O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Ulamolar qadri

 
 

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ

Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. (Mujodala surasi 11 oyat)

Imon keltirganlar Allohning va uning Rasulining buyruqlariga itoat qilganliklari uchun dunyoda nusratu ulug‘lanish bilan, oxiratda jannnat bog‘lari bilan darajalarga ko‘tarilganlar. Oyatda ilm berilgan zotlar xossatan zikr etilyapti. Chunki ular ilm va amalni jamlagan zotlardir. Ilm zotida ulug‘ bo‘lishi bilan birga amal bilan yanada ulug‘ martabalarga ko‘tariladi. Amalsiz ilm esa buning teskarisidir.

Oyatdagi Ulamolarning darajalari borasida ikki xil fikr bor. Birinchisi daraja duyoda sharaf, martaba, hurmat kabi narsalar bilan bo‘ladi. Ikkinchisi daraja oxiratda bo‘ladi. Tafsir kitoblarida shu fikr rojihroqdir deyilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Olim oddiy mo‘mindan yetti yuz daraja yuqoriga ko‘tariladi. Har bir darajaning orasi osmon bilan yer orasicha”.

Oyatning ma’nosi borasida tafsir ulamolari shunday deydilar: “Alloh mo‘minlarni bitta darajaga, ilm berilganlarni darajalarga ko‘taradi”.

Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: “Olimning obidning ustidan fazli o‘n to‘rt kunlik oyning boshqa yulduzlar ustidagi fazli kabidar”. “Olimning bir kun ibodat qilishi obidning qirq yil ibodat qilishiga teng”, ya’ni bu yerda ilmsiz obid nazarda tutilmoqda. “Qiyomat kuni uch toifa kishilar shafoat qiladilar: anbiyolar, ulamolar va shahidlar”. Rasululloh sallalohu alayhi vasallamning guvohliklari bilan bo‘lgan, nubuvvat va shahidlik orasida turgan bu martaba qanday ham ulug‘.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Sulaymonga alayhissalom ilm, mol va podshohlik orasida ixtiyor berildi. U ilmni tanlagan edi, ilm bilan birga mol ham podshohlik ham berildi”. Rasululoh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh Ibrohimga: “Ey Ibrohim! Men Aliym zotman va har bir bilimlini sevaman”, deb vahiy qildi”.

Ustoz shogirdga ota-onasidanda mehribonroqdir. Chunki, ota - onasi uni dunyo olovi, ofatlaridan himoya qiladi. Ustoz bo‘lsa oxirat olovi va qiyinchiliklaridan himoya qiladi.

Nabiy sallolohu alayhi vasallam yana shunday marhamat qiladilar: “Albatta, Alloh va uning farishtalari insonlarga yaxshilik o‘rgatuvchiga salovat aytadilar”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Ilmni o‘rganinglar. Ilm uchun sokinlik va viqorni o‘rganinglar. O‘zingiz ta’lim olayotgan zotga tavozeli bo‘linglar”. (Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning merosxo‘rlari - ulamolarimizni Alloh taolo hifzu himoyasida saqlasin.


Kiritilgan vaqti: 03/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2612
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/ulamolar-qadri
Chop etilgan vaqti: 24/04/2025 08:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing