O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

DABDABA KIMGA KERAK?!

 
 

Mamlakatimizda ko‘plab yurtdoshlarimiz muborak “Umra”, muborak “Haj” ibodatlari uchun yaratib berilayotgan qulay imkoniyatlardan foydalanib, bu ulug‘ ibodatlarni amalga oshirib kelmoqdalar. Darhaqiqat, bu ibodatlar – ham jismoniy, ham moliyaviy ibodat bo‘lib, kishilar uy-joyi, mol-dunyosi, oilasini ma'lum bir muddatga tark qilib, Allohning huzuriga aziz mehmon bo‘lish uchun qilinadigan safardir. U yerda boy-badavlat, qambag‘al, millati, jinsi, rangi, tili, irqi, dunyoviy maqomidan qat'iy nazar, barcha ziyoratchilar bir xil kiyimda, bir hil holatda ibodat qiladilar. Chunki Alloh huzurida hamma barobardir.

Ma'lumki, muborak “Umra”, muborak “Haj” ibodatiga otlanayotgan har bir ziyoratchiga qo‘llanmalar tarqatiladi, mas'ul xodimlar tomonidan ko‘rsatmalar, nasihatlar beriladi. Ammo, ming afsuslar bo‘lsinki, shuncha tushuntirishlar olib borilayotganligiga qaramasdan, ayrim ayollar o‘z bilganlaricha ish qilmoqdalar. Ajdodlarimizga armon bo‘lib qolgan muqaddas qadamjolarga borib, qimmatli vaqtlarini, fursatni g‘animat bilib, ibodat bilan o‘tkazish o‘rniga sovg‘a-salom, kiyim-kechak xarid qilish uchun do‘kon aylanish bilan o‘tkazmoqdalar.

Ayniqsa, muborak ibodatdan, safardan qaytib kelganlarida dabdaba bilan kutib olinishlari kishini hayron qoldiradi. Maxsus mashinalarning yoki tuyalarning buyurtma qilinishi, cho‘g‘dek qizil gilam poyondozlar, mushakbozlik, bezalayotgan dasturxonlar, tortilayotgan taomlar ketma-ketligi, san'atkorlarning xizmatda turishlari...

Lekin, bu hashamat, dabdabayu as-asalar kimga kerak?! Gunohlardan poklanish, tavba qilish, gunoh ishlardan o‘nglanish uchun Allohning baytiga borish qanday-u, yana shuncha dabdaba, bazmlar nimasi?!

Payg‘ambarimiz (SAV): “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar”, deb ta'lim berganlar. Zero, Alloh isrofgarlarni sevmas. Shunday isrofgarchilikka, shariatda bo‘lmagan ishlar, zalolatga boshlaydigan, bid'atlar uchun sarflangan pullarini ibodatdan qaytib kelgan yurtdoshlarimiz iqtisodiy jihatdan muhtoj, yetim-esir, beva-bechoralar, kam ta'minlangan oilalarga sarflasalar, inshaalloh Allohning rozichiligini qo‘lga kiritadilar.

Barchalarimizni Yaratganning O‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlasin.

 N. Temirova – Samarqand viloyati bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 13/02/2023 11:23;   Ko‘rilganligi: 305
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/dabdaba-kimga-kerak
Chop etilgan vaqti: 14/05/2024 15:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing