O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Nuqtasiz tafsir haqida eshitganmisiz?

 
 

Arab imlosida yozilgan kitoblarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, so‘zlar tarkibida nuqtali harflardan doimiy foydalanib kelinishiga guvoh bo‘lamiz. Alifbodagi harflarning teng yarmida turli son va joylashuvdagi nuqtalar qo‘yilgan bo‘lib, ulardan foydalanmasdan turib nimadir yozish yoki so‘zlash ancha mashaqqat keltirib chiqarishi tayin. Lekin tafsir kitoblari orasida bir asar borki, musannif unda Qur'on oyatlarini boshidan oxirigacha tafsir qilishda bir dona ham nuqtali harf qatnashgan so‘zni ishlatmagan va bu bilan o‘zini benazir ilm sohibi ekanini ko‘rsata olgan. “Savatiul ilhom” deya atalgan bu tafsir asari “Tafsiri fayziy al-hindiy be nuqat” (Hindistonlik Fayziyning nuqtasiz tafsiri) nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Zahiriddin Muhammad Bobirning nabirasi Akbarshohning hukmronligi davrida Hindistonda yashab o‘tgan, asli arab millatiga mansub Abu Fayz Fayziy ibn Muborak tomonidan yozilgan ushbu asar muallifning eng katta tasnifotlaridan bo‘lib, unda mufassirlar, hattoki arab tilining lug‘at jihatidan eng mohir bilimdonlari orasida ham yangilik bo‘lgan usuldan foydalangan. Ya'ni yuqorida ta'kidlanganidek, tafsirning boshidan oxirigacha nuqtali arab harflarini ishlatmagan va bu mahorati bilan fan mutaxassislarini hayratga sola olgan.

Arab harflarning teng yarmida nuqtadan foydalanilganini inobatga olsak, Fayziyning ushbu ishi juda katta ilmni talab etishi namoyon bo‘ladi. Yana musannif eng oliy kalom – Qur'oni karim tafsirida ushbu usuldan foydalanishga jur'at etgani uning til boyligi naqadar keng ekanligiga dalolatdir. Nuqtali so‘zlar o‘rniga shuning ma'nosini beruvchi, asl mohiyatdan uzoqlashtirmaydigan va noto‘g‘ri tushunchaga olib bormaydigan nuqtasiz so‘zni topib qo‘yish va buni butun bir asarda qo‘llash chinakamiga tahsinga loyiq ishdir.

Abu Fayz Fayziy ibn Muborak Akbarobod (Agra) shahrida 1547 yilda tavallud topgan. Uning ajdodlari asli yamanlik bo‘lib, ilm va fazilat sohiblaridan, tasavvuf peshvolaridan edilar. Hindistonga kelish tarixi beshinchi bobosi Shayx Musoning shu taraflarga qarab safar qilishi va yashab qolishi bilan bog‘liq.

Fayziy dastlab otasidan, keyin Hindistondagi islom ulamolaridan tahsil olgan. Uning ilmda benazirligi xabari Akbarshohga borib yetgach, odam yuborib huzuriga taklif etadi va shuning bilan ikkisining o‘rtasida munosabat paydo bo‘ladi. Akbarshoh Fayziyni o‘ziga yaqin tutar va juda hurmat qilar edi[1].

Fayziy 1592 yili vafot etadi va Agrada dafn etiladi.

“Savatiul ilhom” tafsiri 999-1002 hijriy yil orasida yozilgan. Muqaddima qismiga alohida o‘rin berilgan bo‘lib, musannif unda hayoti, oilasi, sulton bilan uchrashish tarixi, mazkur tafsirning yozilishi, uslubi haqida ma'lumot bergan.

Tafsirning qo‘lyozma nusxalaridan biri Turkiyadagi “Fozil Ahmad” kutubxonasida №113 raqam bilan saqlanmoqda. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar bo‘limining elektron kitoblar fondida aynan ushbu nusxani uchratish mumkin. Bundan tashqari uning qo‘lyozma nusxalari Imom Muhammad ibn Saud universiteti kutubxonasida (№147 (1882), Leyden universiteti kutubxonasida (№229 (SSO 1702), Hindistondagi Devband kutubxonasida (№44/1 (60/25), Qohira universiteti kutubxonasida (№293/3 (22186) raqamlari ostida saqlanib kelinmoqda.

U.Muhammadiyev:

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Qur'onshunoslik sho‘basi rahbari

Manba: bukhari.uz

[1] “Muqaddimatu savatiul ilham”


Kiritilgan vaqti: 19/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1521
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/nuqtasiz-tafsir-haqida-eshitganmisiz
Chop etilgan vaqti: 22/04/2024 01:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing