DINIY BAG‘RIKENGLIK BARQARORLIK KAFOLATIDIR
Ma’lumki, yurtimiz qadimdan jug‘rofiy nuqtai nazardan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani sabab, turli millat va elat vakillari azaldan bir-birlari bilan tinch-totuv, ahil-inoq bo‘lib yashab kelishgan. Hozirgi kunda ham O‘zbekiston ko‘p millatli va ko‘p dinli respublika. Istiqlol yillarida vijdon erkinligi, din va dindorlarning haq va xuquqlari masalalariga katta e’tibor berildi. Yurtimizda fuqarolar totuvligi va tinchligini saqlashda har bir din va millat teng xuquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘lishi juda muhimdir. Shuni e’tiborga olgan holda mamlakatimizning amaldagi qonunchiligi fuqarolar erkinliklarining barcha ko‘rinishlarini kafolatlaydi. Chunonchi, bosh Qonunimizda belgilab qo‘yilgan tamoyillar dinimiz ta’limoti asoslariga ham to‘la mos keladi. Qur’oni karimda “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero to‘g‘ri yo‘l yangilish yo‘ldan ajrim bo‘ldi...” (Baqara, 256-oyat) deya marhamat qilingan.
Islom dinida barcha xalqlar dini, irqi, millatidan qat’iy nazar, o‘zaro xamkor yashashga buyurilgan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam)” va bir ayol (Havo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodarrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir (Xujurat,13)
Payg‘ambarimiz Muhammad a.s. ko‘rsatmalariga ko‘ra, boshqa din vakillariga ozor berish, payg‘ambarlarimizning o‘zlariga ozor berish bilan tengdir. U zotning o‘zlari ummatlariga bag‘rikenglikning yuksak namunalarini ko‘rsatdilar.
Sahobiy Abu Zarr r.a. bir sahobani “Ey qaroning o‘g‘li”, deganlarida, “Senda johiliyat odati bor ekan!” dedilar. Bu bilan musulmon kishida irqchilik, millatchilik, mahalliychilik ko‘rinishida biror so‘z yoki harakat bo‘lmasligin ta’kidladilar.
“Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab)” chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana, 8).
Yuqoridagi oyat Islom dini qanchalar insonparvar va bag‘rikeng din ekani, o‘zga din vakillariga doimo yaxshi munosabatda bo‘lishlik lozim ekanini ko‘rsatadi.
Shunga ko‘ra Payg‘ambar a.s. boshqa din vakillari bilan tinch-totuv, jamiyat uchun manfaatli hamkorliklar asosida yashardilar.
Rasululloh (s.a.s) “Men ularni o‘zim ikrom qilishni xush ko‘raman” deb Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarga shaxsan o‘zlari xizmat qilganlar. Najron nasrolari guruhini ham o‘z masjidlariga tushurib, u yerda ibodat qilishlariga ruxsat berganlar.
Hazrati Umar (r.a.) Shomni fath etgach, nasroniylar bilan bitim tuzish uchun kelganda, namoz vaqti bo‘lib qoladi, nasroniylar hazrati Umarga namozni cherkovda o‘qishni taklif qilishadi. Hazrati Umar ularga shunday javob beradilar: “Agar men cherkovda namoz o‘qisam, musulmonlar ham menga taqlid qilib cherkovda namoz o‘qishadi. Men ketgandan so‘ng musulmonlar cherkovni sizlardan tortib olishlari ham mumkin”. Demak, islomning insoniy jihatlaridan biri-boshqa din vakillariga ziyon yetkazmaslik.
Hadisi sharifda “Alloh taolo bandalarini mol-dunyosiga, kiyadigan kiyimiga qarab emas, qalbini pokligiyu qiladigan yaxshi amaliga qaraydi” degan ma’noda musulmonlarni oqko‘ngil bo‘lishga, boshqalarga yaxshi ko‘z bilan qarab, do‘stona aloqalarini bog‘lashga da’vat qiladi.
Eng ulug‘ bayramimiz-Mustaqilligimizning 25 yilligi barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin.
Kiritilgan vaqti: 27/07/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3594
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 20:44