O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

GO‘ZAL TARBIYA – OILADAGI SOG‘LOM VA NAMUNALI MUHITNING BARQARORLIGI

 
 

Islom dini avvalo go‘zal hulq va xushmuomalalikni targ‘ib qiladi. Musulmon kishining xulqi go‘zal bo‘lsa odamlar orasida hurmat va ehtiromga ega bo‘ladi. Kishining go‘zal xulqli yoki axloqsiz bo‘lib voyaga yetishi asosan uning ota-onasi bergan ta'lim-tarbiyasiga bog‘liq albatta.

Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislariga e'tibor qarataylik: “Har bir go‘dak (islom) fitratida tug‘iladi, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy qiladi”, (Buxoriy rivoyati).

Bu hadisdan ma'lumki, sof fitratda tug‘ilgan go‘dakni, uning tarbiyasiga mas'ul bo‘lgan ota-onasi qaysi tomonga yo‘naltirsa, bola ham o‘sha asosida voyaga yetadi. Barchamiz hayot tarzi davomida juda ko‘plab bu kabi holatlar guvohi bo‘lganmiz. Ayrimlar Yaratganning betakror ne'mati bo‘lgan umrini turli fasod va gunohlar girdobida o‘tkazib, farzandlar tarbiyasiga mutlaqo parvo qilmaydi. Natijada farzandlarida insof, diyonat, qadr-qimmat, hurmat kabi tushunchalar umuman begona his-tuyg‘ularga aylanadi.

Vaqti kelib, tarbiya bulog‘idan bebahra o‘sgan bunday  farzand nazdida ota yoki onasiga  qo‘l ko‘tarish oddiy hol bo‘lib qoladi. Ana shunday mash'um holat yuz berganda “Insofing bormi”, “Shuni kutib tarbiya qilganmidik?”, “Xudodan qo‘rqmaysanmi?” kabi  hasrat va nadomatlar otilib chiqadi. Aslida o‘zlari aytayotgan “insof”, “tarbiya” va “Xudodan  qo‘rqish” kabi tuyg‘ularni o‘rgata olganmidiki ulardan talab qilsa?

Yillar mobaynida e'tiborsizlik qilib pokiza holatda dunyoga kelgan beg‘ubor go‘dakni tubdan va vahshiy bir holga kelishiga sabab bo‘lgan ota-onaga bu jazo emasmi? Go‘zal axloq o‘rniga “zulumot” va “razolat”ning  jirkanch bulog‘idan beixtiyor suv ichirib, farzandlarining hayotini  badnom qilib qo‘yayotgan ota-onalar o‘zlarining baxtu-saodatini boy berib qo‘ymaydimikin?

Bunday g‘am-anduqli muammolaga duch kelmaslikning yagona yo‘li bu- farzandlarga chiroyli xulq, go‘zal odobni ta'lim berishdir.

Navbatdagi hadisga e'tibor qaratsak: “Kishi do‘stining dinidadir, har biringiz kimni do‘st tutayotganiga e'tibor qaratsin” (Buxoriy rivoyati).

         Ushbu hadis sharhi o‘laroq xalqimizda ajoyib bir gap bor: “Do‘stingni kimligini ayt, sening kimligingni aytib beraman”. Bugungi kunda “Do‘stlik” ma'nosi naqadar tor mohiyat kasb etayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Chin va haqqoniy do‘st hech qachon yomonlikka boshlamaydi. Ammo, ba'zi yoshlarning “Qadrdonim, do‘stim”, deya turli xil internet  saytlarda tanishgan, hurmat bilan tilga olayotgan “(druzya) do‘stlari” haqiqiy do‘stmikan? Yoki  aksincha chin ma'nodagi  do‘stlarni dushman deb singdiruvchi  xiyonatkormikan? Axir ota-oanga qarshi qayrayotganlarni, oilasidan sovutayotganlarni, o‘z vatandoshlariga qarshi kurashmoqni o‘rgatayotganlarni kim deb atash mumkin?

Ko‘rinishlari bamisoli zabardast yigit-qizlarimiz, har bir narsaga aqlu-idroki yetadigan yoshlar nahot do‘st bilan dushmanni ajrata olmaydi? Axir ularning ota-bobolari vatanning bir qarich yeri uchun jon fido qiladigan oriyatli  insonlar ediku.

Nahotki o‘tmishdagi ajdodlari ko‘zlariga to‘tiyo qilgan bu aziz diyorlarini ko‘r-ko‘ronalik bilan toptamoqchi yoki unga turli tuhmat toshlarini otmoqchi  bo‘ladilar. Yuqoridagi hadisni o‘qib, aynan shunday o‘ylar chulg‘ab oladi kishini. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning bugungi  zamonga boqib turib, aytganidek go‘yo. Biz ota-onalarning hali bu borada bajaradigan ishlarimiz bisyor deb o‘ylayman.

Farzandlarimizga to‘rt haqiqat ya'ni “Muqaddas dinimiz mohiyati”, “Ona vatan qadri”, “Ota-onaga ehtirom” va “Ahli-oilasiga mas'uliyat hissi” kabi tuyg‘ularni o‘rgatib, uning ongiga singdirib borsak insha Alloh farzandlarimiz ham  ajdodlarga munosib avlodlar bo‘lib yetishadi.

  

Nasrulloh ISLAMOV, Oqdaryo tumani “Maxdumi A'zam” jome masjidi imom-noibi.


Kiritilgan vaqti: 05/10/2019 11:17;   Ko‘rilganligi: 1754
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/gozal-tarbiya-oiladagi-soglom-va-namunali-muhitning-barqarorligi
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 16:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing