Duoning zalvori
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kuni faqirona kiyingan, mayus bir ayol sabzavot do‘koniga kirdi. Do‘kon sohibiga tortinibgina yaqin bordi va erining og‘ir xastaligi tufayli biror ishga yaramay, to‘shakka yotib qolgani, yetti bolasi borligi, ularning ochlik azobidan qiynalayotganini aytdi.
Sotuvchi unga ters qarab:
- Ey, tilanchi xotin, darhol do‘konni tark et!- dedi.
Ayol esa bolalarining yemak yeyishga ehtiyoji borligini aytib yolvorgancha:
- Iltimos, janob, bolalarimni qornini to‘ydirib, odamlarning eshigiga ishlagani jo‘nataman.
Ular pul olib kelgan zahoti qarzingizni qaytaraman,- dedi.
Do‘kondor ayolning iltijolariga parvo qilmay, uni tanimasligi, doimiy xaridorlaridan emasligini aytib iltimosini rad etdi.
Shu payt do‘kon tashqarisida turgan bir mijoz sotuvchi bilan ayol o‘rtasida bo‘layotgan suhbatni eshitib qoldi va ichkariga kirib do‘kondorga:
- Bu ayolga so‘ragan narsalarini ber, men kafil bo‘laman, qarzini qaytaradi,- dedi.
Uning gapiga ko‘ra sotuvchi ayolga qaradi-da, istamaygina:
- Oladigan narsalaringni ro‘yxat qilganmisan?- deya so‘radi.
Ayol tasdiq ma'nosini berib bosh irg‘adi.
- Unday bo‘lsa uni tarozining bir pallasiga qo‘y-da, ikkinchi pallasiga o‘zing oladigan narsalarni qo‘y. Ro‘yxat qog‘ozingni vazniga teng narsalarni beraman,- dedi.
Ayol bir muddat turdi-da, boshini quyi egib choponining cho‘ntagidan bir qog‘oz parchasi olib tarozining bir pallasiga qo‘ydi.
Shu payt do‘kondor va kafil mijozning ko‘zlari hayratdan katta-katta ochildi.
Tarozining tosh qo‘yiladigan pallasi qog‘oz parchasining og‘irligidan cho‘kib ketgandi.
Do‘kondor kafil mijozga qarab ezg‘in tovushda:
- Ishonmayman.
Ishoniladigan holat emas - dedi.
Tarozining mahsulot qo‘yiladigan pallasi keragidan ortiq narsalar bilan to‘ldi.
Do‘kondor va'daga binoan ayol olgan hamma yeguliklarni xaltaga joylab, qo‘liga tutqazdi.
Zudlik bilan nimalardir yozilgan qog‘ozni qo‘liga oldi-da, o‘qidi.
Unda xarid qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati emas, quyidagi so‘zlar yozilgandi:
«Allohim! Nimaga ehtiyojim borligini yolg‘iz O‘zing bilasan.
Shuning uchun o‘zimni Senga taslim etaman. O‘zingga tavakkal, O‘zing omonat bergan bolalarimning rizqini yetkaz!»
Do‘kondor tosh kabi qotdi-qoldi.
Ayol unga tashakkur aytib, do‘kondan chiqdi.
Ayolning xaridiga kafillik qilgan mijoz bir dasta pulni do‘kondorga berdi va «Qaytimi kerak emas» dedi. Mijoz do‘kondan chiqib ketayotib tarozi pallalarining singaniga ko‘zi tushdi.
Nima sababdan tarozi pallasi singani va duoning kuchi neqadar zalvorli ekani yolg‘iz Allohgagina ma'lum edi.
Turk tilidan Umida Adizova tarjimasi
Manba: islom.uz
Kiritilgan vaqti: 21/10/2019 17:13; Ko‘rilganligi: 1170
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 21:44