekkani yo‘q, chunki  otamni o‘zi ham Yaratganni tanimaydilar. Kasb-hunar o‘rgatishga ham harakat qilmadilar. Dalada ho‘kiz haydashdan boshqa ishni bilmayman. Mana yoshim 30 ga yaqinlashgan bo‘lsada uylantirishni o‘ylab ko‘rganlari yo‘q.

O‘g‘lini hasratli malomatlarini  eshitgan xalifa otaga norozi qiyofada boqib deydi:

- Ey o‘zini ota sanaydigan inson, sen farzandingga jazo so‘rab keluvding, aslida jazoga o‘zing loyiq ekansan, oh-vohlaringdan endi foyda yo‘q, Allohning o‘zi seni jazolab qo‘yibdi.

Bu rivoyatdan xulosa shuki, biz farzand burchi haqida ko‘p gapiramiz, noqobil farzandlardan noliymiz, ularni ayamay tanqid qilaveramiz. Ota-onaning farzand oldidagi burchi haqida esa unutib qo‘yamiz. Zero ota-onaning burchi faqat farzandni dunyoga keltirish, yedirish, ichirish va kiyintirishdangina  emas, balki ularning zimmasida ulug‘ burchlar, vazifalar mavjud ekanligini bildirib qo‘yishlikdan ham  iboratdir.

Muhtaram  ota-onalar, farzandlar ham Alloh taoloning bizga bergan ulug‘ ne'matlaridan biri. Shunday ekan, biz  kelajagimiz davomchilari bo‘lgan farzandlarimizni  Allohni va Rasulini taniydigan,  elu yurtiga,  diniga, ota-onasiga,  Vataniga sidqidildan xizmat qiladigan o‘g‘il-qizlar qilib tarbiyalashga jiddiy e'tibor qaratishimiz lozim.

 

 Rustamxon ERGASHYEV,

 Oqdaryo tuman Qum” jome masjidi imom xatibi.


Kiritilgan vaqti: 26/09/2019 10:22;   Ko‘rilganligi: 11301
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/ota-onaning-farzand-oldidagi-burchi
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 04:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing