O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

OILANG TINCH – SEN TINCH

 
 

Inson aslida baxt va ezgulik uchun dunyoga keladi, shu orzu-umid bilan yashaydi. Lekin bu bilan ish bitmaydi, u niyatiga yetishi uchun intilishi, g‘ayrat ko‘rsatishi, yaxshilik ko‘rishi uchun yaxshilik qilishi lozim. Insonning shakllanishida, hayotda o‘z o‘rnini topishi, el-yurt ichida izzat-hurmatga sazovor bo‘lishi va yuksak odob-axloq qoidalarini o‘zida mujassam etishida oila asosiy o‘rinni egallaydi.

Oila shunday makonki, unda hayotning davomiyligini ta'minlovchi shaxs shakllanadi, etnik madaniyat, urf-odatlar, axloqiy milliy qadriyatlar saqlanadi va rivojlantiriladi, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi iqtisodiy hamda ma'naviy hayot poydevori qo‘yiladi va mustahkamlanadi. Oila ahil, totuv bo‘lsa jamiyat tinchlik va hamjihatlikka erishadi, yurtda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi.

Oila tinch bo‘lsa, ko‘ngil xotirjam, ishlar barorli bo‘ladi. Aksi bo‘lsa munosabatlar chigallashadi. Rasulullohdan sollallohu alayhi vasallamdan sahobalar: “Yo Rasululloh! ayollarning qandog‘i yaxshisi bo‘ladi?” deb so‘rashdi. U zot: “Erining ko‘zini quvontiradigan, amriga itoat etadigan, o‘zini tutishi va molini tasarruf etishda eri yoqtirmaydigan holatga yo‘l qo‘ymaydigan ayoldir”, dedilar (Termiziy rivoyati).

Oila tushunchasi muqaddas deb bejizga aytilmaydi. Chunki, Vatan oiladan boshlanadi. Oila mustahkamligi - Vatan mustahkamligi, oila tinchligi - yurt tinchligidir. Oilaning Vatan oldidagi burchi beqiyos. Zero, oilaning tinchligini saqlash bu vatanni kadriga yetish demakdir. Farzandlarimiz jismonan ruhan sog‘lom, tetik bo‘lmog‘i uchun birinchi galda ota-onalar sog‘lom bo‘lmoqlari lozim. Holbuki, sog‘lom farzandlar sog‘lom ota-onalardan tug‘iladi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlari – ayollarning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini oshirish, oilani har tomonlama mustahkamlash, oilada va ta'lim tizimida yoshlarni barkamol qilib tarbiyalash, aholi salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning negizida ham aynan shu g‘oya yotibdi.

Ayrim fuqarolarimiz diniy, ya'ni shar'iy nikoh o‘qitish bilan cheklanib qoladilar, bu nikoh hech qanday huquqiy kuchga ega emas, nikoh qonuniy, ya'ni vakolatli organ – FHDYO bo‘limi tomonidan qayd qilingachgina, er-xotinga nisbatan huquq va majburiyatlar vujudga keladi.

Oila kodeksining 14-moddasida nikoh tuzish ixtiyoriy, deb ko‘rsatilgan. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi. Shuningdek, Prezidentimizning qarori bilan 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi o‘n sakkiz yosh etib belgilandi.

Yuqorida aytilganidek, turmush qurishga ahd qilgan yigit va qizning o‘zaro roziligi va bir-biriga mayli, muhabbati asosida qurilgan nikoh mustahkam bo‘ladi. Shu nikoh asosida dunyoga kelgan farzandning baxti barqarordir. Farzand oilaning gultoji, er-xotin o‘rtasidagi muhabbat rishtalarini bog‘lovchi ko‘prik.

Har bir yosh mustahkam oila qurishni, sog‘lom farzandlar ko‘rishni, ularni sog‘-salomat, to‘rt muchasi sog‘ voyaga yetkazib, ularning baxtini, kamolini ko‘rishni, o‘z navbatida, nevara va chevaralarga bosh bo‘lishni orzu qiladi. FHDYO bo‘limiga ariza berib, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, qonuniy nikohni qayd qildirgan holda turmush qurish har bir fuqaroning qonuniy majburiyatidir. Bu majburiyatni bajarmaslik – katta gunoh.

Xulosa qilib shuni aytish kerakki, keyingi vaqtlarda barcha e'tibor yoshlarimiz hayotiga, sog‘ligiga qaratilmoqda. Chunki kelajagimiz yoshlar qo‘lida. Agar ular ham ma'nan, ham ruhan, ham jismonan sog‘lom bo‘lsalargina, yurtimiz kelajagi yanada porloq, xalqimiz hayoti tinch va osuda, turmushi farovon bo‘lishiga shak-shubha yo‘q.

Shukrullo TO‘RAYEV, Oqdaryo tumani “Temurjome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/10/2019 10:35;   Ko‘rilganligi: 3337
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/oilang-tinch-sen-tinch
Chop etilgan vaqti: 03/03/2024 16:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing