O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

BUZG‘UNCHI ISLOHOTCHILAR

 
 

Asosiy qonunimizda vijdon erkinligi kafolatlanadi. Muborak haj va umra safarini ixtiyor etganlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Masjid va madrasalar soni ehtiyojga yarasha ko‘paytirildi. Afsuski, bu ne’matlardan foydalana turib, noshukrlik qiladigan, g‘animlarimiz nog‘orasiga o‘ynaydigan, o‘z yurtiga qarata tosh otadigan nobakor shaxslar ham yo‘q emas. Ayniqsa, dunyoning turli davlatlarida bo‘lgani kabi bizning mamlakatimizda ham turli ekstremistik, aqidaparast va mutaassib oqimlarning botil aqidalariga ergashib, zalolat botqog‘iga botib qolgan kimsalarning borligi kishini ranjitadi. Vaholanki, Islom ta’limoti buzg‘unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug‘larini sochishni qattiq qoralaydi.

Alloh taolo Qur’oni karimda xitob qilib shunday deydi: “... Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!(dedik) (Baqara, 60). Shunday bo‘lgach, o‘zlari “chin” musulmonlikni davo qilayotgan terrorchilar yoshlarni o‘z ota-onasi, vatani, xalqiga qarshi qurol ko‘tarishga chaqirayotgani qaysi tamoyilga to‘g‘ri keladi?!

Terrorchilar Islom dinini niqob qilib olib “biz islohotchilarmiz”,- deya o‘zlarining vayronkor g‘oyalariga ergashmaganlarni “adashganlar” deya butun bir mamlakatni xonavayron qilmoqdalar. Notinch yurtlarda aholi, xususan qariyalar, ayollar o‘limi to‘xtamayapti. Natijada yetimlar ko‘payib, bir paytlar buyuk tamaddun beshiklari bo‘lgan o‘lkalar xarobaga aylanmoqda. Insonlar yaxshi niyatlar ila o‘z qo‘llari bilan qurgan uylarini tashlab o‘zga yurtlarda xor bo‘lib yurishga majbur bo‘lmoqdalar. Vohalanki, Alloh buzg‘unchilarni sevmasligini bunday harakatlar muborak dinimiz ta’limotiga mutlaqo zid ekanini Qur’oni karim oyatlari hadisi shariflar va ulamolarning fikirlaridan ham anglash mumkin. Alloh taolo: “Ularga Yer yuzida fasod buzg‘unchilik qilmangiz!- deyilsa, ular “Albatta, biz islohotchilarmiz”,- deydilar. “Ogoh bo‘linki, aynan ularning o‘zlari buzg‘unchilardir, lekin (buni o‘zlari) sezmaydilar” ( Baqara, 11-12),- deya ta’kidlagan.

Ana shunday vaziyatda yoshlarni internetdan to‘g‘ri, ishonchli va zararsiz ma’lumotlarni olishga o‘rgatish kerak. Yaxshi yomonni farqiga bormagan yoshlar internet orqali tarqatilgan har qanday ma’lumot-xabarlarni haqiqat deb qabul qilayotgani jiddiy xavotirga soladi. Bu borada Qur’oni karimda: “Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun u xabarni aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz! (Hujurot, 6)- deyiladi. Ushbu oyatning tafsirida ulomolar bu vaziyatda o‘sha ma’lumotning xaqiqat ekani ma’lum bo‘lgunicha kutish lozimligi, uni shoshib qabul qilish mumkin emasligini aytadilar.


Kiritilgan vaqti: 04/10/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2814
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/buzgunchi-islohotchilar
Chop etilgan vaqti: 10/11/2024 20:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing