DINIY VA DUNYOVIY BILIMLAR UYG‘UNLIGI
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda har bir sohada, shu jumladan ta’lim sohasida islohotlar olib borilayotgani, o‘sib kelayotgan yosh avlodni kelajakda inson degan sharafli nomga munosib ravishda tarbiya va ta’lim olib kamol topishlariga mamlakatimizning oqil insonlari jon kuydirayotgani va bu borada ishlab chiqilayotgan va amalga oshirilayotgan amaliy ishdar va tadbirlar tahsinga sazovordir. Ushbu jarayonda bugungi o‘zbek jamiyatining mutlaq ko‘pchiligi insonning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirib, axloqini tarbiyalashdagi dinning yuksak axloqini, inson ruhiyatida insoniy fazilatlarni yaratuvchanligini qo‘llab - quvvatlamoqda. Milliy va diniy qadriyatlarni anglatish yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qilishi bugungi kunda hech kimga sir emas.
Yosh avlodning ta’lim va tarbiyasi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish nafaqat hukumatimizning yoki maktablarning vazifasi, balki har bir ota-onaning ham muqaddas burchlaridan hisoblanadi. Albatta, farzandlarimizni komil inson qilib, ilmli qilib tarbiyalashimiz kerak. Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasbu hunarlari bilan bir qatorda axloqiy fazilatlari ham o‘sib borishi zarur. Shu jumladan, yoshlarimizning ta’lim –tarbiyasini asriy va azaliy sharqona qadriyatlarimiz va mamlakatimizning milliy mafkurasi bilan uyg‘unlashtirishimiz, aynan mana shu o‘rinda yoshlarga diniy-axloqiy bilimlarni ta’lim berish bugunning kechiktirib bo‘lmas dolzarb vazifalaridan biridir.
“Tarixga teran nazar solsak, bizlarning yetti ajdodlarimiz kim ekanini ko‘ramiz. Ne-ne buyuk daholar, mutafakkiru allomalar aynan shu siz va biz yashayotgan muqaddas Vatanda yashab o‘tganlar. Huddi ular singari ularning zurriyotlari ham hali dunyo tamadduniga o‘z hissalarini qo‘shishiga hech kim shubha qilmaydi. Chunki yoshlarimiz tomirida ajdodlarimizning qonlari oqib turibdi”.[1]
Shu bilan birga dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimizning ilmda komillik sari yetmoqlarida islom dinining ta’sirini ham alohida ta’kidlash zarur. Imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Dorimiy, imom Moturidiy Abu Mu’in Nasafiy kabi allomalar bilan bir qatorda al –Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, al-Farg‘oniy, Mahmud Zamaxshariy, al-Farobiy kabi o‘z ilmi va tafakkuri bilan dunyoni lol qoldirgan allomalarimizning yetukligi zamirida islom dini turganligi barchamizga ma’lum.
Musulmon olimlarning ilmiy merosini o‘rganishda, xossatan ta’lim sohasida diniylik bilan dunyoviylik o‘rtasidagi mantiqsiz mantiqiy nisbatning shakllanishi bizning asrimizda ro‘y berdi, desak yanglishmaymiz. Chunki, islom dini nozil qilingan davrdan to shu bizning asrimizga qadar ta’limda bu diniy ta’lim, bu dunyoviy ta’lim deb ajratilmagan.
Jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ilmlarni dunyoviy va diniyga ajratish, bu ikki ilmni bir-biridan ayro holda talqin qilish va ular o‘rtasida go‘yoki mantiqiy muvozanatni o‘rnatishga bo‘lgan intilishlar oqibati o‘sib kelayotgan yosh avlod ongi va shuurida o‘zining salbiy natijalarini nomoyon qilib bormoqda. Bu holatni zamonamizning har bir aqli raso insoni anglab yetgan. Bugungi kunda diniy va dunyoviy ta’lim uyg‘unligini tiklash zarurati, hech bir mubolag‘asiz, mamlakatning ma’naviy taqdirini hal qiluvchi omillardan biridir. Diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘unlashtirgan holda ta’lim jarayonini amaliyotga tatbiq etish kechiktirib bo‘lmas dolzarb muammolardan biri ekanligi jamiyatning aksar qismiga kunday ravshan. Voqe’likda aks etib turgan shunga bog‘liq yetarli salbiy natijalar borligiga qaramasdan hamon ta’lim-tarbiyada diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘un ravishda yosh avlodga yetkazish ota-onalar va murabbiylar orzusi bo‘lib turibdi.
Oliy maqsad yosh avlodni iymon e’tiqodini Vatan ravnaqi uchun ruhan va ma’nan komil inson etib tarbiyalash har bir ota –ona va ustoz murabbiylarimiz burchidir. Farzandlarimiz, ya’ni yosh avlod uchun sharqona – diniy va dunyoviy bilimlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan ta’lim-tarbiyani jahon andozalariga mos, fan taraqqiyoti omilari orqali yetkazish bunda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Kiritilgan vaqti: 08/05/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 18577
Chop etilgan vaqti: 11/11/2024 02:43