CHAQIMCHILIK HAQIDA
Islom dini kishilarni yaxshilikka chorlash bilan birga barcha yomonliklardan, jumladan til ofatlaridan himoya qilish choralarini ham ko‘radi.Til ofatlari juda ko‘p, shulardan: befoyda so‘zlarni gapirish, botil, gunoh ishlarni so‘zlash, fahsh, so‘kish, odobsiz, axloqsiz, chaqimchilik va shunga o‘xshash so‘zlarni aytish, o‘zgalarni mazahlash va ustidan kulish, sirni oshkor qilish, yolg‘on so‘zlash, g‘iybat va boshqalar. Xullas, ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Bularning hammasi qoralangan va qaytarilgan amallardir. Chunki bu so‘zlarning zamirida yomonlik va malomat bor.
Ana shunday til ofatlaridan biri bu - chaqimchilikdir. Ulamolar chaqimchilik to‘g‘risida: ”Odamlar orasini buzish uchun ularning so‘zlarini bir-birlariga yetkazish”, deb ta'rif berganlar. Chaqimchilikning shar'an harom qilingan gunohi kabira ekanligiga barcha musulmon ulamolari ittifoq etishgan.
Chaqimchilikning harom ekanligiga Qur'oni Karim, hadisi sharifda va ulamolarning ittifoq etgan hukmlarida kelgan dalillar asos bo‘ladi.
Jumladan, Qur'oni Karimda chaqimchilik qilishdan ogohlantirib, Alloh ta'olo shunday marhamat qilgan: “(Ey Muhammad!) Yana siz har bir tuban qasamxo‘r, g‘iybatchiyu gap tashuvchi,yaxshilikni man qiluvchi- baxil, tajavuzkor, gunohga botgan, qo‘pol va bulardan tashqari, benasib haromi kimsaga itoat etmang”.(Qalam surasi 10-13 oyatlar)
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, men Rasululloh(s.a.v) dan: “Chaqimchi jannatga kirmaydi” deganlarini eshitganman dedi.
Chaqimchilik xatarli tomonlaridan yana biri jamiyat a'zolarini parchalab, bir-biridan ajratib, bo‘lib tashlaydi. Chaqimchilik tarqalgan jamiyatda birlik, hamkorlik qolmaydi. Bu esa har qanday jamiyat uchun o‘ta xatarli holatdir. Aytishlaricha, chaqimchining ishi shayton ishidan ham zararliroqdir, chunki shaytonning amali vasvasa bilan bo‘lsa, chaqimchining amali bevosita bo‘ladi.
Yahyo Abu Kasir aytadiki: “Yolg‘onchi bilan chaqimchi bir soat ichida sehrgar bir yilda qilolmagan fisqu-fasod va buzg‘unchilikni qo‘zg‘ay oladi. Chaqimchilik sehrning bir turidir. Chunki u ham huddi sehr kabi odamlar orasini ajratishga, yomonikni tarqatishga sabab bo‘ladi.
Abdulloh ibn Abbos (r.a) dan rivoyat qilinadiki, Rasululloh (s.a.v) qabristondan o‘tayotib ikki qabr oldida to‘xtadilar va: “Bu ikki qabrning egalari azoblanmoqdalar, bular o‘zlaricha gunohi kabira emas deb o‘ylagan gunohlari uchun azob chekmoqdalar. Bularning biri bavl(siydigi)dan o‘zini toza tutmas edi, ikkinchisi chaqimchilik qilib yurar edi”, dedilar. So‘ngra bir daraxtning ho‘l novdasidan olib kelishlarini so‘radilar. Bir shohni ikkiga bo‘lib, har ikkala qabr tepasiga sanchib qo‘ydilar-da: “Bu novdalar quruguncha, shoyad bularning azobini yengil qilur”, dedilar.
Endi chaqimchilikni eshitgan kishiga nima qilish kerakligi haqida imom Navaviyning so‘zlarini keltiramiz: “Kimgaki biron kishi chaqimchilik qilib gap tashib kelib, falonchi siz haqingizda bunday demoqda yoki bunday qilmoqchi desa, u kishi chaqimchiga nisbatan quyidagi olti narsani qo‘llashi kerak bo‘ladi:
1.Chaqimchining so‘zlariga ishonmasligi kerak.
2.Chaqimchini bunday gap tashishlikdan qaytarishi, chaqimchilik gunoh ish ekanligini unga nasihat qilish kerak bo‘ladi.
3.Alloh uchun chaqimchini yomon ko‘rishi kerak.
4.Chaqimchiga ishonib, u gap tashib kelgan birodari haqida yomon gumonda bo‘lmasligi kerak.
5.Chaqimchiga ishonib, u yetkazgan gapni aniqlash uchun josuslik qilmasligi kerak.
6.Chaqimchidan eshitgan gapini o‘zgalarga yetkazib: “Falonchi unday dedi”, deb gap ko‘tarib yurmasligi kerak.
Yuqorida zikr etilgan va zikr etilmagan til ofatlaridan saqlanish har bir musulmon uchun juda ham zarurdir. Zero, til faqat to‘g‘ri so‘zni aytish va Allohni zikr qilish uchundir azizlar.
Tilni o‘z ixtiyoriga qo‘ysak insonni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, riyo, ixtilof, dushmanlashuv, axloqsizlik, fahsh ishlar va boshqa turli yomonliklarga olib boradi. Shuning uchun “Kim tilini tiysa, najot topadi” deb bejizga aytilmagan. Til ofatlaridan saqlanishning eng yaxshi yo‘li turli bema'ni o‘tirish-ziyofatlar, g‘iybat-xusumat majlislari, nodon, axloqsiz kishilar suhbati kabilardan uzoqroq yurishdir.
Z.Bo‘ronov - Pastdarg‘om tuman “Al-Farg‘oniy masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 15/06/2020 07:48; Ko‘rilganligi: 5037
Chop etilgan vaqti: 24/04/2025 09:37