O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Boyligingiz bilan hargiz faxrlanmang

 
 

Barcha mavjudotlarga rizq beruvchi yolg‘iz Alloh Taoloning o‘zidir. Alloh subhanahu va ta'olo insonlarning ba'zilariga juda ko‘p boylik ato etadi, ba'zilarini esa faqirlikda o‘tkazadi. Ba'zilar, nima uchun shunaqa? deya qalbini tirnab o‘tadi. Aslida, ular umumiy bir qoidani bilib olishsa, kifoya qiladi: Alloh subhanahu va ta'olo bir boyga ko‘p mulk bergan bo‘lsa, uni yaxshi ko‘rganidan emas, balki uning iymonini tekshirish uchun bergan bo‘ladi. Bir kimsani kambagal bo‘lishini iroda etgan bo‘lsa, uni yomon ko‘rganidan emas, balki mana shu holatida ham qulligini unutib qo‘ymaydimi, degan buyuk imtixoni uchun shuni xoxlagan bo‘ladi. Biron bir inson unutmasinki, boylik va faqirlik shu paytgacha insoniyatning o‘lchovi bo‘lib kelmagan, balki bu holatlar sinovlar dunyosining turlicha maydonlaridir, xolos. Kimdir boy bo‘lib sinaladi, kimdir esa faqir bo‘lib. Rosululloh sollalohu alayhi vasallam Termiziy tomonidan rivoyat qilingan hadisi sharifda dunyoning qadrini pashshanining qanotiga ham tenglashtirmaganlar. “Dunyoning qadri Allohning nazdida pashshaning qanotichalik qadrli bo‘lganida, kofirga bir tomchi suv xam bermay qo‘yardi!”.

Shunday ekan Alloh bergan boylikka ba'zilar faxrlanib boqib, o‘zgalarni mensimay qo‘yishadi. Bu dunyo qaytar dunyo, deb bejizga xalqimiz aytmagan. Bu voqeani qo‘shni tumanda yashaydigan bir tanishim hikoya qilib bergan edi.

Bir yigit o‘rtahol oilada ulg‘ayadi. Maktabni bitirib o‘qishga kirolmagach, yigitlik burchini o‘tagani harbiy xizmatga otlanadi. Harbiy xizmatda chiniqib bilimi va hayotiy tajribasi yanada sayqallanadi. Harbiy xizmatdan qaytgach ishga boshi bilan sho‘ng‘idi. Hali mol, hali qo‘y boqish, dehqonchilik ishlari iblan mashg‘ul bo‘ladi. Endi yigitning ota – onasi to‘y qilib yigitni uylantirish taraddudiga tushadilar. O‘g‘li bilan bamaslahat qishlog‘idagi o‘ziga to‘q bir xonodonning qiziga sovchi bo‘lib borishadi. Qizning ota – onasi qat'iy javobni aytishadi: Ular bizning tengimiz emas. Javobni eshitgan sovchilar, qizning oilasidan ko‘ngli qoladi. Bunday qat'iy javob yigitning ham yuragida dog‘ bo‘lib qolgan edi. Kunlar o‘tib yigit xorijiy davlatga shartnoma asosida ishga otlanadi. U yerda ishlari o‘nga yurishib, mo‘maygina mablag‘ga ega bo‘ladi. Yigitning otasi o‘g‘li uchun  2 qavatli uy ko‘tardi. Orada mashina ham oldi. Yigit ikki yildan so‘ng qishlog‘iga ta'tilga qaytib, hovli to‘yi qilib beradi. Surishtirsa o‘sha qiz hali ham turmushga chiqmagan, otasining ishlari ham ancha orqapga ketgan ekan. Yigitning yuragida esa o‘sha alamli dog‘ hali ham ketmagan edi. Xullas ta'til tugab yigit yana ishiga otlanadi. Tabiiyki oshna – og‘aynilar, qo‘ni – qo‘shnilar, qarindoshlar bunday paytda yig‘ilishib, ishga otlangan yigitga oq fotiha berishadi. Shunda qizning otasi ham yigitni kuzatib qo‘ygani keladi va ishga otlangan yigitni bir chetga tortib, qizi hali turmushga chiqmaganini, agar xohlasa qizini unga berishini  aytadi. Dunyo ko‘rgan yigit bosiqlik bilan so‘zini aytadi; “Amaki, men sizlarning tengingiz emasman, tengingizni toping” deydi.

Ha azizlar, hargiz pulimiz, mol davlatimiz faxrlanmaylik. Pulimiz va mol davlatimiz nisobga yetgan bo‘lsa haqdorlarga zakot beraylik. Zakotni kam taminlangan oilalarga, yo‘lovchiga, ilm toliblariga, musofirga, o‘qishning shartnoma pulini to‘lashga qiynalib turgan talabalarga, vaqf xayriya jamoat fondiga bersak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Duvlayev G‘ULOM, Kattaqo‘rg‘on tuman “Qirovul” jome masjidi mutavallisi


Kiritilgan vaqti: 27/09/2019 11:37;   Ko‘rilganligi: 1751
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/boyligingiz-bilan-hargiz-faxrlanmang
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 04:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing