QOG‘OZ QADRI
Insoniyatning barcha jabhadagi taraqqiyotida beqiyos ahamiyat kasb etgan va ajdodlar ilmiy merosi avlodlar qo‘liga yetib borishida asosiy vosita bo‘ib xizmat qilgan omil – bu qog‘oz albatta. Allohning nabiysi Idris aklayhissalom insoniyat tarixida ilk bor qo‘liga yozuv qurolini olib yoza boshlaganlaridan buyon shu kunimizga qadar bu ikki ne'mat – qalam va qog‘oz vositasida insoniyat uchun misli ko‘rilmagan ulkan ma'naviy xazina yuzaga keldi.
Hatto, bugungi kompyuter asrining ham ilk ajdodlari tosh, cho‘p va teri kabi narsalar bo‘lgan davrni ham qog‘ozsiz aslo tasavvur qilib bo‘lmaydi. Alloh taolo insoniyat saodati yo‘lida uning dunyoviy ishlarda xatoga yo‘l qo‘ymasligi va haq yo‘ldan toymasligini iroda qilib barcha rasullariga o‘z ta'limotini bayon qildi. Bu ilohiy ta'limotlar ko‘p hollarda sahifalar, tosh bitiklar va ba'zan bus butun kitob holida in'om qilingani ma'lum va mashhurdir.
Endilikda qog‘oz sanoati faqatgina ilmiy maqsadlar uchun bo‘lmay ko‘plab sohalarni qamrab olgani oddiy hayotiy haqiqat. Lekin shuni ham unutmasligimiz kerakki qo‘limizga daftar yoki kitobning tayyor holiga kelguniga qadar biz bilgan – bilmagan ulkan mehnat va xarajatlar yotibdi. Buning uchun har yil katta miqdordagi o‘rmonlar kesilib bormoqda lekin qog‘ozning juda ham oz qismi qayta ishlanadi xolos. Biz bu haqiqatlar ustida taammul ila fikr yuritsak uning naqadar qimmatli va muqaddas ne'mat ekanligiga amin bo‘lamiz. Unga nisbatan bepisandlik va isrof muslmon kishining odobiga xilof ekanligini his qilamiz. Ota bobolarimiz qog‘ozni non kabi e'zoz qilganlar va “bunga xudoning nomi yoziladi” deya ehtirom qilishgan, hamda uni noshoista joylarga tushib qolishidan ehtiyot qilganlar. Agar unda yozuv bo‘lsa bu ehtirom ilmga bo‘lgan yuksak ixlos maqomida bo‘lgan.
Allohga shukrki yurtimizda dini-pokimiz Islom va uning rivoji yo‘lida mo‘min-muslmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilib berilgan. Bu yo‘lda yurtimizda turli nashriyotlar, kerakli adabiyotlar, gazeta va jurnallar chop etilmoqda. Shubhasiz, bu ulug‘ ne'matdir. Bu bizga o‘qib o‘rganib, unga amal qilish bilan bir qatorda uni asrab avaylash mas'uliyatini ham yuklaydi. Taassufki, ba'zan diniy mazmundagi adabiyotlar oyoq ostida, chiqindilar orasida va hattoki hojatxonalarda uchrab qolishi kishini mahzun qiladi.
Yaqin tarixdan ma'lumki, qatag‘on davrlarida ajdodlarimiz kitoblar dushman qo‘liga tushib, o‘zlariga stam, kitoblariga esa tahqir bo‘lmasin degan maqsadda, ularni o‘rab, sandiqlarga solib pok joylarga berkitishgan. Hech kim bosamsin deb qabristonlarga ko‘mishgan yoki katta anhorlarga oqizilgan. Bu dinga, ilmga nisbatan muqtazoi zarurat yuzasidan hisoblangan! Yana shuni bilishimiz kerakki – yozuv qog‘oziga nisbatan isrof asosan ikki xil bo‘ladi; biri unda foydasiz va jamiyat uchun zararli narsalarni yozish bo‘lsa, ikkinchisi daftarning bir qismigagina yozib qolgan sahifalari bo‘sh qolib ketishidir. Isrof esa ulkan gunohdir.
Azizlar, unutmaylik, insoniyatga ma'lum bo‘lgan bilimlarning ulkan hissasi qog‘oz vositasida me'ros bo‘lib keldi va shunday bo‘lib qoladi. Demak unga bo‘lgan ehtiorom ilm va kelajakka bo‘lgan ehtiromdir. Barchamiz ustozlar ko‘magida savodimizni oppoq sahifalarni qoralab chiqarganmiz. Savod – bu arab tilida qoralik, ya'nikim jaholat, qorong‘ulik, zulmat ma'nolarini bildiradi. Jaholat bizdan ketishi, uning o‘rnini ilm-ma'rifat atalmish ziyo egallashi uchun o‘zini bag‘ishlagan ulug‘ ne'mat qadriga yetmoq barchamiz uchun muhumdir.
Samariddin ABULSAIDOV, Toyloq tumani “Jumabozor” Jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 10/10/2019 13:04; Ko‘rilganligi: 1416
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:06