Farzand tarbiyasida odob-axloqning o‘rni
Ma'lumki har bir ota-ona farzandini barkamol bo‘lib voyaga yetishini chin dildan xohlaydi va bu borada barcha mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun hayotini baxsh etadi. Farzandlarini sog‘lom bo‘lib o‘sishga, ularning ta'lim-tarbiyasiga ahamiyat qaratadi, ularni kelajagi porloq, solih insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun bor kuch va imkoniyattlarini sarf qiladi. Zero, yoshlar yurtning kelajagidir. Kelajak to‘g‘risida qayg‘urmaslik, kelajak ummat to‘g‘risida o‘ylamaslik yurtning kelajagiga beparvo bo‘lishlikdir.
Har bir jamiyatntng fuqarosi shu jamiyatning kelajagi to‘g‘risida e'tibor, ahamiyat berishi, bu jamiyatning kelajagini o‘ylashi lozimdir. Muqaddas dinimizda ham yoshlar, farzandlar, ularning odob-axloqi, kelajagi to‘g‘risida juda katta ahamiyat berilgan. Jumladan Alloh taolo: “Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan o‘tdan saqlang”, deb buyurgan (Taxhim, 6). Demak, ahli ayolini, farzandlarini dindor qilib tarbiyalash oila boshlig‘ining Allohning oldidagi burchi ekanligiga ushbu oyati karima yorqin dalildir. Odamlar orasida o‘zingni bil, o‘zgani qo‘y, degan noma'qul gap yuradi. Lekin shariat bo‘yicha er xotin uchun, ota bolalari uchun ham mas'uldir. Qiyomatda Allohning huzurida javob beradi. Ushbu oyat ma'nosida hadisi shariflar ham bor.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak so‘zlarida, yoshlarlarga har jihatdan yaxshilik qilishga chaqiriladi: “Men sizlarga yoshlar haqida yaxshilikni vasiyat qilaman”. Bu Rasulullloh sollallohu alayhi vasallamning ummatiga bo‘lgan vasiyatlaridir.
Sog‘lom bola deganda nafaqat farzandlarimizning jismoniy sog‘ligiga e'tibor, balki ularning yuksak ma'naviy axloqli bo‘lib voyaga yetishi ham nazarda tutilayotganini his qilishimiz kerak. Ularning ma'nan va jismonan sog‘lom, vatanini sevuvchi, ota-onasini hurmat qiladigan, xalqning koriholiga manfaatli bo‘lib o‘sishiga e'tibor qaratishimiz lozim.
Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilingan xadisda: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi uchun o‘z bolasiga odob bermog‘i uning bir so' sadaqa qilganidan yaxshiroqdir”, dedilar.Termiziy rivoyati.
Ko‘pchilik kishilar savob umidida peshona terisi bilan topgan mablag‘ini xayri-ehson qilishadi. Ba'zida bu sarf-xarajatlar farzandlar hisobidan bo‘lishi ham mumkin. Ya'ni, ularga ishlatilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar savob umidida xayr-ehsonga sarflanadi.
Aslida esa bolaning odobli bo‘lishi uchun qilingan xizmatning o‘zi xuddi sadaqa qilganning savobiga teng. Ota-ona farzandiga odob berar ekan, ularga sadaqa qilganlik savobi yozilib turadi.
Ayyub ibn Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi”, dedilar.Termiziy rivoti.
Islom dini bola tarbiyasiga u hali dunyoga kelmasdan oldin, oila qurishga tayyorgarlik ko‘rish paytidan boshlab qayg‘ura boshlaydi. Oila qurilgandan so‘ng odob va axloq muomalasiga yanada e'tibor kuchayadi. Oilada ota va onadagi har bir xislat, u xoh maqtaladigan yoxud yomon ilatlar bo‘lsin bolaga ko‘chishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Zero, farzandlar ma'naviy sog‘lom bo‘lib o‘sishi uchun ota-ona o‘rtasida go‘zal munosabat bo‘lishi shart.
Shunday ekan bolalarga odob berishda g‘ayratli bo‘lishimiz kerakligini unutmaylik. Agar har bir oila o‘zining bolasini odobli qilib tarbiyalasa, jamiyatdagi barcha oilalar tarbiyali bo‘ladi. Bunday odobli oilalardan barpo bo‘lgan jamiyat ham odobli, obod jamiyat bo‘ladi. Bu esa jamiyatni gullab yashnashi uchun, ozod va obod vatanni poydevrini qurishga asos bo‘lib qoladi.
Abdumannon MURODOV – Bulung‘ur tumani “Olomon” jome masjidi imom xatibi vazifasini bajaruvchi
Kiritilgan vaqti: 15/02/2020 11:26; Ko‘rilganligi: 2460
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 14:26