O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

YOSHLARNI YOT G‘OYALARDAN ASRAYLIK

 
 

Yoshlik har bir insonga bir marta beriladigan tengi yo‘q ne'matlardan biri bo‘lib, uning qadriga yetmoq kerak. Bu ne'matdan unumli foydalanib, o‘zining ilmiy va ma'naviy salohiyatini oshirib borgan inson o‘z zimmasidagi eng oliy vazifani uddalagan hisoblanadi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi. Har bir farzandning shaxsiyati oilada shakllanadi. Demak, oila barkamol avlod poydevori hisoblanadi. Shunday ekan oilada farzandlarni axloqiy-huquqiy jihatdan mukammal tarbiyalash, ayniqsa, adolat, burch, vatanparvarlikni shakllantirish, ona vatanni sevish hissini o‘yg‘otish o‘ta muhim hisoblanadi.

Jamiyatimiz ravnaqi uchun zarur bo‘lgan ilmlarni olish har bir yosh yigit-qizning zimmasidagi burchlaridan biri hisoblanadi. Vatandoshimiz buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy: “Najot faqat ilmdadur”, deb bejiz aytmagan. Chunki bilimsizlik – jaholatdan, jaholat esa – takabburlik, mutelik va buzg‘unchilikdan kelib chiqadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kimki dinni ilmsiz da'vo qilsa, o‘zi ham adashadi, birovni ham adashtiradi”, — deb aytgan hadislari o‘z mazmunini yo‘qotgan emas.

Ma'lumki, Qur'oni karimda:

Yani: “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi…” (Baqara, 256), deb marhamat qilingan. Darhaqiqat, konstitutsiyamizda ham biron fuqaroni biron dinga majburlab kiritish taqiqlangan, har bir inson haq-huquqi, erkinligi kafolatlangani xususida shunday deyilgan: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e'tiqod qilish yoki hech qanday dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Diniy bag‘rikenglik tamoyili Konstitusiyamizning barcha moddalarida o‘z aksini topgan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, haq-huquq va burchlari qonunimiz doirasida aniqlanib, belgilab qo‘yilgan.

Bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish muqaddas dinimizning ta'limotlaridan biridir. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

Ya'ni: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A'rof, 199). Shu oyat nozil bo‘lgach, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Jabroil (a.s.)dan uni sharhlab berishni so‘ragan ekanlar. Ul zot jumladan: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqdaki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, sizga bermagan kishiga siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga siz yaqinlashing!” – degan ekanlar.

Yoshlarimizni turli xil yot oqimlardan himoya qilishda diniy omillar – Qur'on oyatlari va hadislardan keng foydalanish hamda dinning asl mohiyatini anglatish ham lozim. Ekstremizm va terrorizm muqaddas Islom diniga aloqador bo‘lmasdan, muayyan diniy konfessiya va tashkilotlardagi ashaddiy mutaassibona unsurlarning faoliyati mafkurasining natijasi ekanligini har bir yosh avlodga tushuntirish bugungi kunning dolzarb mavzularidandir. Holbuki, dinda mutaassibona e'tiqodda bo‘lish va sof islomiy e'tiqoddan bexabarlik ekstremizm va terrorizmning asl manbalaridan biridir.

Islom ta'limoti buzg‘unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug‘larini sochishni qattiq qoralaydi. Ma'lumki, so‘nggi yillarda dinni o‘zlariga niqob qilib olgan oqimlar, toifalar paydo bo‘ldi. O‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzg‘unchilik, begunoh odamlar qonini nohaq to‘kish kabi jinoyatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda. Bunday kimsalarga nisbatan Alloh taolo Qur'oni karimda xitob qilib shunday deydi:

Ya'ni: “…Allohning rizqidan yeb-ichingiz, yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!”. (Baqara, 60).

Jaholatdan o‘zini asrash har bir e'tiqodli insonning musulmon sifatidagi burchidir. Chunki islomning o‘zida yaxshini yomondan, tafakkurni jaholatdan, ilmni ko‘r-ko‘ronalikdan ajratish ma'yorlari belgilab berilgan.


Kiritilgan vaqti: 04/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1677
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/yoshlarni-yot-goyalardan-asraylik
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 04:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing