O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Ilm zulmatni yorituvchi mash'aladir

 
 

Insoniyat tarixiga nazar solsak, hayotini nizomini ilm-ma'rifat asosida rivojlantirgan jamiyatlarning barqaror va farovon yashaganiga guvoh bo‘lamiz. Bugungi kunimizda ham ilmiy intellekt asosida taraqqiy topib, dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatorida o‘rin olgan davlatlar talaygina.

Insoniyat tarixiga nazar solsak, hayotini nizomini ilm-ma'rifat asosida rivojlantirgan jamiyatlarning barqaror va farovon yashaganiga guvoh bo‘lamiz. Bugungi kunimizda ham ilmiy intellekt asosida taraqqiy topib, dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatorida o‘rin olgan davlatlar talaygina.

Bizning xalqimiz ham qadimdan ma'rifatga oshno va dunyo tamadduniga mislsiz hissa qo‘shgan ulamolarni tarbiyalab chiqargan xalqdir. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi islom ulamolari, Ibn Sino, Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy kabi qomusiy olimlar tomonidan yaratilgan asarlar ming yillardan beri dunyo ahli tomonidan o‘qib, o‘rganib kelinmoqda.

Hayot chig‘iriqlaridan o‘tgan hikmatli so‘zlarda aytiladiki, qaysi bir millatning o‘tmishi nimaga asoslanib taraqqiy etgan bo‘lsa, buguni va ertasi ham shuga asoslanib taraqqiy etadi. Bizning ajdodlarimiz ilmu-ma'rifat bilan taraqqiy etganlar. Ular muqaddas Qur'oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatidagi – “O‘qi” (“Alaq” surasi) iborasining ma'nosini chuqur angladilar, ikkinchi bo‘lib nozil qilingan “Ey, burkanib yotgan. Tur va ogohlantir” (“Muddassir” surasi, 1-2 oyatlar) oyatidan xalqni ogohlantirish, haq yo‘lga boshlash ilmsizlik va nodonlik bilan bo‘lmasligini anglab yetdilar.  

Shubha yo‘qki, bizning ham porloq kelajagimiz faqat va faqat kuchli ilm vositasidagina amalga oshadi. O‘qish va o‘rganishdek sharafli va lazzatli narsa yo‘q. Inson bilimi bilan qadrlanadi. Hazrati Odam alayhissalomni farishtalardan ham yuksak maqomga ko‘targan sir unga berilgan ilmda edi.

O‘qish yozish quroli bo‘lgan “qalam” Qur'onda ulug‘lanadi, “Qalam bilan va satrlarga yozadigan narsalar bilan qasam” (“Qalam” surasi, 1-oyat), demoqlik bilan aynan unga va u yozgan satrlarga qasam ichiladi. Oyatda Allohning qalam bilan qasam ichishi, uning inson hayotidagi o‘rni va qadri juda muhim ekanini ifodalaydi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir kuni yonlaridagi Hilol ismli kishidan: “Qalaming bormi?” – deb so‘radilar. Yo‘q javobini eshitgach: “Qalamsiz yurma, ey Hilol. Chunki, ezgulik undadir. Qiyomatgacha unga sodiq bo‘lganlar chiqadi. Insonlar qalam ila yuksaladilar. Olim qo‘lidagi qalamning siyohi shahidning qoni bilan tengdir”, dedilar.

Bugungi mustaqil O‘zbekistonda ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish, rivojlantirish ishlariga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu haqda qator qaror va farmoyishlar chiqarilmoqda. Davlat tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlar natijasi izlanuvchan yosh avlod mehnati samarasida ko‘rinadi. Har bir kamol topib borayotgan o‘g‘il-qizlar Vatan va xalq oldidagi burchlarini to‘g‘ri anglashlari, ilm olishdan munosib maqsadlarni ko‘zlashlari va chuqur bilimga ega bo‘lishlarida ilmning ma'naviy ahamiyatini teran anglashlari juda muhimdir.

Tarbiya ta'limning ajralmas qismi, u ikkisi birga bo‘lgandagina tom ma'noni anglatadi. Zero, tarbiyani ta'limdan, ta'limni tarbiyadan ajratishning imkoni aslo mavjud emas. Taniqli ma'rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan chuqur  ma'noli so‘zlari naqadar haqiqat ekanini kun sayin anglab bormoqdamiz.   

Hadislarda ilm egalari o‘liklar orasida yurgan tiriklar bilan teng ekani aytiladi. Hakimlardan biri: “Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, borgan joyini yoritadi”, degan ekan. Ilm zulmatni yorituvchi mash'aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlashimiz lozimdir. Ilm doimo rivojlanishni, intilishni, takomillashishni talab qiladi.

Dilmurod BEKTAMISHOV - Narpay tuman bosh imom-xatibi, "Naqshbandiy" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 11/12/2019 11:15;   Ko‘rilganligi: 1575
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/ilm-zulmatni-yorituvchi-mashaladir
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 06:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing