O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

BOLALAR TARBIYASIGA DOIR FOYDALI MASLAHATLAR

 
 

Barchamizga ma'lumki, farzand inson hayotining mazmuni, nasl-nasabini davom ettiruvchisi, oilaning mustahkam zanjiridir. Yaxshi, solih va barkamol farzand ota-onaning baxt-iqboli, ikki dunyo saodatiga yetishtiruvchi dilbandi. Farzandlar «Jannat rayhonlari» deb tavsiflanishi bejiz emas. Ammo u odobli, yaxshi fazilatlar sohibi bo‘lgandagina ota-onasiga rahmat va baxt-xursandchilik keltiradi. Oila qurish va solih farzandlar ko‘rishni orzu qilmagan inson bo‘lmasa kerak.

Darhaqiqat, farzandlarimizning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sog‘lom va har tomonlama salohiyatli bo‘lib o‘sishi ko‘p jihatdan onasiga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun dinimiz ko‘rsatmalarida bo‘lg‘usi kelinni tanlashga alohida e'tibor qilinadi. Kelajakda tug‘ilajak farzandlarga munosib ona tanlash haqida dinimiz ko‘rsatmalari mavjud bo‘lib, har-bir musulmon kishi shu to‘g‘risida qayg‘urmog‘i lozimdir. Onamiz Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh(sollallohu alayhi vasallam): «Farzandlaringizni munosib onani ixtiyor qilinglar»,- deganlar.

Urf-odat va qadriyatlarimizda kelin tanlashda uning soliha, dindor, yaxshi xulqli bo‘lishi asosiy mezon sanaladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ayol to‘rt narsa uchun: moli, hasabi, jamoli va dini uchun nikohlanadi. Bas, sen dindorini tanla, omon bo‘lgur», deganlar (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyati).

Kelin tanlashda va uning kelajakda ona bo‘lishi tug‘ishga layoqatli, sog‘lom bo‘lishiga e'tibor berish lozim. Chunki uylanishdan asosiy maqsad inson o‘z naslini davom ettirishidir. Insoniyatning ko‘payishi, naslining bardavomligi qiyomatgacha davom etadigan ilohiy iroda va muhim jarayondir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Nikohlaninglar, ko‘payasizlar, men qiyomat kuni o‘tgan ummatlarga nisbatan ummatimning ko‘pligi bilan farxlanaman», deb marhamat qilganlar.

Donishmandlar bola tarbiyasiga u hali homila holida ekanidayoq kirishishni maslahat berishadi. Bunga qanday erishish mumkin? Bo‘lajak onaning yemishi halol, pok bo‘lishi, u hamisha toza, pokiza yurishi, ko‘proq Qur'on o‘qishi, duo va zikrni muntazam aytib turishining tug‘ilajak farzandning kelgusida yaxshi tarbiyali, odobli, e'tiqodli, chin inson bo‘lib kamolga yetishishda foydasi bor. Hatto zamonaviy tibbiyot ham ona homiladorlik chog‘ida ko‘proq qanday kayfiyatda bo‘lsa, bularning hammasi bolaga ham ko‘chishini isbotlagan. Masalan, homiladorlik chog‘ida ko‘p asabiylashgan, boshiga biror g‘am, musibat tushgan ayollarning farzandlari injiq, serzarda, yig‘loqi bo‘lib tug‘ilishi ko‘p marta kuzatilgan.

Muhammad ibn Muhammad Jomiy aytadi: «Har bir ota-onaning farzand oldida burchi bor. Chunonchi, har bir ota o‘z farzandi nomusli ayoldan tug‘ilishiga harakat qilsin, toki tug‘ilganidan keyin odamlar farzandga turli ta'nalar qilib yurmasin. Bolaga yaxshi va chiroyli ism qo‘ysin. Unga ilmu ma'rifat o‘rgatsin. Ota-ona farzandini hamisha halol ovqat bilan boqsin. Harom yo‘lda topilgan taom bolaga yomon ta'sir ko‘rsatadi va uni haromxo‘rlikka o‘rgatadi. Buning uchun ota-onaning o‘zi, avvalo, halol luqmali bo‘lishi kerak. Shundagina pushtidan bo‘lgan bola halol va pokiza bo‘lib tug‘iladi. Ayniqsa, ona homiladorlik paytida harom va shubhali narsalardan o‘zini saqlamog‘i juda muhimdir».

Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning « Ihyou ulumuddin» kitobida shunday deyiladi: «Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda baxtli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob va ta'lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka yo‘liqadi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi gunohkor bo‘ladi».

Barchalarimiz kelajagimiz bo‘lmish farzandlarimiz tarbiyasiga mas'ulmiz!

Manbalar asosida Samarqand tuman bosh otinoyisi A.Raxmatova tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 02/07/2020 16:14;   Ko‘rilganligi: 1508
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/bolalar-tarbiyasiga-doir-foydali-maslahatlar
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 10:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing