O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

ODOB-AXLOQDAN AFZALROQ MEROS YO‘Q

 
 

Farzand - Alloh taolo tomonidan biz insoniyatga berilgan buyuk ne'mat. Har bir inson o‘z farzandini dunyodagi eng namunali, ilmli va ma'naviyatli bo‘lishini orzu qiladi. Shunga erishish yo‘llarini izlaydi hamda bu yo‘lda uchragan barcha to‘siqlarni yengib o‘tishga harakat qiladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Farzandlaringizga ta'lim bering, chunki ular sizniki bo‘lmagan vaqt uchun tug‘ilganlar”, deb marhamat qiladilar.

Shuning bilan bir qatorda bola tarbiyasini qachondan boshlash zarur ekanligi haqida ko‘plab manbalarda qimmatli ma'lumotlar berilgan. Bola dunyo yuzini ko‘rgan vaqtdan boshlab beriladigan tarbiya bosqichida ona farzandini oziqlantirishda ozodalik qoidalariga amal qilishi, bolani poklikka birinchi kundanoq o‘rgatishi hamda dunyoga kelgan bolaning har bir harakatidan, undagi o‘zgarishlardan ota-ona ogoh bo‘lishi lozim. Shu jumladan, ota ham oilasi uchun olib kelayotgan luqmaning halol yoki haromligiga katta e'tibor qaratishi lozim. Albatta bu ham bolaning tarbiyasida katta ahamiyatga ega.

Farzandning tili yangi chiqqan vaqtdan boshlab to‘g‘riso‘zlik va xushmuomalalikka o‘rgatilsa, birinchi bor ovqat yeganda “Bismilloh”, deb, o‘ng qo‘lda yeyish va ozodalik singdirilsa, biron-bir illat birinchi bor sodir etilganidayoq qaytarilsa, bu saboqlarga bola umrining oxirigacha amal qilib yashaydi. Quyidagi Hadisi sharifda Payg‘ambrimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birorta ota o‘z farzandiga odob-axloqdan afzalroq meros berolmaydi”, deb marhamat qilganlar.

Shunday ekan, avvalo ota-onaning o‘zi bolaga tarbiya berish asnosida xulqi, yurish-turishi va atrofdagilarga bo‘lgan muomalasi bilan o‘z farzandiga o‘rnak bo‘lmog‘i lozim bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizga halqimiz va dinimiz uchun xizmat qiladigan solih va soliha farzandlardan ato etsin.


Kiritilgan vaqti: 01/06/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1366
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/odob-axloqdan-afzalroq-meros-yoq
Chop etilgan vaqti: 01/05/2024 04:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing