O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Ziyo manbai (kitobxonlik haqida)

 
 

Butun olamlarni yo‘qdan paydo qilgan Alloh taologa O‘zining ulug‘ligiga munosib hamdu sanolar hamda oxirat ummatiga ulkan ilm-u hikmat va bemisl go‘zal axloq ila yuborilgan, sevimli payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovat-u salomlarimiz bo‘lsin. Alloh taolo insonni fitratan, ilmga muhtoj qilib yaratgan. Shu sababli insonlar umri davomida kimdandir, nimanidir o‘rganib, yoki kimgadir hayot tajribalarida taqlid qilib yashashga harakat qiladi. Bu hayotni ilmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ilmsiz kishining hayoti doim zulmatda bo‘ladi. Ilm bu nurdir. Qorong‘udagi insonga chiroq qanchalar zarur bo‘lsa, bu hayotda istiqomat qilayotgan insonga ham ilm shu qadar zarurdir. Buyuk muhaddis Abu Abdulloh Muhammad Ibn Ismoil Al-Buxoriy aytganlaridek “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmaydi ham!”

Biz istiqomat qilib turgan hayotimizda ilmlar ko‘p, ularning orasida foydaligi ham va aksincha zararligi ham mavjud. Inson qaysi ilm, ikki dunyo saodatiga yetkazishini bilishdan ojizdir. Shu bois insonga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan murabbiy ustoz kerak. Baxt-u iqbolli bo‘laman degan inson hayotini ustozsiz tasavvur qila olmaydi. Alloh taoloning haqiqiy ziyo manbai bo‘lmish ulug‘ kalomullohi Qur'oni karimning boshida kelgan, “Ummul qur'on” deb nomlanmish “Surai-fotiha”ning ilk oyati “Alhamdu lillahi robbil a'lamin”, ya'ni barcha maqtov, shukurlar olamlarning Robbisi Allohga bo‘lsin, deb boshlanadi. Bunda Alloh taolo o‘zining go‘zal ismlaridan Rob ismini keltirishining hikmati butun bandalariga murabbiy ustoz, tarbiya beruvchi avvalo o‘zi ekanini ta'lim bergan. Alloh taolo bandalarining ikki dunyoda ham baxtga yetkazadigan ilmni, bandalar orasidan eng omonotdor va go‘zal hulq ila tarbiyalangan o‘zining habibi va ulug‘ bandasi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni tanladi. Butun olam jaholat botqog‘iga botib, inson ilmsizlik sababidan o‘zligini unutib, hatto o‘z qiz farzandlarini beayb norasida go‘dakligidayoq tiriklayin ko‘mishgacha borgan bir zamonda, janob payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam ulug‘ muallim bo‘lib kelib, butun olamni zulmatdan yorug‘lik sari yetaklab chiqardi. Inson jamiyatda o‘zligini angladi. Ilmsizlik tufayli qilgan xatolariga qattiq pushaymon bo‘ldi. Ilm olish natijasida u zot sollallohu alayhi vasallam zamonidagi insonlar to qiyomat kunigachan, butun xalqqa o‘rnak bo‘ladigan shaxslarga aylandi. Darhaqiqat janob payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va ul zoti sharifning ilm-u ma'rifatidan o‘zlarini isloh qilib yashab o‘tgan insonlarning hayot yo‘llari to bugungacha butun el-u xalqqa so‘nmas ziyo mayog‘i bo‘lib kelmoqda. Ilm-ma'rifatdan uzoq bo‘lgan inson, kim bo‘lishidan qat'iy nazar u qadrsizdir. Uning qalbi, ongi haqiqatni ko‘rishdan ojizdir. U haqdan to‘silgandir. Alloh taolo kalomi qur'onda ham, o‘qigan ilm o‘rgangan banda bilan, o‘qimagan o‘rganmagan banda hech qachon teng bo‘lmasligini zikr qilgan.

Anas Ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim do‘zaxdan ozod qilinganlarga qarashni yaxshi ko‘rsa, ilm oluvchilarga qarasin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, qaysi bir ta'lim oluvchi olimning eshigiga kelsa, Alloh taolo uning har bir qadamiga bir yillik ibodatni yozadi va har bir qadamiga jannatda bir bino barpo qilinadi. Yerda yursa, unga istig‘for so‘rashadi. Kechasi va kunduzidagi gunohlari kechirilgan holda bo‘ladi. Unga maloikalar guvoh bo‘ladilar va: “Ana ular Allohning duzaxdan ozod qilgan bandalaridir”, deb aytadilar. Bu muborak hadisdan ma'lum bo‘ladiki, ilm insonga nur ziyo bo‘lish bilan birga, Allohning huzurida ham bandalarning huzurida ham insonga ulug‘ sharaf bo‘larkan. Hazrati Ibn Abbos roziyallohu anhudan ilmni qanday topdingiz, nima bilan erishdingiz?  deb so‘raganlarida, u kishi - Charchamaydigan savolli til hamda eshitganini saqlovchi qalb bilan – deb javob berganlar.

Ha, mazkur ajib hislatlar insondagi zehn, fahmu-farosatni kamol topishida zarur bo‘lgan omillardandir. Inson qalbi doim ilm-u hikmat, ma'rifat uchun ochiq bo‘lmog‘i lozim. Mana shunday ilm-ma'rifat, ziyo-yu hikmat sohibi bo‘lish uchun jannatmakon yurtimizda barcha sharoitlar muhayyodir. Jumladan bugungi kunda o‘z fuqarolarini ilmli, ziyoli bo‘lish uchun barcha imkoniyat eshiklarini keng ochib berib, hamda kitob sevar, sermutoolali yoshlarga ulkan mukofotlar ta'sis etilayotganligi muxtaram yurtboshimiz tomonidan o‘z fuqarolari uchun cheksiz oliy janoblikdir. Bunday ajib holatlarni boshqa mamlakatlarda uchratib bo‘lmaydigan, biz uchun Allohning ulug‘ ne'matlari desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mana shunday obod va ozod, ilmlilar qadrlanayotgan bir diyorda kitob o‘qishlikka rag‘bat qilmaslik, insonni noshukurligidan bo‘ladi.

Hasanxon TEMIROV - Ishtixon tuman "Muhojirlar" jome masjidi imom noibi,  O‘MI Samarqand viloyat vakilligi mutaxassisi


Kiritilgan vaqti: 17/12/2019 15:07;   Ko‘rilganligi: 2057
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/ziyo-manbai-kitobxonlik-haqida
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing