O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Duo haqida

 
 

Inson hayotining barcha holatlarida duo qilishga muhtojdir. Qalbidagi istaklarni izhor qilishda eng haqli Zotga, Alloh taologa intilishi haqdir.

Alloh taolo “G‘ofir” surasida marhamat qilib, “Menga duo qilinglar. Duolaringizni ijobat qilaman”, dedi. Va yana Baqara surasida: “Agar bandam Men haqimda Sizdan so‘rasa, ey Muhammad alayhisalom, men unga yaqindirman. Duo qilguvchining duosini qabul qilaman”, dedi.

Shu bois har bir mo‘min banda bunday qulay imkoniyatdan foydalanishni ham bilishi zarur.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘z hadislarida duo haqida gapirib, “Duo ibodatlarning mag‘zidir”, dedilar. Demak, ikki dunyo saodatidan umidvor har bir inson duoning kuchini bilgani holda Allohga duoni kanda qilmay, O‘zidan so‘rashi lozim.

Shu o‘rinda yana bir jihatni aytish joiz, duo ijobat bo‘lishi uchun uning odoblari va qoidalarini bilish talab etiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday deganlar:

“Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin” (Muslim rivoyati).

Demak, duoim ijobat bo‘lsin degan mo‘min banda yemog‘i, ichmog‘i, kiymog‘i va oziqlanadigan narsalari haloldan bo‘lishiga e’tiborli bo‘lishi talab etiladi.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Allohim! Qulog‘im va ko‘zimni menga salohiyatli qilgin. Ikkisini menga ikki voris qilgin. Menga zolimlar ustidan nusrat bergin va ulardan o‘ch olishimni o‘zimga ko‘rsatgin”, der edilar
”.

Ushbu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qulog‘im va ko‘zimni menga salohiyatli qilgin» deganlari quloq ko‘zimni sog‘-salomat qilgin, ularni menga yaxshilik yo‘lida xizmat qilishlarini nasib qilgin deganlaridir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Ikkisini menga ikki voris qilgin» deganlari meni quloq ko‘zim sog‘ holimda vafot ettirgin, ular ortimdan merosxo‘r qolgandek bo‘lsinlar deganlaridir.

Shuningdek, banda Alloh taolodan ko‘z va qulog‘ini sog‘-salomat bo‘lishini va bu ne’matlarning umr oxirigacha bardavom bo‘lishni so‘rab duoda bo‘lishi kerakligi aytilmoqda.

Hadisi sharifning so‘ngida mazlum zolim ustidan nusrat so‘rab va undan o‘ch olishni oson qilinishini so‘rab duo qilish joiz ekanligini ma’lum qilmoqda.

Ammo, duoi bad yoki tavqi-la’nat qilishdan Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam mo‘min-musulmonlarni qaytardilar. Hatto, urushlarda juda ko‘p qur’on hofizlarini shahid bo‘lganlarini ko‘rgan sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mushriklarning haqlariga duoi bad qilishni so‘raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning haqlariga duoi xayr qilib, Allohdan ularga hidoyat so‘radilar.

Zulm ko‘rgan mo‘min kishi tomonidan zolimga nisbatan duoi bad qilinmasa ham, zolimga Allohning la’nati yog‘ilib turishi Payg‘ambarimizning muborak hadislarida aytilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ota-onasiga aziyat berganni Alloh taolo la’natlaydi», dedilar. Imom Ahmad rivoyati.

“La’nat” so‘zining lug‘aviy ma’nosi nafratlanish, duoi bad qilish, sovish, bezish kabi ma’nolarida keladi. Islomiy istilohda esa Allohning rahamatidan mahrum qilish ma’nosida ishlatiladi.

Alloh taolo la’natlagan kimsani farishtalar ham la’natlaydilar. Hadisga e’tibor berilsa, ota-ona tomonidan aziyat bergan farzandi haqiga hech qanday munosabat, ya’ni duoibad, qarg‘ish kabi harakatlar sodir etilmasa ham, Alloh taolo bunday insonni ota-onasi ko‘nglini og‘ritgani uchun la’natlashi ma’lum qilinmoqda. Demak, farzandi uchun qalbi faqat mehr va shafqatga to‘la bo‘lgan ota-ona qalbining vayron etilishi Allohning qattiq jazosi bilan qarshi olinadi ekan. Bunday holatlarni xalqimiz orasida “tavqi la’nat” ga qoldi deyiladi.

Anas bin Molikdan rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida Alqama degan bir yosh sahobiy yigit bo‘lgan. Alqama ko‘p namoz o‘qish, ro‘za tutish va sadaqa berish kabi ibodatlarda jiddu jahd qilardi. Bir kuni uning kasalga chalinib, vafoti yaqinlashgani ma’lum bo‘ldi. Ayoli erining joni iymon bilan chiqishi uchun unga shahodat kalimasini aytib turardi. Lekin harchand urinmasin, Alqamaning tili kalimaga kelmasdi. Bundan iztirobga tushgan ayol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga odam yuborib, erining o‘lim to‘shagida ekanini, tili kalimaga kelmayotganini, agar yordam bermasalar, iymonsiz ketish xafvi borligini aytadi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ammor, Bilol, Ali va Salmoni Forsiy (roziyallohu anhum)ni:

“Uning oldiga yuborib, holidan xabar olinglar”, deb jo‘natdilar.

Ular kelib, Alqamaga:

“La ilaha illalloh”ni aytib turdilar. Lekin u hamon kalimani aytolmasdi. Vaziyat ancha jiddiy. Shunda hazrati Bilol roziyallohu anhuni holatdan xabardor qilish uchun Payg‘ambarimiz (alayhissalom) huzurlariga yuboradilar.

Rasululloh (alayhissalom) hazrati Biloldan:

“Ota-onasi hayotmi?” deb so‘raydilar. U zot (alayhissalom)ga:

“Uning keksa onasi bor”, deydi.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom):

“Bilol! Borib Alqamaning onasiga mendan salom aytgin. Agar Alqamaning onasi qodir bo‘lsa, huzurimga kelsin. Agar kelolmasa, huzuriga o‘zim boraman”, deb yubordilar.

Bilol roziyallohu anhu kelib, unga Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning gaplarini yetkazdi. Shunda keksa onaxon:

“Jonim Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga fido bo‘lsin. Albatta o‘zim boraman”, deb qo‘liga hassasini olib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga keladi. Hujrai saodatga kirib u zot alayhissalomga salom beradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom alik olganlaridan so‘ng, ayol o‘tiradi. Shunda Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam:

“Ey Alqamaning onasi, menga rostini ayt. Agar yolg‘on so‘zlagudek bo‘lsang, Alloh taolo menga vahiy orqali to‘g‘risini bildiradi. O‘g‘ling Alqama qanday inson?” dedilar.

Keksa onaxon:

“O‘g‘lim Alqama ko‘p namoz o‘qiydi, ko‘p ro‘za tutadi va shunchalik ko‘p sadaqa beradiki, hisobi yo‘q”, deb javob beradi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

“U bilan orangizda nima bo‘lib o‘tgan?” deb so‘raydilar. U bunday javob berdi:

“Yo Rasululloh, men undan g‘azabnokman”.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom):

“Nima uchun?” deb so‘radilar.

Onaizor:

“Xotinini mendan ortiq ko‘rardi. Har doim uni aytganini qilib meni aytganlarimni qilmasdi”, deydi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

“Onasining g‘azabi Alqamani shahodat aytishdan to‘sib qo‘ygan. Ey Bilol, borib men uchun ko‘p o‘tin to‘plab kel, men Alqamani o‘tda yoqaman”, dedilar.

Keksa onaxon: “Yo Rasululloh, ko‘nglimning mevasini ko‘z o‘ngimda yoqib yuborasizmi? Bunga mening yuragim dosh berolmaydi”, deydi.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom):

“Ey Alqamaning onasi, Allohning olovi shiddatli va boqiydir. Agar uni Alloh kechirib yuborishi seni xushnud etsa, u holda undan rozi bo‘l. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam ichib aytamanki, toki sening g‘azabing kelib turar ekan unga namozi, ro‘zasi va sadaqasi ham foyda bermaydi”, dedilar.

Jigarporasining do‘zax olovida yonishini ko‘z oldiga keltirib, yurak bag‘ri ezilganidan unsiz yig‘lagan keksa onaxon, qo‘llarini ko‘tarib:

“Allohim, Rasululloh hamda meni shu yerda kuzatib turganlarni guvoh qilib aytaman, o‘g‘lim Alqamadan rozi bo‘ldim”, deydi.

Aslida komil iymonli mo‘min kishi hech ham la’natlovchi bo‘lmaydi. Abdulloh ibn mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min ko‘p ta’na qiluvchi ham, ko‘p la’natlovchi ham, fahsh so‘z aytuvchi ham va tili bemaza ham emasdir”, dedilar. Shunga ko‘ra mo‘min banda birodariga tili bilan ham qo‘li bilan xam ozor bermas ekan.

Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qilgan: Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Qachon banda bir narsani la’natlasa, la’nat osmonga ko‘tariladi. Shunda uning ortidan osmonning eshiklari yopiladi. Keyin u yerga tushadi. Uning (osmonning)eshiklari ham uning ortidan yopiladi. Keyin u o‘ngga, so‘lga borib-keladi. Agar boradigan joy topmasa, la’natlanganning oldiga keladi. Ammo u bunga loyiq bo‘lmasa, albatta aytuvchisiga qaytadi, dedilar.
Abu Dovud rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda la’nat ko‘proq holatlarda o‘z aytguvchisiga urishi aytib o‘tilgan. Bas, shunday ekan, la’natni zinhor tilga olmaslik kerak.


Kiritilgan vaqti: 11/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 8498
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/duo-haqida
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 15:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing