Er-xotin biri ikkinchisiga libosdir
Alloh Taolo daslab otamiz Odam alayhissalomni, so‘ngra onamiz Havvoni yaratdi. Keyin ularni bir oila qilib ulardan ko‘p erkaklar va ayollarni tarqatdi. Barcha payg‘ambar alayhimussalomlar bu yo‘lni tutib, oila asosida halol, pok yashab kelganlari insoniyat uchun ibrat namunasidir. Ularning hayotlarini o‘rgansak, o‘zimizning hayotimizni anchagina isloh qilgan bo‘lamiz.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollari Oisha onamizning uylariga kelib “Yeyish uchun biror narsa bormi?” deb so‘raganlarida, Oisha onamiz roziyallohu anho “Bir so‘raguvchi kelgandi berib yubordim” dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha kuni ro‘za tugan edilar va “Men ro‘zadorman” dedilar. O‘sha vaqtda er – xotinlik munosabati juda ham go‘zal namoyon bo‘ldiki, hatto uylaridagi yeyish uchun qolgan oxirgi taomini ehson qilib yuborganda ham urush janjal qilishmagan va oilasidagi yo‘qchilikni oshkor bildirishmagan. Biri ikkinchisini aybini yopib, chiroyli munosabatda bo‘lishgan. Alloh taolo Qur'on karimda “Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz” (Baqara, 187-oyat) deb marhamat qilgan. Er-xotinni aynan libosga o‘xshatilishida juda katta ma'no bor. Chunki, libos insonni tanadagi ayblarni yashirib turadi, uni yashirish bilan birga chiroyli ko‘rsatadi. Oilada er va xotin bir-birining kamchiliklarni yashirib, biri ikkinchisi uchun chiroy bo‘lishi kerak. Yana, libos insonni tashqi omillardan, havoning issiq va sovug‘idan saqlaydi. Inson oila qurishdan bir maqsadi o‘zini haromdan saqlashdir. O‘tgan onalarimiz erlariga “biz ochlikka chidaymiz, lekin do‘zax azobiga chiday olmaymiz” der ekanlar. Bu degani siz biz uchun halol mehnatdan topilgan halol taom olib keling, dega mazmunni bildirar ekan. Libosimiz yaxshi va chiroyli bo‘lsa bu bizning ko‘rkimiz. Shunga yarasha turmush o‘rtog‘imiz uchun ham biz chiroyli va yaxshi bo‘lmog‘imiz lozimdir. Alloh Ta'olo er-xotinni libosga o‘xshatibdimi, demak, libosning egasi o‘z libosini doimo toza, ozoda va yaxshi saqlab yurishi lozim va bu libos egalarining o‘ziga bog‘liqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlarni yaxshilaringiz ahliga yaxshilik qiladiganingiz. Men sizlarning eng yaxshilaringizman” deb marhamat qilganlar. Ahli ayoliga qancha ko‘p yaxshilik qilgan kishi, odamlar orasida eng yaxshilari bo‘lib boraveradi.
Ba'zan er-xotinlar oilaviy janjallardan tegishli tashkilotlarga shikoyat qilib kelishganini ko‘p guvohi bo‘lamiz. Ana shu shikoyat qilib kelganlar bir-birlarini aybini aytib, erlar xotinini taloq qilgan, xotinlar erlarini tashlab ota uyiga ketib qolgan, hatto xorijga ishlash uchun ketganlari ham bor. Bularning asosiy sabablari er-xotinlar bir birlarini tushunmay arzimagan bahonalarni ro‘kach qilishdan va oila qadri, xotinlik yoki erlik burchini unutib qo‘yishlaridandir. Oilalarning o‘zaro nizolariga telefon va ichkilikbozlikning ham sabab bo‘lmoqda, desak xato qilmagan bo‘lamiz. O‘z juftining aybini aytaman deb o‘zlarining nuqsonlarini ochib qo‘yayotganlarini bilsalar edi, aslo bu ishni qilmagan bo‘lur edilar. Haqiqatdan ham biz o‘z juftimiz uchun libos ekanmiz uni asrab avaylash, doimo toza-ozoda saqlamog‘imiz, chang-g‘ubor, dog‘ tegishidan asrashimiz va eng asosiysi unga egalik qilish burchimiz hisoblanadi. Dono xalqimizda “Er-xotin qo‘sh ho‘kiz” degan maqol bor. Bu degani oilani saqlash uchun er-xotin birdek mas'ul.
Shu o‘rinda bir hikoyani esga olsak. Bir ovchi bir to‘da qushlarni to‘rga ilintiribdi. Qo‘shlar to‘dasi omon qolish uchun hammalari birgalikda uchib, qochishga muvaffaq bo‘libdi. Ma'lum bir masofaga uchib borishgach qarg‘alar, chumchuqlar, maynalar va hakozo qushlar bir-birlaridan ayb izlay boshlashibdi. Ya'ni, ba'zilari ko‘proq harakat qilyaptiyu boshqalari go‘yo kam harakat qilyotganini ro‘kach qilishibdi. Shundan so‘ng orada janjal chiqibdi. Qushlar galasi pasayib yana ovchining o‘ljasiga aylanishibdi. Xuddi shunday, oilada bir biridan ayb qidirayotgan er-xotinlar faqat o‘zlariga jabr qilishadi xolos. Kamchilik hammada bo‘ladi. Biz uni yashirsak Alloh bizning aybimizni yashiradi.
Usmon QODIROV - Kattaqo‘rg‘on tuman “Valijon” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 02/11/2019 13:48; Ko‘rilganligi: 2336
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 21:06