O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Oila qadri

 
 

Oila bir so‘z bilan aytganda jamiyatimizning kichik ajralmas bir bo‘lagidir. Hozirgi kungacha mamlakatmizda yoshlarga, yosh oilalarga yaratib berilayotgan sharoitlarga qaramasdan ayrim yoshlarimiz oila qadrini, nikoh hurmatini, farzandlarni tirik yetim bo‘lish gunohini tushunib yetmayaptilar. Shayton o‘z malaylari orasidan oilani buzishga sabab bo‘lgan shaytonni o‘ziga yaqinroq o‘tqazib bu men uchun yaxshi ish qildi, oila buzulishi orqasidan boshqa gunohlar: aroq ichish, zino qilish, qarindoshlik rishtalarini uzulishi, xaqorat va shunga o‘xshash gunohlar kelib chiqaveradi. Doimo, oila buzuldi, desa ushbu hikoya esimga tushaveradi.  

Bir yigit uylanganidan so‘ng olti oy o‘tib safarga chiqishi kerak bo‘lib qoladi. Yigit safardaligi chog‘ida uning xotini yog‘ dog‘layotib, bexosdan yongan yog‘ tufayli yosh kelinning yuzlari kuyib, chandiq hosil bo‘ladi. Onasi bu holni ko‘rib, bu qiz endi o‘g‘limga munasib emas, deya o‘g‘liga xat yozadi. “O‘g‘lim, xotiningni javobini ber. Sen qanday bu xotin bilan yashaysan, do‘stlaring masxara qilmaydimi?”, deydi. “Onajon, men borguncha keliningizni ketkazmay turing, men borgandan keyin unga ruxsat berasiz”, deydi.

Safardan qaytgan yigit darvoza oldiga to‘xtaydi va “Onajon, men  keldim. Meni  etaklab uyga keliningiz kirgizsin”, deydi. Onaizor hayron bo‘lganicha “Ko‘zinga nima qildi, bolam”, deb so‘raydi. “Onajon, falokat sodir bo‘lib, ko‘zlarim ko‘r bo‘lib qoldi, endi bu ko‘r odamga kim ham tegardi, men mana shu xotinim bilan umr guzaronlik qilay, ijozat bering” deydi. Onasi rozi bo‘ladi. O‘sha yuzlarida chandiq bor ayoli bilan uzoq umr birga yashaydi. Vaqti kelib ayoli vafot etadi. Ayolini yerga qo‘ygandan keyin qabr boshida Qur'on tilovat qilindi. Jamoat tarqaganidan so‘ng ayolning turmush o‘rtog‘i bir oz qabr yonida qoldi. Shunda uning yoniga do‘sti kelib, yur do‘stim, bandalik, uyinga qo‘yib o‘taman deganda, orqangdan yetib olaman, deydi. Shunda do‘sti ko‘zlaring ojizku, yolg‘iz qanday yurasan, deb savol beradi. “Ko‘zlarim ojiz emas, lekin shu ayol mendan uyalmasin, hijolat chekmasin, oilam esa buzilmasin, deb bir umr shu vaqtgacha o‘zimni ko‘r qilib ko‘rsatgan edim”, deb aytgan ekan.

Darhaqiqat, Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo‘shadi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

أَكْمَلُ المُؤْمِنِينَ إِيْمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا، وَخِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهِمْ"

(رواه الإمام الترمذي)

Ya'ni: “Mo‘minlarni imon jihatidan komilrog‘i xulqi yaxshirog‘idir.   Sizlarning eng yaxshilaringiz  ahli ayoliga yaxshilik qiladiganingizdir” (Imom Termiziy rivoyati).

Hozirgi yoshlarimiz hayotini solishtirib ko‘rsin. Eng achinarlisi, keyingi paytlarda ayrim yoshlar nikoh va taloqning mohiyatini his etmay, bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan xotinini taloq qilishga borishyapti, nafs va shayton so‘ziga kirib shirin turmushlarini og‘uga aylantirishyapti, gulday oilani barbod qilib, farzandlarini tirik yetimga aylantirishyapti. Ba'zi kelinlarimiz oilaning qadriga yetmay turmush qurishga qanchalik oshiqishsa, erdan ajralishga ham shunchalik tez kirishishadi.  

Ilohim, oilalar mustahkam va baxtli bo‘lsin. Bolalar hech qachon yetim bo‘lmasin!

 

Safaxon BAQOYEV - Kattaqo‘rg‘on tuman “Xoja Abul Hasan Andoqiy” jome masjidi imom xatibi       


Kiritilgan vaqti: 24/09/2019 11:05;   Ko‘rilganligi: 2552
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/oila-qadri
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 07:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing